
Prezident Mirziyoyev 16-may kuni avtomobil yo‘llarida harakatlanish tartibini yanada takomillashtirish, haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish haqidagi qarorni imzoladi.
1-iyundan yo‘l chiziqlarini bosgan haydovchilarga radarlar orqali jarima yozilmaydi
1-iyundan yo‘l chiziqlarini bosgan haydovchilarga radarlar orqali jarima yozilmaydi
Hujjat bilan joriy yilning 1-iyunidan yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i — “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) bundan mustasno.
Ya’ni, haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin, YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Joriy yilning 1-iyunidan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kuchga kiradi. Bungacha E-jarimaball moduli ishlab chiqilib, haydovchilarga to‘plangan ballari haqida SMS-xabar orqali ogohlantirish berib boriladi.
1-iyundan ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlar kechasi qilinadi
Ya’ni shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi.
Ta’mirlash va yo‘l chiziqlarini yangilash ishlari endi kunduzi emas, faqat kechasi — yo‘llardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi.
1-sentabrdan “Radar” yo‘l belgisini o‘rnatish majburiy bo‘ladi
Yangi tartibga ko‘ra, radar o‘rnatilgan joylardan kamida 250 metr, ammo 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan masofada ushbu yo‘l belgisi joylashtiriladi.
“A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi
Xususan, soat 23.00 dan 06.00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat berildi.
Avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni «A» harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining harakatlanishi bungacha taqiqlangandi.