
Aprel oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida savdo hajmi mart oyiga nisbatan 20% ga oshib, 24 mingta bitimdan oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda.
Mamlakatning barcha hududlarida ijobiy dinamika kuzatilmoqda, ularning hech birida faollikning pasayishi qayd etilmagan. Oy davomida operatsiyalar sonining eng katta o‘sishi Namangan (+39%), Samarqand (+29%) va Buxoro (+27%) viloyatlarida kuzatilmoqda.
Ikkilamchi bozor
O‘rtacha uy-joy narxi o‘tgan oyga nisbatan 1,3% ga, yillik nisbatda esa 2,4% ga oshgan. Narxlarning o‘sish sur’atlari bo‘yicha Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston yetakchilik qildi.
Poytaxt bozori
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi deyarli o‘zgarmadi va mart oyiga nisbatan atigi 0,3% ga arzonlashdi. Yillik hisobda ikkilamchi bozorda kvartiralar narxi 6,3% ga, birlamchi bozorda esa 4,2% ga arzonlashdi.
Narxlarning eng sezilarli pasayishi Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida 9% dan ko‘proqqa qayd etildi. Yangi uy-joylar segmentida eng katta arzonlashish Uchtepa, Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida o‘rtacha 12,5% darjasida qayd etildi.
Uy-joy ijarasi bozori
Poytaxtda uy-joy ijarasi bozori ham barqaror. Aprel oyida o‘rtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun $8,1 ni tashkil etdi. Eng yuqori narxlar an’anaviy ravishda markaziy tumanlarda saqlanib qolmoqda: Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy, bu yerda ijara narxi har bir “kvadrat” uchun o‘rtacha $10,4 ni tashkil etadi.
Yillik hisobda ijara stavkalarining pasayishi sekinlashdi va 3$ ni tashkil etdi. Eng ko‘p arzonlashish Uchtepa, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida kuzatilmoqda.