
Bugun, 26-may kuni prezident raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda 2024-yilda zargarlikda ishlab chiqarish $200 mlndan oshgani, eksport 17% ga o‘sib, $92 mlnga yetgani ta’kidlandi. Mamlakatda yiliga 100 tonnadan ziyod oltin qazib olinayotgani bilan imkoniyatlarning o‘ndan biri ham ishga solinmayotgani qayd etildi.
Sohada “xufiyona” iqtisodiyot ulushi yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi. Yiliga $550−600 mlnik buyumlar norasmiy tilla bozorlarida aylanmoqda, mustaqil izlovchilar 2020-yilda 40 kg oltin topshirgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu 100 barobar kamaygan.
Davlat rahbari sohani “soya”dan chiqarish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tilla buyumlari bilan savdo qilishga ruxsat berish bo‘yicha bildirilgan taklifni ma’qulladi. Mutasaddilarga joylardagi norasmiy zargarlik rastalarini zamonaviy ko‘rinishga keltirib, ularning faoliyatini qonuniylashtirish topshirildi.
Zargarlikda milliy brend yaratish uchun xorijdan dizayner, texnolog, qimmatbaho toshlar bilan ishlaydigan gemmologlarni olib kelish xarajatining $2,5 minggacha qismi qoplab beriladi. Bunda zargarlar kamida 5 nafar shogird chiqarishi shart.
Zargarlikda ham sanoat usuliga o‘tib, ichki bozorni himoya qilish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash vaqti kelgani qayd etildi. Buning uchun zargarlik sanoatida ishlatiladigan uskunalar va ularni butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi.
NKMK va OKMKdan oltinni bo‘lib to‘lash asosida sotib olish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi. Joriy yilda birjaga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnaga oshiriladi.
Nufuzli brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning dizayni va qolipini olib kelish xarajatining $30 minggacha qismi qoplab beriladi.
Xorijiy tajriba asosida Yakkasaroy tumani, Andijon va Xivada ochilgan zargarlik markazlari mamlakat bo‘yicha barpo qilinishi belgilandi. Mutasaddilarga joriy yilning o‘zida xomashyo, laboratoriya, o‘quv markazi, shou-rum va do‘konlari bir joyda bo‘lgan yana 6 ta markazni ishga tushirish, xorijiy dizayner va texnologlarni jalb qilib, zargarlarni o‘qitish topshirildi.
Yangi zargarlik markazlari ishga tushgan Toshkent shahri, Andijon va Xorazmda, bu yil bunday markazlar ochilishi reja qilingan Buxoro, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida hamda qolgan hududlarda ehtiyojdan kelib chiqib oltin zaxirasi yaratiladi.
“Ochiq aytish kerak, tartib-intizom, shaffof tizim bo‘lmagan sohada “katta sakrash” qilib bo‘lmaydi. Shuncha sharoitdan keyin ham “soya»da ishlayotganlarga nisbatan qonun ustuvorligi ta’minlanadi”, — dedi prezident.
Asillik inspeksiyasi Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura bilan birgalikda zargarlik sohasida qat’iy nazorat o‘rnatishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlar zargarlik buyumini Asillik inspeksiyasidan tamg‘alatib, kirim qilishiga bir oy vaqt beriladi.
Mutasaddilarga sohani chuqur tahlil qilib, “xomashyo — ishlab chiqarish — savdo” zanjiridagi barcha ishtirokchilarni “soya”dan chiqib ishlashini rag‘batlantiradigan tizim ishlab chiqish topshirildi.