Endi blogerlar ham soliq to’lashi mumkin

O‘zbekistonda onlayn-platformalar va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etildi.

Qonunning maqsadi – internet foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda bu boradagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish. Mazkur loyiha rasmiy OAV veb-saytlariga taalluqli emas, ular uchun alohida qonun amal qiladi.

Qonun loyihasida bir qator tushunchalarga aniqlik kiritildi. Xususan:

  • bloger – o‘z akkauntida yoki ommaviy hamjamiyatda ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa tusdagi kontentni, shu jumladan onlayn-platforma foydalanuvchilari tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs (onlayn-platforma foydalanuvchisi);
  • inflyunser — onlayn-platformadagi o‘z akkauntida yoki ommaviy hamjamiyatda 10 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan bloger;
  • veb-sayt egasi — veb-saytdan foydalanish tartibini, shu jumladan ushbu veb-saytda kontent joylashtirish tartibini mustaqil ravishda belgilaydigan jismoniy yoki yuridik shaxs;
  • yolg‘on axborot – haqiqatga mos kelmaydigan, shaxslar, ashyolar, voqealar, hodisalar va jarayonlar haqida faktlarning buzib ko‘rsatadigan, noto‘g‘ri taassurot uyg‘otadigan har qanday shaklda qayd etilgan ma’lumot.

Qonun loyihasida foydalanuvchilar, blogerlar, inflyuyenserlar va veb-sayt egalarining huquq va majburiyatlari keltirilgan.

Huquqlari:

  • onlayn-platformada akkaunt, ommaviy hamjamiyat ochish;
  • onlayn-platformadan foydalanish qoidalari va shartlari to‘g‘risida to‘liq va ishonchli ma’lumot olish;
  • O‘zbekiston qonunlari bilan taqiqlanmagan har qanday usulda kontentni tayyorlash, olish, tarqatish;
  • O‘zbekiston qonunlariga muvofiq onlayn-platforma va veb-saytlarda fikrni erkin ifoda etish;
  • o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmatini vakolatli organga murojaat qilish yoki sud tartibida himoya qilish;
  • onlayn-platforma mulkdori yoki ommaviy hamjamiyat moderatori yoxud veb-sayt egasiga o‘zlarining O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga amal qilinishi, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi yuzasidan talab (e’tiroz) bilan murojaat qilish;
  • o‘zining ijodiy, tijorat va boshqa qonuniy faoliyatidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va onlayn-platformadan foydalanish qoidalariga muvofiq daromad olish;
  • agar o‘z qiziqishlari va qarashlariga zid kelsa, onlayn-platformalar tomonidan taklif etiladigan mahsulotlarni rad etish;
  • onlayn-platformada o‘zlarini qiziqtirmaydigan kontent namoyish etilishini cheklash;
  • o‘zining akkauntiga yoki ommaviy hamjamiyatiga yoxud veb-saytiga kirilishini asossiz cheklanishidan himoyalanish, kirish cheklanganda uning sabablari ko‘rsatilgan holda xabarnoma olish.

Majburiyatlari:

  • O‘zbekiston qonunchiligiga amal qilish;
  • shaxsning huquq va erkinliklari, sha’n va qadr-qimmatini hurmat qilish;
  • noqonuniy kontentni tarqatmaslik;
  • noqonuniy kontent tarqatilgan hollarda uni o‘chirish;
  • onlayn-platformalar yoki veb-sayt orqali ixtiyoriy homiylik mablag‘larini yig‘ishda O‘zbekiston qonunchiligi, jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilish.

Inflyuyenser va veb-sayt egasi yuqoridagi huquq va majburiyatlar bilan birga quyidagi qo‘shimcha majburiyatlarga ega:

  • tarqatilayotgan kontentning to‘g‘riligini, uning jamoatchilikka ochiq bo‘lishidan oldin tekshirish;
  • shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yoki tashkilotlarning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi yolg‘on axborotni o‘zining akkaunti, ommaviy hamjamiyati yoki veb-saytida tarqatmaslik, shuningdek, ularning tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan o‘z akkaunti, ommaviy hamjamiyati yoki veb-sayti, shu jumladan foydalanuvchilar tomonidan fikr va izohlar qoldirish uchun mo‘ljallangan bo‘limlarining noqonuniy kontentni aniqlash maqsadida monitoringini amalga oshirish va aniqlangan taqdirda uni zudlik bilan o‘chirish choralarini ko‘rish;
  • o‘z akkauntida va (yoki) ommaviy hamjamiyatida yoki veb-saytida noqonuniy kontentning tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • yolg‘on axborot tarqatilgan hollarda uni o‘chirish yoki fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat organlarining murojaatlari asosida yolg‘on axborot mavjud bo‘lgan dastlab joylashtirilgan kontentga ushbu kontent yolg‘on ekanligini ko‘rsatuvchi maxsus axborot belgisini qo‘yish;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi yolg‘on axborot tarqatilganligi tasdiqlangan hollarda, ularning talabiga muvofiq raddiya e’lon qilish;
  • murojaat qilish va qayta aloqa o‘rnatish uchun tegishli ma’lumotlarni jamoatchilikka ochiq shaklda joylashtirish;
  • prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e’lon qilmaslik, sud hukmi chiqarilmaguncha muayyan ish natijalarini oldindan e’lon qilmaslik yoki boshqa usullar orqali sudga ta’sir o‘tkazmaslik;
  • Inflyuyenser va veb-sayt egasi o‘zining akkaunti, ommaviy hamjamiyati yoki veb-sayti orqali reklama yoki daromad keltiruvchi boshqa faoliyatni amalga oshirishda Soliq kodeksiga muvofiq soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashi kerak. 

Murojaat qilish va qayta aloqa o‘rnatish uchun tegishli ma’lumotlarni jamoatchilikka ochiq shaklda joylashtirmagan inflyuyenserga reklama berish taqiqlanadi.

Qanday jazo chorasi belgilangan?

Agar bloger yoki inflyuyenser qonun buzilgan kontentni bir yil ichida uch martadan ko‘p olib tashlamasa, faoliyati 6 oygacha to‘xtatiladi. Ammo to‘liq bloklash amaliyotidan voz kechiladi – faqat platformaga kirish tezligi pasaytiriladi.

Xorij tajribasi va mahalliy holat

Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Fransiya va Turkiya kabi davlatlarda bu borada qat’iy qoidalar mavjud. Masalan, Germaniyada 2 milliondan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan platformalar 24 soat ichida noqonuniy kontentni o‘chirishga majbur. O‘zbekistonda esa bu soha hozirgacha to‘liq tartibga solinmagan edi.

Yangi qonun loyihasi bu bo‘shliqni to‘ldirishi va raqamli huquqlarni himoya qilishni kuchaytirishi kutilmoqda.

Muhokama 2025-yil 27-maygacha davom etadi.

Back To Top