4 oyda eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil ma’lum qilindi

Yilning yanvar – aprel oylarida O‘zbekistonda Cobalt avtomobili 44,7 ming dona ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,3% ga oshgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Mahalliy bozorda ikkinchi o‘rinni 30 mingga yaqin ishlab chiqarish bilan Damas egalladi. Bu ko‘rsatkich yillik hisobda 28,9% ga oshdi.

Uchinchi o‘rinda esa Chevrolet Onix joy oldi. Bu modeldan 15,2 ming dona ishlab chiqarilib, o‘tgan yilga nisbatan 31,6% lik o‘sishga erishildi.

Umuman olganda, yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 4 oyda 6,9% ga oshib, 122,4 ming donani tashkil etdi. Yuk avtomobillari ishlab chiqarish esa 19,6% ga ko‘payib, 1,2 ming donaga yetdi.

Shuningdek, bu davrda dvigatellar va ixtisoslashtirilgan avtomobillar ishlab chiqarish hajmi ham ortgani kuzatildi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar – mart oylarida ikkilamchi bozorda Cobalt avtomobilining o‘rtacha foydalanilgani $339 ga ($12,3 mingdan $12 mingga), ko‘p foydalanilgani $100 ga ($11,6 mingdan $11,5 mingga), kam foydalanilgani $70 ga ($12,75 mingdan $12,68 mingga) pasaygan.

Back To Top