Toshkentda Uchinchi Inklyuziv biznes-forumi bo‘lib o‘tadi

Mazkur forum inklyuziv mehnatga jalb qilish amaliyotini ilgari surish va korporativ ijtimoiy mas’uliyatni oshirish maqsadida biznes, davlat tashkilotlari, xalqaro hamda jamoat tashkilotlari vakillarini birlashtiradi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozoridan chetlatish nafaqat ijtimoiy, balki jiddiy iqtisodiy oqibatlarga ham olib keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, nogironlar bandligining yetarli darajada ta’minlanmagani kambag‘al va o‘rta daromadli mamlakatlarga YAIMning 7% gacha yo‘qotishga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, biznes nogironligi bo‘lgan shaxslarni inkor etib, o‘z jamoasini xilma-xillik orqali kuchaytirish, kreativlik va innovatsionlik darajasini oshirish hamda bozordagi obro‘sini mustahkamlash imkoniyatini boy beradi.

2025-yil 2-may kuni Toshkent shahrida “SHAROIT PLYUS” nodavlat notijorat tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi hamkorligida Uchinchi Inklyuziv biznes-forumi bo‘lib o‘tadi. Forum gibrid formatda — oflayn va Zoom hamda YouTube orqali onlayn tarzda o‘tkaziladi.

Forum — bu biznes, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan. Bu — o‘z kompaniyasida inklyuziya tamoyillarini muvaffaqiyatli joriy etgan ish beruvchilarni tinglash uchun noyob imkoniyat. Forumda haqiqiy keyslar, instrumentlar va davlat qo‘llab-quvvatlash choralar muhokama qilinadi.

Forumning asosiy mavzulari:

  • Biznesda inklyuziya amaliyoti: ommaviy ovqatlanish, savdo, bank sektori va raqamli xizmatlar sohasidagi muvaffaqiyatli keyslar taqdimoti
  • Inklyuziv ish beruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash: subsidiyalar, kvotalar, soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar
  • Inklyuziv yetakchilik: korporativ madaniyatni rivojlantirish, xodimlarni o‘qitish va fikrlash tarzini o‘zgartirish
  • IshPlus.uz maxsus rekruting platformasi taqdimoti, u orqali Toshkent shahrida 500 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxs munosib ish bilan ta’minlangan
  • Inklyuziv bizneslar uchun mukofotlar: “Yilning eng inklyuziv ish beruvchilari” sovrinini topshirish

Forum ishtirokchilari va hamkorlari qatorida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Ish beruvchilar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi va xalqaro tashkilotlar — Raoul Foundation va WiljaGruppen ham bor. Ular Shvetsiyadagi inklyuziv mehnat modellari bilan o‘rtoqlashadilar.

Forum kimlar uchun ochiq:

  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga jalb qilishga qiziqqan yirik, o‘rta va kichik biznes vakillari;
  • Nogironligi bor yoshlar va ijtimoiy zaif guruhlar bilan ishlovchi jamoat tashkilotlari;
  • Mehnat bozorida inklyuziya mavzusini yoritishni istovchi OAV va blogerlar;

Ishtirok etish bepul, oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi. Oflayn ishtirokchilar uchun joylar soni cheklangan. Batafsil ma’lumot forum veb-saytida: https://forum.ishplus.uz

Back To Top