Bolalar nafaqasi miqdori oshdi, lekin oluvchilar 2 barobar qisqardi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy yordamlar, ayniqsa bolali oilalarga to‘lanadigan nafaqalar soni va hajmida keskin o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Davlat statistikasiga ko‘ra, 2024–2025-yillar oralig‘ida bolalar nafaqasi oluvchilar soni deyarli ikki baravarga kamaydi.

Raqamlar nima deydi?

2024-yilning yanvarida 1,9 million oila bolalar nafaqasi olgan bo‘lsa, mart oyida bu raqam 1,5 millionga tushdi. 2025-yilning birinchi choragida esa bor-yo‘g‘i 774 ming oila nafaqa oldi. Bu degani — bir yil ichida 1,1 million oila endi bu ijtimoiy yordamdan foydalana olmayapti.

Moliyaviy ko‘rsatkichlar ham shunga mos: 2024-yanvarida 888,7 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2025-1-choragida bu miqdor 1,16 trln so‘mni tashkil qilgan. Qiziq jihati — oilalar soni kamaygan bo‘lsa-da, umumiy to‘lov miqdori yuqoriligicha qolgan. Bu esa to‘lov miqdorining oshirilganini bildiradi.

Statistikaga ko’ra, 2024-yil yanvaridan joriy yil apreligacha 1 mln 158 mingta oilaga bola puli to‘lash to‘xtatilganini ko‘rish mumkin. To‘lov miqdori ham bir yil avvalgi deyarli 900 mlrd so‘mdan 361 mlrd so‘mgacha kamaytirilgan.

Qaysi hududlarda eng katta qisqarish bo‘ldi?

Eng ko‘p qisqarish Qashqadaryo viloyatida: 2024-yanvardagi 225 ming o‘rin 2025-martda 46 mingga tushgan. Bu holat boshqa yirik viloyatlarda — Samarqand 66% (233 940 → 79 171 oila), Namangan (206 766 tadan 82 331 taga), Farg‘ona (221 031 tadan 94 884 taga), Andijon 72% (188 721 → 53 494 oila) va Surxondaryoda (203 000 tadan 76 875 taga) ham kuzatilmoqda.

Hudud2024-yil yanvar2025-yil mart
Toshkent sh.29 40818 602
Xorazm viloyati40 31430 514
Farg‘ona viloyati221 03194 884
Toshkent viloyati82 97241 704
Sirdaryo viloyati51 66016 509
Surxondaryo viloyati203 00076 875
Samarqand viloyati233 94079 171
Namangan viloyati206 76682 331
Navoiy viloyati37 04317 664
Qashqadaryo viloyati225 88643 900
Jizzax viloyati93 91534 790
Buxoro viloyati74 45426 532
Andijon viloyati188 72153 494
Qoraqalpog‘iston123 47549 139

Nafaqalar miqdori oshiriladi

2021-yil 1-sentabrdan buyon (3,5 yildan ortiq) vaqt davomida bolalar nafaqasi miqdori o’zgarmagan. 2025-yil iyuldan esa 10% ga oshirilishi belgilandi.

Hozir mamlakatda bolalar nafaqasi yoshga qarab quyidagi miqdorlarda to‘lanmoqda:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar bolaga — 325 000 so‘m (iyuldan 360 000 so‘m bo‘ladi);
  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir farzandga — 250 000 so‘m (iyuldan 275 000 so‘m);
  • oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha — 150 000 so‘m (165 000 so‘m);
  • uchinchi va undan keyingi har bir bolaga — 100 000 so‘mdan (iyuldan 110 000 so‘m).
Back To Top