
Ba’zida biror mahsulotni sotib olamiz, keyin esa afsuslanamiz — yo yoqmaydi, yo mos kelmaydi. Bunday vaziyatlarda mahsulotni qaytarish mumkin, chunki iste’molchilarni himoya qiluvchi qonun mavjud. Endi nimani qaytarib bo‘ladi, qanday shartlarda va qanday tartibda — hammasini oddiy qilib tushuntiramiz.
Qaytarish mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan mahsulotlar
Hamma narsani ham do‘konga qaytarib bo‘lmaydi. Masalan:
- Ichki kiyim;
- Kosmetika;
- Dori-darmon;
- Tish cho‘tkasi;
Siz uchun alohida tayyorlangan buyurtmalar bo’lsa, ular qaytarilmaydi. Ammo quyidagilarni qaytarish mumkin:
- Kiyim-kechak;
- Poyabzal;
- Idish-tovoq;
- Uy-ro‘zg‘or buyumlari;
- Maishiy texnika (agar ishlatilmagan bo‘lsa, birkasi va plombasi joyida bo‘lsa).
Agar futbolkani kiyib ko‘rgan bo‘lsangiz yoki birkasini olib tashlagan bo‘lsangiz — uni qaytarib bo‘lmaydi.
Sababsiz qaytarish mumkinmi?
Agar oddiy mahsulot bo‘lsa (kiyim, poyabzal, idish-tovoq) — sabab aytishingiz shart emas. 10 kun ichida do‘konga borib, «qaytarmoqchiman» deb aytsangiz bo‘ladi.
Murakkab texnik buyumlar (masalan, televizor, kir yuvish mashinasi) esa faqat nosoz bo‘lsa qaytariladi.
Qachongacha qaytarish mumkin?
Agar mahsulot sizga yoqmagan bo‘lsa yoki mos tushmagan bo‘lsa, uni xarid qilingan kundan boshlab 10 kalendar kuni ichida qaytarishingiz mumkin. Chegirmadagi yoki aksiyadagi mahsulotlar ham bu huquqdan mustasno emas. Agar mahsulot nosoz bo‘lib chiqqan bo‘lsa, unda uni butun kafolat muddati davomida qaytarish yoki almashtirish mumkin. Kafolat muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, sizda 6 oy vaqt bor.
Oziq-ovqat mahsulotlari sifatsiz bo‘lib chiqsa — masalan, sut achib qolgan bo‘lsa — uni 24 soat ichida qaytarish huquqingiz bor.
Qanday tartibda qaytariladi?
Agar mahsulotni qaytarishga qaror qilgan bo‘lsangiz, avvalo uning o‘zi, xaridni tasdiqlovchi chek va agar to‘lov karta orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, terminal chekni tayyorlab qo‘yishingiz kerak. Qadoqlanishi shart bo‘lmasa-da, mahsulotning birkasi (yorlig‘i) albatta o‘z holicha saqlangan bo‘lishi lozim. Keyin esa mahsulot bilan birga do‘konga borib, sotuvchiga uni qaytarmoqchi ekanligingizni bildirishingiz kerak. Agar hamma hujjatlar joyida bo‘lsa va mahsulot qaytarish talablarga javob bersa, pul siz uni qanday to‘lagan bo‘lsangiz — xuddi shu shaklda qaytariladi: naqd pulga xarid qilingan bo‘lsa, naqd qaytariladi, karta orqali bo‘lsa — kartaga qaytariladi.
Agar do‘kon pulni qaytarmasa-chi?
Agar do‘kon mahsulotni qaytarishni rad etsa yoki qonuniy huquqlaringizni buzsa, siz Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilishingiz mumkin. Buning uchun 1159 yoki 71-207-48-00 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishingiz, yoki murojaat.gov.uz portali orqali shikoyatingizni onlayn tarzda yuborishingiz mumkin. Bu tashkilot do‘konga rasmiy bildirishnoma yuboradi va muammoni qonun doirasida ko‘rib chiqadi.