Bank qutichasi nima? Bilasizmi?

Bank qutichasi nima? U qanday himoyalangan? Undan nima maqsadda foydalaniladi? Hozir shu savollarga javoblarni sanab oʻtamiz!

Bank qutichasi (yacheykalari) — mijozlarning qimmatbaho buyum, qogʻoz yoki mablagʻlari xavfsiz saqlanadigan joy.

Qutilar xuddi seyflar kabi boʻlib, uning eshigi bankning bunga masʼul xodimi hamda mulk egasi tomonidan qulflanib, signalizatsiya bilan jihozlangan boʻladi.

Unda nima saqlanadi?

Mijozlar yacheykalarga qimmatbaho buyum, hujjat yoki mablagʻlarini xotirjam ishonib qoldirishi mumkin. Chunki ular zamonaviy texnik vositalar bilan ishonchli himoyalangan boʻladi.

Bank yacheykalaridan jismoniy shaxslar ham, yuridik shaxslar ham uzoq muddatli yoki dam olish safarlariga ketayotganda foydalanishi mumkin.

Bunda seyflar mijoz tomonidan ijaraga olinadi va bu uchun toʻlov qilinadi. Shundan keyin mulk egasi undan istalgan vaqtida foydalanishi mumkin boʻladi.

Buning uchun nima qilish kerak?

Qutichalardan foydalanish uchun ijarachi pasport yoki ID bilan bankka murojaat qilishi kerak.

Qutilarning ijara miqdori, mulkning uzunlik, kenglik va chuqurlik kabi parametrlarga asoslanib, belgilanadi.

Nimalarni bank yacheykalariga qoʻyib boʻlmaydi?

  • Yonuvchan, portlovchi, giyohvand, radioaktiv, kimyoviy moddalar, qurol-aslahalar;
  • Atrofdagilarga va bank xodimlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalar va materiallar;
  • Ozuqa mahsulotlari

Bank yacheykalaridagi pullar omonatlardan farqli oʻlaroq, foiz daromadlari olib kelmaydi. Shuning uchun ham pullarni u yerda uzoq muddat saqlash inflyatsiya omili sabab, zararli boʻlishi mumkin.

Ma’lumot uchun, bank yacheykalari xizmati barcha tijorat banklarida ham mavjud emas.

Back To Top