
«Faqat bugun!», «70% chegirma!», «O‘tkazib yubormang!» — bunday shiorlarni deyarli har kuni ko‘ramiz: do‘konlar peshtoqida, internet reklamalarida yoki telefonimizdagi xabarnomalarda. Bu chegirmalar bizni xarid qilishga undaydi. Ammo shu savol o‘rinli: chegirmalar — haqiqiy foydami yoki marketing illyuziyasi?
Chegirma nima va qanday ishlaydi?
Chegirma bu — asl narxdan muayyan foizda tushirilgan narx taklifidir. Ammo ko‘p hollarda mahsulot aslida hech qachon eski narxda sotilmagan bo‘ladi. Ya’ni «eski narx» faqat marketing vositasi sifatida ko‘rsatiladi, real bozor bahosi esa chegirmadan keyingi narx bilan teng bo‘lishi mumkin.
Maslan, 300 ming so‘mlik poyabzalga “eski narxi — 500 ming so‘m” deb yoziladi. Xaridor buni 200 ming so‘mlik foyda deb o‘ylaydi, aslida esa mahsulot doimo 300 ming so‘m atrofida bo‘lgan.
Psixologik tuzoq (FOMO)
Iqtisodchilar va psixologlar odamlar chegirma ko‘rganida yo‘qotishdan qo‘rqadi, deb ta’kidlaydi. Bu hodisa “FOMO” (Fear of Missing Out — biror narsani o‘tkazib yuborish qo‘rquvi) deb ataladi. Odamlar mahsulot kerakmi-yo‘qmi degan savoldan ko‘ra, chegirma tugab qolishidan xavotirlanadi.
Shu sababli, hatto rejada bo‘lmagan xaridlar ham “foyda” uchun amalga oshiriladi. Biroq bu ularning zarariga ishlaydi.
Haqiqiy foydani qanday aniqlash mumkin?
Chegirma haqiqiy foyda bo‘lishi uchun quyidagilarni hisobga olish kerak:
- Oldindan rejalashtirilgan xaridmi? Agar bu mahsulotni allaqachon sotib olishni rejalashtirgan bo‘lsangiz va chegirma unga to‘g‘ri kelsa — foyda siz tomonda.
- Asl narxi haqiqatdan yuqorimi? Shu mahsulotni boshqa do‘konlarda yoki onlayn platformalarda solishtirib ko‘rish kerak.
- Budjetga zarar qilmayaptimi? Chegirma uchun kredit karta ishlatish yoki qarz olish — bu foyda emas, moliyaviy xatarlarga olib boradi.
Chegirma strategiyasida kim yutadi?
- Savdogar yutadi, chunki ko‘proq mahsulot sotadi.
- Marketingchilar yutadi, chunki siz ularga reklama xarajatlarini qoplaydigan daromad keltirasiz.
- Aqlli xaridor yutadi, agar u haqiqiy ehtiyoj va haqiqiy narxni ajrata olsa.
Masalan, ayrim onlayn do‘konlar «Black Friday»da 80% chegirma e’lon qilgan, ammo xaridorlar mahsulotlar real narxini ilgariroq ko‘rib chiqqanida, narxlar oldin oshirilgan va keyin tushirilganini aniqlashgan. Bu esa chegirmalar ko‘p hollarda manipulyatsiya vositasi ekanini ko‘rsatadi.
Chegirmalar butunlay yomon emas — ular to‘g‘ri ishlatilsa, haqiqatan foyda keltirishi mumkin. Ammo ularni moliyaviy savodxonlik bilan baholash kerak. Esda tuting: chegirma sizni emas, siz chegirmani boshqarishingiz kerak.
Shuningdek, shaxsiy budjetni izdan chiqaruvchi 3 odat haqida ham bilib olishingizni tavsiya qilamiz.