
“Avtooyna” MChJning 100% lik davlat ulushi xususiy korxonaga 200,5 mlrd so‘mga sotildi. Bu joriy kurs bo‘yicha $15,5 mlnni tashkil etadi.
Xaridor “Uet Invest” MChJ hisoblanadi. “Avtooyna” korxonasini sotib olishga 8 ta investor qiziqish bildirgandi. Shulardan 4 tasi rasmiy taklif yubordi.
Natijada eng yaxshi taklifni bergan “Uet Invest” MChJ g‘olib deb topildi.

Endi kompaniya amaldagi qonunlarga ko‘ra xarid summasining 35% ini 1 oy ichida to‘lashi lozim.
Shuningdek, “Avtooyna” korxonasining amaldagi faoliyatini 10 yil davomida saqlab qolish va “General Motors” bilan tuzilgan kelishuvlarga rioya qilish kabi shartlarni ham bajarishga rozilik bildirdi.
Ma’lumot uchun, xaridor kompaniya “Uet construction” MChJ ta’sischiligida tashkil etilgan.

Hozirda xaridor kompaniyaning 76,95% iga Xurdiyor Artikbayev, 23,5% iga esa “Uet construction” MChJ egalik qiladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’lum qilishicha, “Uet construction” kompaniyasi sanoat inshootlari, yo‘llar, nasos stansiyalari, aeroportlar, ko‘priklar, ko‘chmas mulk va fuqarolik infratuzilmalari kabi yo‘nalishlarda loyihalash, xarid va qurilish xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.