Toshkentda yo‘l chetidagi pulli avtoturargohlar qanday ishlaydi va undan tushgan pul qayerga ketadi?

8-maydan boshlab Toshkent shahrining oltita ko‘chasida pulli avtoturargohlar tizimi joriy etiladi. Bu haqda 5-may kuni tizim operatori hisoblangan StreetPark Systems kompaniyasi vakillari matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Loyihaning birinchi bosqichida pulli avtoturargohlar Amir Temur xiyoboni aylanmasi, Istiqbol, Zarafshon, Buxoro, shuningdek, Shahrisabz va Mirobod ko‘chalarini qamrab oladi. Jami avtoturargohlar soni 680 tani tashkil etadi. hozir ushbu hududlarda ma’lumot yozilgan peshlavha, 5.15.1 (Pulli to‘xtab turish joyi) va 3.27 (To‘xtash taqiqlangan) yo‘l belgilari o‘rnatilib, maxsus belgilar qo‘yilmoqda.

Belgilarga e’tibor bermay to‘xtab turgan mashina inspektorlar va kameralar tomonidan nazoratga olinadi.

Kompaniyaning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 30-mayga qadar pulli to‘xtash zonasi yana 15 ta ko‘chaga ko‘payadi. Iyul oyi oxiriga qadar tizim yana 30 ta ko‘chani qamrab oladi, sentabrgacha esa avvalroq e’lon qilingan poytaxtdagi 86 ta ko‘cha rejaga ko‘ra 13 208 ta avtoturargoh bilan birlashtiriladi.

Pulli to‘xtash joylari uchun tarif zonalari belgilangan. U mashinaning to‘xtab turishi soatiga qarab turli miqdorlarda ranglar bo‘yicha ajratiladi: qizil zona — 12 000 so‘m, olovrang — 10 000 so‘m, yashil — 8 000 so‘m, ko‘k — 6 000 so‘m, binafsha rang — 5 000 so‘m. Avtoturargoh uchun to‘lovni Poytaxt parking mobil ilovasi, Paynet qurilmasi, shuningdek, Payme, Click, UzumBank va boshqa elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish mumkin.

StreetPark Systems direktori Qudratbek Yoqubovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya ishlab chiqqan mobil ilovada bepul to‘xtash joylarini ham topish mumkin. U 10-maygacha App Store va Google Play’da paydo bo‘ladi.

Barcha to‘xtash joylarining taxminan 5 foizi nogironligi borlar uchun ajratilgan — bu zonalar tegishli belgilar bilan jihozlanadi va ularda ruxsatsiz to‘xtash amaldagi qoidalarga muvofiq jarimaga sabab bo‘ladi. Tez yordam va shoshilinch xizmatlar uchun to‘xtash joylari bepul xizmat qiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pulli to‘xtash joyi uchun to‘lovni amalga oshirmaganlik uchun jarima to‘lash bandi yo‘qligi sababli yaqin vaqt ichida to‘xtash uchun to‘lovni to‘lamagan haydovchilar jarimaga tortilmaydi, dedi kompaniya loyiha rahbari Akmal Yusupov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, StreetPark Systems kompaniyasi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish kiritish bo‘yicha Toshkent hokimligiga taklif kiritgan. Shahar hokimligi, o‘z navbatida, bu borada qonun loyihasi tashabbusi bilan chiqmoqda. Qonunga tuzatishlar 2025-yilning 3−4-choragida kiritilishi kutilmoqda.

“Hozirda kompaniyaning ustuvor vazifasi haydovchilarga to‘xtash joyi uchun haq to‘lashni o‘rgatish, ularga bu tizim nima ekanini, mashinani qo‘yish qoidalari bo‘yicha tushuntirish berishdan iborat”, — deydi Akmal Yusupov.

Bu vazifani planshetlar bilan jihozlangan inspektorlari amalga oshiradi. Bugungi kunga qadar korxonada 8 nafar mutaxassis tayyorlandi. Yoz oxirigacha ularning sonini 50 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Ular barcha 86 ko‘chada to‘xtash joylarini nazorat qilishlari kutilmoqda.

Kelgusida foydalanuvchilar yangilikka ko‘nikib qolganlarida qo‘shimcha tariflar va qulay variantlar — tungi, kunduzi, bayram va dam olish kunlari uchun tariflarini joriy etish rejalashtirilgan.

2026-yil oxirigacha pulli avtoturargohlar sonini 38,6 mingtaga, 2030-yilga borib esa 84 mingtaga yetkazish kutilmoqda.

Pullik avtoturargohdan tushgan daromad qayerga yo‘naltiriladi?

StreetPark Systems tomonidan 13 208 ta avtoturargohga mo‘ljallangan yer uchastkasini ijaraga berish uchun har yili Toshkent shahar hokimligi balansiga 63 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazib beriladi. Ilovadan foydalanganlik uchun kompaniya shaharga yiliga yana 9 milliard so‘m to‘laydi.

Tizim ishga tushgan birinchi yilda kompaniya Toshkent yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga 55 milliard so‘m o‘tkazadi. Uchinchi yilda esa jarima va haydovchilik intizomini joriy etish hisobiga bu miqdor yiliga 120 milliard so‘mgacha oshadi. Mablag‘lar shahar infratuzilmasini rivojlantirish: yo‘llarni qurish va ta’mirlash, jamoat transportini rivojlantirish va ko‘chalarni obodonlashtirishga yo‘naltiriladi.

Tariflarni to‘lamaganlik uchun jarima undirishdan olinadigan o‘rtacha daromad yiliga 44 milliard so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Ushbu mablag‘larni taqsimlash qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar noaniqligicha qolmoqda.

Kompaniyaning soliq imtiyozlari (QQS va daromad solig‘i) birinchi yilda 8,5 milliard so‘mni tashkil qiladi. Kelgusida bu miqdor oshishi kutilmoqda.

StreetPark Systems loyihani ishga tushirish uchun 10 million dollar sarmoya kiritgan. Mablag‘lar dasturiy ta’minot, jumladan, mobil ilova, qoidabuzarliklarni monitoring qilish tizimi va davlat organlari tizimlari bilan integratsiyani ishlab chiqishga yo‘naltirildi. Kompaniya shuningdek, yo‘l harakati boshqaruvi loyihalarini ishlab chiqish, asfalt qoplamasi va bordyurlarni qo‘yish, yo‘l belgilarini o‘rnatish va videokuzatuv kameralarini ishlab chiqishga sarmoya kiritgan.

Back To Top