«Sharoit Plus» loyihasi — nogironligi bo‘lgan insonlarning mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga yordam berishga qaratilgan platforma. Bu loyiha asoschisi Dilmurod Yusupov, o‘z faoliyatida ijtimoiy tadbirkorlik yondashuvini amalga oshirib, jamiyatda o‘zgarishlar yaratishni maqsad qilgan. Intervyu davomida loyiha qanday boshlangani, jamoaning roli, rahbar pozitsiyasi va ijtimoiy tadbirkorlik haqida suhbatlashdik.

«Ish Plus» loyihasini tashkil qilishga nima turtki bo’ldi?
Meni bu loyihani boshlashga Toshkent shahrida 2018-2019 yillar nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan qilgan tadqiqotim turtki bo‘lgan edi. Chunki, o‘sha payt ko‘plar menda ish topishda amaliy yordam so‘rashgan edi va shunda muammo katta ekanligini his qilganman.
Keyin COVID-19 pandemiyasi davomida Buyuk Britaniyaning Sussex universitetida PhD dissertatsiyamni yozayotgan paytim masofadan turib nogironligi bo‘lgan shaxslarga munosib ish topishda yordam berish uchun www.ishplus.uz maxsus rekruting veb-portali g‘oyasi kelgan.
Ushbu loyiha, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus rekruting veb-portali bo‘lib, ularni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlashga qaratilgan. Loyiha Toshkentdagi «Sharoit Plus» nodavlat notijorat tashkilotimiz jamoasi tomonidan 2021-yildan boshlab amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha orqali 500 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar ish topish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

«Sharoit Plus» — bu nafaqat loyiha, balki harakat, platforma, hatto jamoa. Loyihani realizatsiya qilish jarayoni qanday bo’ldi?
Boshida loyihamiz UNICEF, BMT Taraqqiyot dasturi, Xalqaro mehnat tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi ko‘magida amalga oshirildi. Loyihani boshlash uchun 5 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratildi.
Boshida jamoamizda faqat men va bir koordinatorimiz Aziz Abdullayev bo‘lgan edi. Hozircha jamoamiz kengayib 10 kishiga yetdi. E’tiborlisi shuki, jamoaning aksariyatida nogironlik holati bor va ularning o‘zlari ochiq mehnat bozorida ish topish qanchalik qiyin ekanligini o‘zlarida his qilishga va hayotiy tajriba orttirishgan.
Ishplus.uz portali barcha toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ko‘rish va eshitish imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun maxsus versiyalarga ega. Saytda ish beruvchilar ro‘yxati, vakansiyalar va rezyume yuborish imkoniyati mavjud. Keyin platformaning mobil ilovasini ham yaratdik va hozirda iOS va Android operatsion tizimlari uchun ishlaydi . Ilova Android/iOS.

Loyiha doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari bo‘yicha huquqiy maslahatlar beriladi. Shuningdek, ish beruvchilar bilan ishlash orqali ularning nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olishdagi huquqiy majburiyatlari va kvotalar to‘g‘risida xabardorligi oshirilmoqda.
Ijtimoiy tadbirkorlik bilan an’anaviy tadbirkorlik o‘rtasidagi asosiy farq nimada?
Asosiy farq maqsadda deb hisoblayman. Agar biznesda maqsad daromadni ko’payitirish va xarajatlarni kamaytirish bo’lsa, ijtimoiy tadbirkorlik jamiyatdagi muammolarni yechish yoki yumshatish uchun qaratilgan faoliyat hisoblanadi. Ijtimoiy tadbirkorlik bu biznes va xayriya kesishmasidagi faoliyat hisoblanadi. Uni shu ikki dunyodan farq qilib turuvchi juda nozik chegara bor. Masalan, ijtimoiy tadbirkorlik bu xayriya emas, tadbirkorlik degan so’zining o’zida aynan biznes yondashuv bo’lishi kerakligi haqida aytiladi.
Ijtimoiy tadbirkorlikning besh asosiy tamoyillaridan biri bu — tadbirkorlik yondashuvi, iqtisodiy tomonidan o’zini-o’zi oqlash, ijtimoiy ta’sir, kengaytirish salohiyati va innovatorlik.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun innovatsion ish joylarini yaratishda qanday yondashuvlar qo’llanyapti?
Bizning asosiy innovatsiyamiz — bu turli xil nogironligi bor ish izlovchilar masofadan turib onlayn ravishda munosib ish topishlari edi. Chunki O‘zbekistonda ularga alohida raqamli sharoitlar yaratilgan va ular uchun munosib vakansiyalar chop etadigan maxsus onlayn platforma shu paytgacha yo‘q edi. Eng katta to‘siqlardan biri — bu nogironligi bor shaxslar mavjud bo‘sh ish o‘rinlar haqida ma’lumot topishda edi, menimcha.
Masalan, ular uchun maxsus kvotalangan ish beruvchilar zaxiraga olishi kerak bo‘lgan vakansiyalar bo‘lishi kerak. Agar korxonada 20 dan ortiq xodim ishlasa, ish beruvchi nogironlar uchun 3% kvota ajratishi kerak. Ushbu kvotalangan ishlar haqida ma’lumotlar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida saqlanadi va ularni olish uchun hali ko‘p harakat qilish kerak bo‘lgan. Biz veb-portalimizda bu jarayonni oson qilib ishlar haqida ma’lumotlarni ochiq joylab boryapmiz.
O‘zbekistonda ijtimoiy biznes uchun bozordagi talabni qanday baholaysiz? Ayniqsa, nogironligi bo’lgan shaxslar bilan bog‘liq xizmatlarda?
Menimcha, bu savol aynan ijtimoiy tadbirkorlik haqida. Hozircha hech nima deyolmayman bu masalada chunki «Tadbirkorlik haqida»gi yangi kodeksni Prezident hali imzolamadi. Shu kodeksda O’zbekistonda birinchi bor «ijtimoiy tadbirkorlik» tushunchasi berilgan qonunda.
O‘zbekistonda ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday qonunlar yoki infratuzilma o‘zgarishi kerak deb hisoblaysiz?
Qonunlarimizda ijtimoiy korxonalarning turli huquqiy shakllarini aniq belgilashi va o‘z ichiga olishi kerak, shu jumladan o‘zini ijtimoiy korxona sifatida tanitgan xususiy korxonalarni ham. Ushbu huquqiy shakllarni aniq belgilash orqali turli tashkiliy tuzilmalar ostida faoliyat yuritayotgan bizneslar uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi. Bunday aniqlik ko‘proq korxonalarni o‘zini rasmiy ravishda ijtimoiy korxona sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga undaydi va natijada ijtimoiy tadbirkorlik ta’siri kengayadi.
Ijtimoiy tadbirkorlik huquqiy tushunchasini belgilab olganimizdan so’ng, ijtimoiy tadbirkorlarni qo’llab-quvvatlash uchun davlat aniq bir choralarni amalga oshirish kerak va imtiyozlar taqdim qilish kerak. Masalan, soliq imtiyozlari, imtiyozli kredit, subsidiyalar va boshqa turdagi yordamlar.

Shaxsiy va professional prinsiplaringiz qanday?
Men doim turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatimizda to‘liq ishtirok etishini ta’minlashga intilaman. Ilmiy va ijtimoiy faoliyatim O’zbekistonda tenglik va inklyuzivlikni rivojlantirishga qaratilgan. 2016-yil nogironligi bor hamkasblarim bilan «Sharoit Plus» nodavlat tashkilotiga asos solganmiz va bu tashkilot hozirda Toshkent shahrida keng faoliyati yuritib barcha uchun to‘siqsiz va inklyuziv jamiyatni rivojlantirishga qaratilgan. Men o’zimni O’zbekistonda vujudga kelayotgan nogironligi bo’lgan shaxslar harakatining ittifoqdoshi sifatida qabul qilaman.
Asosiy professional prinsiplarim: «Ularni tinglash va doimiy izlanishda bo’lish». Chunki «Men PhD yoqladim, endi ekpertman» deb o’tirsam ham bo’lar edi. Lekin menda nogironlik bo’yicha hayotiy tarjibam yo’q va bu borada nogironligi bo’lgan shaxslarning o’zlari ekspert hisoblanadi. Ularning bilimi va tajribasi men uchun eng muhim. Asosiy hayotiy tamoyilim: «Nogironligi bo’lgan shaxslar haqida, faqat ular orqali» (ingliz tilida Nothing about them, without them).
Rahbar sifatida jamoadagi har bir insonni ilhomlantirish uchun qanday yondashuvlar qo‘llaysiz?
Har bir jamoa a’zosining hissasini tan olaman va qadrlayman — chunki bu narsa ularning motivatsiyasini oshiradi. Kichik yutuqlarni ham ochiq tan olib, jamoamizga minnatdorchilik bildiraman. Eng muhimi, faoliyatimiz nima uchunligini, ya’ni katta maqsad va qadriyatlarni doim eslatib turaman. Chunki xodimlarimiz o‘z mehnatlari katta tasvirda qanday ahamiyat kasb etishini ko‘rsa, ko‘proq ilhomlanadi. Bizda gorizontlar boshqaruv tizimi joriy etilgan bo’lib, har bir xodimning fikri va taklifi inobatga olinadi.

Kelajakda nogironligi bo‘lganlar uchun raqamli xizmatlar bo‘yicha qanday yangiliklar kiritmoqchisiz?
Biz hozirda www.ishplus.uz veb-portalimizni takomillashtirish ustida ishlayapmiz, chunki 2021-yildan beri veb-portalimizda katta o’zgarishlar bo’lmagan edi. Hozirgi kunga qadar to’planib qolgan tajriba va xatolarni ustida ishlagan holda platformamizni yangilayapmiz va yaqinda yangi funksiyalarini chop etib, e’lon qilamiz. Kelajakda sun’iy intellektni nogironligi bor shaxsning rezyumesidan kelib chiqqan holda munosib vakansiyani taklif qilish (ingliz tilida bu matching deb ataladi), mehnat huquqlari bo’yicha chatbot yaratish va SI’ni ijtimoiy loyihalarimizga integratsiya qilish ustida bosh qotiryapmiz.
Bundan tashqari, «Sharoit Plus» da yana boshqa ko’plab onlayn ijtimoiy yechimlar ustida ham ishlashni boshlaganmiz. Ulardan biri bu Kitob Plus.uz — Oʻzbekistonda birinchi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun onlayn audio kutubxona. Shuningdek, yaqin orada «O‘zbek imo-ishora tilini (USL) onlayn lug‘at veb-sayti va mobil ilovasini yaratish orqali rivojlantirish» loyihamizni ham boshlash arafasidamiz.

«Sharoit Plus»ni 5 yildan keyin qayerda ko‘rasiz?
2030-yilgacha tashkilotimiz faoliyatini faqat Toshkent shahri emas balki butun Respublikamiz bo’yicha kengaytirishni reja qilganmiz. Albatta, bu moliyaviy va insoniy resurslarga borib taqaladi. Shuningdek, yuridik masalalar ham bor, masalan respublika miqyosida NNTni qaytadan ro’yxatdan o’tkazishimiz kerak bo’ladi. Jamoamizga yanada ko’proq turli xil nogironligi bor yoshlarni jalb qilish va ulardan jamoatchilik faollarini va yetakchilarini tayyorlash. Asosiy dasturiy yo’nalishlarimiz bo’lgan Ish Plus, Huquq Plus, Kitob Plus, Ta’lim Plus va Media Plusni yanada rivojlantirish va mijozlarimiz qamrovini kengaytirish.