1-maydan qonunchilikdagi o’zgarishlar haqida «Biznesreport» nashri ma’lumot beradi.

Elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
O‘tgan yilning 1-mayidan mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirilgandi. Shu bilan birga, 1-apreldan boshlab ularni yana oshirish belgilangandi. Biroq, prezident topshirig‘i bilan bu bir oyga — maygacha kechiktirildi. Batafsil
Markaziy Osiyo davlatlaridagi kommunal to’lovlar tahlili bu yerda.
Tovarlarni bojsiz olib kirish normasi kamaytiriladi
Hukumatning qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to‘lovlarisiz mamlakatga olib kiriladigan tovarlar uchun normalar quyidagicha pasaytiriladi. Batafsil
Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi
Yil boshida qabul qilingan hukumat qarori bilan O‘zbekistonda 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi.
Bunda tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga faqat elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari kiradi. Gibrid avtomobillar esa bundan mustasno. Batafsil
Elektr energiyasi uchun yangi tariflar joriy etiladi
1-maydan boshlab 201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan oraliqda elektr energiyasi iste’moli uchun yangi tarif amal qila boshlaydi. Ushbu oraliqda iste’mol qilingan har bir kVt/soat uchun narx 800 so‘mni tashkil etadi. Batafsil
70 turdagi tovarlarning bojxona qiymati va miqdori nazorat qilinadi
Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona qiymati va miqdori alohida nazorat qilinadigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi. Unga jami 70 ta tovar kiritilgan bo‘lib, bular qatorida to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimoviy hamda elektrotexnika mahsulotlari, shuningdek, metall buyum kabilar bor.
Mazkur tovarlarning bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish oxirgi 90 kun ichida deklaratsiya qilingan shunga o‘xshash tovarlar o‘rtacha bojxona qiymatining kamida 80%ini tashkil etganda amalga oshiriladi. Batafsil
Vaucher asosida kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi
Kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinov tarzida joriy etilgandi. Maydan boshlab bu butun mamlakat bo‘ylab yo‘lga qo‘yiladi.
Ishsiz fuqarolar davlat va nodavlat o‘quv markazlarida vaucher bilan bepul o‘qishlari mumkin. Kambag‘al oilalar a’zolari ustunlikka ega. O‘qish to‘lovlari to‘liq qoplab beriladi. To‘lovning dastlabki 50%i o‘qish boshlanganida, qolgan qismi esa o‘qish tugagach — sertifikat olingandan keyin, o‘quv markaziga o‘tkaziladi.
Mahsulot va xizmatlarni Halol belgisi bilan markirovkalashga ruxsat beriladi
Bu Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) standartlari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan olti oyda Halol talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini akkreditatsiyadan o‘tkazadi.
Qurilish ruxsatnomalari onlayn beriladi
Qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha bo‘lgan jarayonlar «Shaffof qurilish» tizimida onlayn amalga oshiriladi.
Qurilishi tugallangan ko‘p qavatli uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda davlat yong‘in nazorati organlaridan xulosa olinadi. Batafsil
Muvofiqlik deklaratsiyasini ro‘yxatga olish tartibi o‘zgartiriladi
Muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi. Endilikda ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi (TRIS) orqali amalga oshiriladi. Batafsil
Davolash xarajatlarini moliyalashtirish tartibi belgilanadi
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingan.
Hujjat bilan «Ijtimoiy daftarlar» jamg‘armalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi. Batafsil
Kreativ park rezidentlariga soliq imtiyozlari beriladi
Ushbu soliq imtiyozlari 1-maydan 2031-yilgacha amal qiladi. Ular ijtimoiy soliqni hamda JShODSni 50% kamaytirilgan stavkada to‘lashlari mumkin.
Tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadi miqdoridan qat’i nazar AOS to‘lovchilar toifasiga kiritiladi. Bunda ular o‘z istagiga binoan umumbelgilangan soliq solish tartibiga o‘tishlari mumkin. Batafsil
Farg‘onada ichimlik va oqova suvi narxlari oshiriladi
Bir metr kub ichimlik suvi narxi quyidagicha:
- aholi uchun — 3448 so‘m (amalda — 2128 so‘m);
- budjet va boshqa tashkilotlar uchun — 6944 so‘m (3350 so‘m).
Oqova suvi xizmatiga:
- aholi uchun — 728 so‘m (amalda — 504 so‘m);
- budjet va boshqa tashkilotlar uchun — 1736 so‘m (870 so‘m).
Narxlar QQSni hisobga olgan holda keltirilgan.