Umid xonachasi – tizimni o‘zgartirgan loyiha. “Tvori Dobro” – Andijon harakati asoschisi Gavxaroybonu Abdukarimova bilan suhbat

Gavxaroybonu Abdukarimova haqida gapirganda odam bir narsani tez anglaydi. Bu hikoya chiroyli so‘zlarga emas, ichki ishonch va ko‘rgan og‘riqlardan tug‘ilgan mas’uliyatga tayangan. Qayerda bolaning qo‘rquvi boshlansa, kattalar shu yerga yorug‘lik olib kirishi kerak degan qarash qahramonimiz tanlagan yo‘lning asosida yotadi.

Gavxaroybonu Andijonda, sharoitlari haminqadar, lekin ulkan orzularga to‘la hududda ulg‘aygan. U juda erta ishlashni boshladi, dars berdi, loyihalar yaratdi. Ammo o‘z yo‘lini aniqroq anglashi onkologiya bo‘limida olib borgan ilmiy ishlari bilan bog‘liq.

Bu yerda u onkologik kasallik bilan kurashayotgan bolalarning qanday og‘riqlarni boshdan kechirayotganiga guvoh bo‘ldi, bundan qattiq ta’sirlandi. Bemor bolalar uchun odatiy jismoniy faollik cheklangan — yugurish, o‘ynash, yangi narsani o‘rganish, kreativ mashg‘ulotlar va hokazo. Ularning asosiy vaqti shifoxonaning zerikarli, rangsiz, sukunatga to‘la xonalarida o‘tadi. O‘yinchoqsiz, shovqinsiz, rangsiz muhit esa ruhiy holatni yanada og‘irlashtiradi, davolanish jarayonini qiyinlashtiradi.

Shunda Gavxaroybonuda bir fikr tug‘ildi. Agar bola kasallik bilan kurashayotgan bo‘lsa, demak bu kurashda u yolg‘iz bo‘lmasligi kerak. Uning atrofida hayot, rang, rivojlanish bo‘lishi shart. O‘sha paytda u boshqacha yo‘nalishdagi — kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotning faol a’zosi edi. Shu tashkilot orqali u juda ko‘p oilalarning qanday yashashini, qanday qiyinchiliklarga duch kelishini ko‘rgan. U o‘zi amaliyot o‘taydigan bo‘limdagi koordinatoridan nuqul bir savolni so‘rardi: “Biz bolalar uchun biror narsa qila olamiz? Aynan onkologiya bo‘limida”.

Ko‘p o‘tmay Andijondagi Furqat bolalar shifoxonasi bilan aloqa o‘rnatib, ularga loyihani tushuntirishdi, hamkorlik taklif qilishdi. Shifoxona rahbariyati bunga rozilik bildirdi. Shundan so‘ng Gavxaroybonu va uning jamoasi o‘z ishini boshladi.

2020-yilda Furqat bo‘limidagi onkogematologiya xonasida yorqin, interaktiv bolalar xonasi ochildi. Devorlar turili yorqin ranglarga bo‘yaldi, yumshoq pol o‘rnatildi, interaktiv o‘yinlar, intellektual rivojlantiruvchi materiallar, kreativ jihozlar joylashtirildi. Ushbu mo‘jaz xona aynan bemor bolalarning ko‘nglini ko‘taradigan, uni kasallikdan chalg‘itgan muhitni yaratish uchun qayta jihozlandi.

Har shanba va yakshanba kuni xonaga maxsus tayyorlangan ko‘ngillilar kelishardi. Ular bolalar bilan interaktiv o‘yinlar, mashg‘ulotlar o‘tkazishar, ijodiy vazifalar bajarishar, guruhlarga  bo‘linib qiziqarli o‘yinlarni boshlashardi. Bu shunchaki o‘yin emas, balki bolaga muolajadan keyingi charchoqlarni biroz bo‘lsa-da unutish, o‘zini yana boladek his qilish imkoniyati edi.

Ushbu jarayondan bolajonlarning ota-onalari ham chetda qolmaydi, albatta. Qo‘shni xonada professional psixolog bemorlarning ota-onalar bilan ishlaydi. Ularning ruhiy bosimi, qo‘rquvi, charchog‘i ko‘pincha bolanikidan ham og‘ir bo‘ladi. Shuning uchun psixolog ularni tinglaydi, qo‘llab-quvvatlaydi, ulardagi stressni kamaytirishga yordam beradi. «Tvori Dobro» loyihasi ishlab chiqilganda ushbu omillar ham hisobga olingan

Natijada tizimda yillar davomida yo‘q bo‘lib kelgan muvozanat qayta tiklandi.

Bolalar — o‘ynar, ota-onalar o‘zlarini ruhan tiklab olishar edi. Bo‘lim esa — qayta jonlandi. Avvalgi zerikarli, yurakni siqadigan sukunatdan asar ham yo‘q.

«Biz xonani o‘yin uchun yaratdik, lekin u kelganlarni ruhan qayta tiklaydigan iliq bir maskanga aylandi», — deydi Gavxaroybonu.

Kulgi, shovqin, o‘yinlar — onkologiya bo‘limlariga anchadan beri eshitilmayotgan ovozlar — qaytdi. Shifokorlar bolalar bilan muloqotda yengillik sezdi, chunki qo‘rquv kamaydi. Ota-onalar esa uzoq davom etadigan davolanish marafonini ruhiy kuch bilan yengishga imkon topdi. “Tvori Dobro” esa shu kichik bir xonadan kengayishni boshladi, o‘nlab ko‘ngillilar harakatga qo‘shildi, yangi tashabbuslar tug‘ildi, yordam ko‘lami kengaydi.

Ko‘ngillilar bolalar uchun hayotga to‘la makon qurayotgan paytda, Gavxaroybonu o‘z ilmiy faoliyatini davom ettririshga chuqir kirishdi. Yosh qahramonimiz yuzdan ortiq operatsiyalarda assistentlik qildi, klinik ma’lumotlar to‘pladi, immun javob va T-hujayralar faolligini o‘rgandi, o‘smalarning tabiati ustida ishladi. Shular uni immunoonkologiya sari olib kirdi va u buyog‘iga ushbu yo‘nalishda qat’iy davom etmoqchi.

Bugun Gavxaroybonuning maqsadi aniq. Bolalar onkologiyasida shunday model yaratish kerakki, davolash faqat dori emas, balki bolaning ruhiy holati, rivojlanishi, xavfsiz muhit va ota-onalarning qo‘llab-quvvatlanishi bilan birgalikda amalga oshsin. «Men bitta narsani bilaman. Bola kulayotgan bo‘lsa — bu ham davolanishning bir qismidir», — deydi u.

Kulgi xonachasi boshlang‘ich nuqta edi. «Tvori Dobro» — uning davomi. Bu yo‘l hali davom etadi.

Back To Top