
Xiaomi kompaniyasi 2010-yilda Xitoyda tashkil etilgan va dastlab Android operatsion tizimiga asoslangan MIUI dasturiy ta’minotini ishlab chiqishdan boshlangan. 2011-yilda kompaniya o‘zining ilk smartfoni – Xiaomi Mi 1 modelini taqdim etdi va tez orada Xitoyda mashhur brendga aylandi, so‘ngra global miqyosda ham kengayishni boshladi.

Xiaomi smartfonlarini ishlab chiqarish jarayoni ko‘pchilik o‘ylagandek faqat kompaniyaning o‘ziga tegishli zavodlarda amalga oshirilmaydi. Aslida, Xiaomi ko‘plab smartfonlarini boshqa kompaniyalar orqali ishlab chiqaradi. Bu kompaniyalar Original Design Manufacturer (ODM) deb ataladi va ular mahsulotni to‘liq ishlab chiqishdan tortib, yakuniy yig‘ishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni bajaradi.
ODM, OEM va EMS nima?

Xiaomi va boshqa texnologik kompaniyalar quyidagi uchta asosiy model asosida mahsulot ishlab chiqaradi:
ODM (Original Design Manufacturer): Bu modelda ishlab chiqaruvchi kompaniya mahsulotni to‘liq loyihalash, dizayn qilish va ishlab chiqarishni amalga oshiradi. Buyurtmachi kompaniya esa mahsulotni o‘z brendi ostida sotadi.
OEM (Original Equipment Manufacturer): Bu modelda buyurtmachi kompaniya mahsulotni loyihalab, ishlab chiqarishni boshqa kompaniyaga topshiradi. Masalan, Apple kompaniyasi iPhone’ni loyihalab, ishlab chiqarishni Foxconn’ga topshiradi.
EMS (Electronics Manufacturing Services): Bu modelda ishlab chiqaruvchi kompaniya boshqa kompaniyalar uchun mahsulotlarni ishlab chiqaradi, lekin mahsulotning dizayni va loyihalash jarayoni buyurtmachi kompaniyaga tegishli bo‘ladi.
Xiaomi smartfonlarini kim ishlab chiqaradi?
BYD: Xitoylik BYD kompaniyasi Xiaomi uchun smartfonlar ishlab chiqaradi. BYD, shuningdek, Apple uchun ham mahsulotlar ishlab chiqaradi.
DBG: DBG kompaniyasi Hindiston va Vetnamda Xiaomi smartfonlarini ishlab chiqaradi. Vetnamdagi zavodda ishlab chiqarilgan smartfonlar Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga eksport qilinadi.
Foxconn: Foxconn kompaniyasi Xiaomi smartfonlarini Hindistonda ishlab chiqaradi. Xiaomi Hindistonda sotiladigan smartfonlarining 99% ini shu yerda tayyorlanadi.
Dixon Technologies: Hindistonlik Dixon Technologies kompaniyasi Xiaomi bilan hamkorlikda smartfonlar ishlab chiqaradi. Ularning Padget nomli sho‘ba korxonasi Noida shahrida yangi zavod qurmoqda.
Select Technologies: Pokistonda joylashgan Select Technologies kompaniyasi Xiaomi bilan hamkorlikda smartfonlar ishlab chiqaradi. Ularning zavodi Lahorda joylashgan.
Bundan tashqari, Huaqin va Longcheer kabi boshqa yirik ODM kompaniyalari ham Xiaomi va boshqa ko‘plab brendlar uchun smartfon ishlab chiqaradi. 2024-yilda dunyoda sotilayotgan smartfonlarning 44 foizi ODMlar tomonidan ishlab chiqarilgan, va bu uchta kompaniya (Wingtech, Huaqin, Longcheer) butun dunyo ODM bozorining 70-80 foizini nazorat qiladi.
Nega Xiaomi smartfonlari arzon?
Xiaomi smartfonlarining narxi past bo‘lishining asosiy sababi – ishlab chiqarish xarajatlarining qisqartirilganligi. Yirik ODMlar bir nechta brendlar uchun bir xil yoki o‘xshash platformalarda smartfon ishlab chiqaradi, komponentlarni katta hajmda arzon narxda sotib oladi va ishlab chiqarish jarayonini maksimal darajada optimallashtiradi. Bu esa mahsulot narxini pasaytiradi va bozorda raqobatbardosh bo‘lish imkonini beradi.

Xulosa qilib aytganda, Xiaomi kompaniyasi o‘zining global muvaffaqiyatiga faqat ichki resurslar hisobiga emas, balki kuchli va tajribali ODM ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik orqali erishmoqda. Ular smartfon ishlab chiqarish jarayonini boshqa kompaniyalarga ishonib topshirish orqali xarajatlarni kamaytiradi, ishlab chiqarishni tezlashtiradi va mahsulot narxini arzonlashtirishga erishadi. Aynan shuning uchun Xiaomi smartfonlari ko‘plab foydalanuvchilar uchun sifat va narx muvozanatini ta’minlay olmoqda. Biroq bu yondashuv natijasida turli brendlarning qurilmalari bir-biriga o‘xshab qolishi mumkin, chunki ular bir xil zavodlarda, o‘xshash texnologiyalar asosida ishlab chiqariladi. Shunday bo‘lsa-da, Xiaomi o‘ziga xos dizayn, MIUI tizimi va marketing strategiyasi orqali bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlab kelmoqda.
Maqola «vc.ru» dan tarjima qilinib, qayta ishlangan holda tayyorlandi.