
Telegram messenjeri o‘tgan yilda katta muvaffaqiyatga erishdi. Kompaniya 2024-yilni $540 million sof foyda bilan yakunladi. Umumiy daromad esa $1,4 milliardga yetdi — bu avvalgi yilga qaraganda to‘rt baravar ko‘p.
Fransiyada Telegram asoschisi Pavel Durovga qarshi jinoiy ish ochilgan bo‘lsa-da, bu holat kompaniyaning daromadiga ta’sir qilmagan. Uni platformada noqonuniy va zararli kontentni to‘liq nazorat qilmagani uchun ayblashmoqda.
Hozir Telegram $1,5 milliardlik obligatsiyalar chiqarishga tayyorlanyapti. Bu pul avvalgi qarzlarni yopish uchun ishlatiladi.
Shuningdek, agar Telegram kelajakda aksiyalarini sotuvga chiqarsa (IPO), ularga 20% chegirma bilan sotib olish imkoniyati berilishi mumkin.
Telegram daromadining yarmi messenjer ichida ishlaydigan mini-ilovalar va Toncoin kriptovalyutasi bilan bog‘liq loyihalardan kelgan.
Bundan tashqari, kompaniya reklamadan $250 million, pullik Premium obunalardan esa $292 million daromad topgan.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Telegram ilovasi foydalanuvchilari 1 mlrdga yetgani haqida xabar bergan edik.