Toshkent Bosh rejasi, JSTga a’zolik va Mirziyoyev

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlangan edi. Bosh rejaga ko‘ra, poytaxtimiz hududi 3 ta – konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan.

Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan. 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlarni 3 karra ko‘paytirib, 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan. Bu, o‘z navbatida, suv yo‘llarini yaxshilashni talab etadi.

Taqdimotda shahar irrigatsiya va drenaj tarmoqlarining yangi bosh reja bilan uyg‘unlashtirilgan tizimi ham ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, 2030-yilgacha 100 km kanallar rekonstruksiya qilinib, atrofida sayilgohlar tashkil etiladi.

Turkiyaning “Su-yapi engineering and consulting” kompaniyasi bilan birga drenaj tarmoqlaridagi muammolar o‘rganilgan. Aerofoto, geodeziya va yog‘ingarchilik tahlili asosida bu tarmoqlarni yangilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqilgan. O‘tgan yili 45 ta suv toshqini hududlari bartaraf etilgan. Bu yil yana 34 ta joyda shunday ishlar bajariladi.

Davlat rahbariga Toshkent shahrida investitsiya loyihalarining holati haqida ham axborot berildi.

Poytaxtda umumiy qiymati $25 mlrdlik 717 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. 2025-yilda shundan $7,5 mlrd o‘zlashtirilib, 265 ta loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Bularning natijasida turar joylar, savdo va ko‘ngilochar majmualar qurilib, sanoat korxonalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Prezident Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni haqidagi taqdimot bilan tanishdi.

Ta’kidlanishicha, 9 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash, Ishchi guruhining 2 ta yig‘ilishini o‘tkazish hamda Ishchi guruhning hisobot loyihasini yakunlash rejalashtirilmoqda. 

Shuningdek, 15 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayonini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”, “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risida» yangi tahrirdagi qonunlarni qabul qilishni tezlashtirish hamda bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan yaqindan va samarali hamkorlikni ta’minlanadi. 

Back To Top