
2024-yilda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish 399,2 mingtani tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan atigi 0,9% ga ko‘p. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Oldingi ikki yildagi jadal o‘sishdan so‘ng ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati sezilarli darajada sekinlashdi.
Avtomobil importi o‘tgan yili 2023-yilga nisbatan 7,1% ga pastladi. Joriy yilning birinchi choragida yetkazib berish hajmi uch barobardan ziyod kamaydi.
Salbiy dinamika ikkilamchi bozorga ham ta’sir ko‘rsatdi: avtomobil oldi-sotdisi bo‘yicha bitimlar soni 32,9% ga kamayib, 810 mingtani tashkil etdi.
Eng ko‘p takliflar hamon yirik avtomobil bozorlari joylashgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qayd etilmoqda. Markaziy bank buni talabning pasayishi, aholi xarid qobiliyatining pasayishi va mavsumiy omillar bilan izohlamoqda.
Markaziy bank elektromobillar importining keskin kamayishini O‘zbekistonda ularni olib kirishni tartibga solish va qat’iylashtirish choralari joriy etilgani bilan izohladi.
Shuningdek, 2023-yil mart oyidan boshlab yangi avtomobillar narxlari indekslarining ham milliy, ham xorijiy valyutada sezilarli darajada pasaygan.
Keyingi davrda so‘mda narxlar o‘sa boshladi, biroq dollarda umumiy pasayish tendensiyasi saqlanib qoldi. Markaziy bank kuzatuvlariga ko‘ra, 2025-yildan boshlab narxlar o‘sish tendensiyasini ko‘rsata boshladi.
Joriy yilning mart oyida ikkilamchi bozorda yangi avtomobillar narxi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda so‘mda 4,7% ga, dollarda 1,6% ga oshgan. Regulyatorning baholashicha, bunday dinamika mamlakat ichida yangi mashinalarga bo‘lgan yuqori talab fonida import hajmining pasayishi bilan izohlanadi.
Foydalanilgan avtomobillar narxlari ko‘proq diversifikatsiyalangan dinamikani ko‘rsatdi. Dollarda ular 2023-yil sentabrigacha, so‘mda esa 2024-yil o‘rtalarigacha bazaviy darajadan yuqori bo‘lib qoldi. Keyinchalik ikkala holatda ham asta-sekin pasayish boshlandi. Markaziy bank buni iste’molchilarning yangi avtomobillarga qiziqishi ortib borayotgani bilan bog‘lamoqda.
Avtomobil sotib olayotganda haydovchilar ko‘proq sifat, kafolatli xizmat ko‘rsatish, tejamkorlik va zamonaviy texnologiyalarga e’tibor berishadi. Bundan tashqari, kredit va lizing dasturlari odatda asosan yangi avtomobillarga nisbatan qo‘llaniladi, bu ham ushbu segmentda talabning oshishiga yordam beradi.