Telegramda yangilanishlar: himoyalangan audio, video qo‘ng‘iroqlar va muzlatilgan hisob

“Telegram” jamoasi messenjerning yangi versiyasini taqdim etdi.

Joriy yangilanish ishonchli himoyalangan, foydalanish oson guruhli chaqiruvlarni taqdim etadi. Shuningdek, Telegram Business hisoblari uchun toʻliq avtomatlashtirish imkonini beruvchi katta yangilanish, foydalanuvchilar uchun yangi hadya variantlari, hisob cheklovlariga eʼtiroz bildirishning oddiyroq usuli va boshqalarni oʻz ichiga oladi. 

Xavfsiz guruhli chaqiruvlar

Telegram endi guruh chatisiz ham boshidan oxirigacha shifrlangan konferensiya chaqiruvlarini boshlash imkonini beradi. Bu funksional imkoniyat tezkor uchrashuvlar va xavfsiz muloqotlar uchun qulay yechim boʻlib xizmat qiladi. Foydalanuvchilar 200 tagacha ishtirokchini chaqiruvga qoʻshishlari, audio, video yoki ekran ulashishlari, shuningdek havola yoki QR kod orqali boshqalarni taklif qilishlari mumkin.

Barcha chaqiruvlar toʻliq shifrlanadi va bu holat 4 ta emoji yordamida ishtirokchilar tomonidan tasdiqlanishi mumkin. Telegram guruhli chaqiruvlarda blokcheynga oʻxshash texnologiyadan foydalanadi, bu esa hech kim — hattoki Telegram’ning oʻzi ham — chaqiruvga yashirincha qoʻshila olmasligini taʼminlaydi.

Guruhli chaqiruvni boshlashning bir necha usullari mavjud: mavjud shaxsiy chaqiruvga foydalanuvchilarni qoʻshish, chaqiruvlar sahifasida yangi chaqiruv yaratish yoki maxsus havola orqali ulanish imkonini taqdim etish. Havola yordamida chaqiruvni oldindan rejalashtirish yoki kerakli paytda ulanish imkonini berish mumkin. 

Shuningdek, havoladan QR kod yaratish orqali boshqalarni chaqiruvga tezda taklif qilish ham mumkin. Bu yangilanishlar Telegram’dagi guruhli aloqa imkoniyatlarini yanada xavfsiz, qulay va zamonaviy shaklga olib chiqadi.

Avtomatlashtirilgan biznes hisoblari

Telegram Business(Telegram Premium) foydalanuvchilari uchinchi tomon chatbotlarini, jumladan, AI asosidagi botlarni, xabarlarni avtomatik boshqarish uchun qoʻshishi mumkin. Bu yangilanish bizneslarga oʻzlarining xabarlar, profil, tranzaksiyalar va hikoyalarini toʻliq avtomatlashtirish imkonini beruvchi 10 dan ortiq yangi funksiyalarni taqdim etadi.

Uchinchi tomon chatbotlari uchun ruxsatlarni «Xabarlarni boshqarish» yoki «Profilni boshqarish» kabi soddalashtirilgan sozlamalar yordamida xabarlarni oʻchirish, profil rasmlarini tahrirlash, hikoyalar joylash va boshqa shu kabi muayyan amallar uchun alohida tugmalar bilan boshqarish mumkin.

Yangi sozlamalar bilan koʻproq hadyalar

Telegram 2024 yil oktabr oyida «Hadyalar» funksiyasini taqdim etgan edi. Bu imkoniyat orqali foydalanuvchilar yulduzlar yordamida hadʼyalar yuborishlari, ularni kolleksiya buyumlariga aylantirishlari, noyob uslublarni ochishlari va hatto blokcheyn orqali savdo qilishlari mumkin. Hozirda Telegram foydalanuvchilari oyiga 10 milliondan ortiq hadʼyalarni almashishmoqda.

Agar siz hadʼyalar yuborish va qabul qilishni xohlasangiz, suhbat oynasida «Hadya» tugmasini faollashtirishingiz mumkin. Shuningdek, profilingizda qaysi hadʼyalar koʻrsatilishini nazorat qilish imkoniyati mavjud. Masalan, siz kontaktlaringizga yoki tanlab olingan foydalanuvchilarga qaysi hadʼyalarni koʻrsatishni belgilab qoʻyishingiz mumkin.

Premium foydalanuvchilar hadʼyalarni yanada chuqurroq boshqarish imkoniga ega: ular qaysi turdagi hadʼyalarni olishni tanlashlari mumkin. Masalan, mashhur hisoblar faqat «Noyob» yoki «Cheklangan nashr»dagi hadʼyalarni qabul qilishga ruxsat berishlari mumkin, bu esa ularning kirish qutilarini tartibli saqlashga yordam beradi.

Hadʼyalarni boshqarish uchun Sozlamalar > Maxfiylik va xavfsizlik > Hadyalar boʻlimiga kirish kerak. Profilim boʻlimida esa siz hadʼyalarni quyidagi tarzda boshqarishingiz mumkin:

  • Profilingizda koʻrsatish yoki yashirish;
  • Qadash orqali roʻyxat tepasiga chiqarish;
  • Statusingizda taqib koʻrsatish;
  • Boshqa foydalanuvchiga yoki blokcheyn hamyoniga oʻtkazish.

Hadʼya yuborish uchun foydalanuvchi profilini ochib, «Hadya yuborish» tugmasini bosish kifoya. Bu yangi tizim Telegram’dagi muloqotga qiziqarli va interaktiv tus beradi.

Hisobni muzlatish va u haqida bahslashish imkoniyati

Telegram firibgarlik va spamga qarshi kuchli moderatsiya tizimlariga ega. Foydalanuvchilar shikoyatlari asosida qoidabuzarlar tezda aniqlanadi va bloklanadi. Tizim juda past xato koeffitsiyentiga ega boʻlsa-da, endi notoʻgʻri taqiq holatlarida foydalanuvchilar Telegram ichidan shikoyat yuborish orqali taqiqni bekor qilishni soʻrashlari mumkin.

Qoidabuzarlar darhol bloklanmasdan, avvalo «muzlatilgan hisob» holatiga oʻtkaziladi — bu davrda ular boshqa foydalanuvchilar bilan aloqa qila olmaydi. Shu bilan birga, ular oʻz ishini qayta koʻrib chiqish uchun moderatorlarga murojaat qilish imkoniga ega boʻladilar. Agar murojaat qabul qilinsa, hisob qayta faollashtiriladi va cheklovlar olib tashlanadi. Bu yondashuv adolatli va shaffof moderatsiyani taʼminlaydi.

Yangi ishoralar

Telegram endi iOS va Android foydalanuvchilari uchun kanal postlarini tezda ulashish imkoniyatini taklif qiladi. Endi siz xabarni Saqlangan xabarlar boʻlimiga yoki oxirgi kontaktlarga bir teginish bilan yuborishingiz mumkin: faqat ulashish strelkasini bosib turing, barmogʻingizni kerakli chatga torting va qoʻyib yuboring.

iOS foydalanuvchilari uchun esa yana bir qulaylik qoʻshildi: chatlar roʻyxatining yuqori qismida joylashgan hikoyalar panelini oʻngga surish orqali darhol hikoya muharririni ochishingiz va yangi hikoya yaratishingiz mumkin. Bu jarayon hikoya joylashni yanada tez va qulay qiladi.

Back To Top