
Bank kartalaridagi turli operatsiyalar va hodisalardan xabardor bo’lish uchun sms-xabarnomalarni ulash zarur. Biroq ba’zan bildirishnomalarni beixtiyor pullik tizimlarga ulab olish holatlari ham kuzatiladi va natijada avtomatik kartadan mablag’ yechib olish muammosiga duch kelinadi.
Biznesreport.uz esa sizga buning bepul usullarini tanishtiradi. Keling, avval SMS xabarlar nega kerakligini bilib olamiz:
• Tranzaksiyalar haqida tezkor xabarnoma: SMS-xabarnomalar mijozni kartadagi har qanday operatsiyalar haqida xabardor qiladi, bu do‘kondan xarid qilish, naqd pul yechib olish, pul o‘tkazish yoki ruxsatsiz kirishga urinish bo‘lishi mumkin. Bu shubhali harakatlarni darhol payqash va tezda kartani bloklash imkonini beradi.
• Firibgarlikning oldini olish: Agar mijoz operatsiyani amalga oshirmagan bo‘lsa, u bankka tezda xabar berishi va ehtimoliy moliyaviy yo‘qotishlarni minimallashtirish orqali kartani bloklashi mumkin.
• Hisob balansi haqida ma’lumot: Ba’zida banklar kartadagi joriy balans haqida xabarlar yuboradilar, bu mijozga o‘z mablag‘larini nazorat qilish va nomaqbul vaziyatlardan (masalan, to‘lovni amalga oshirish uchun hisob raqamidagi mablag‘lar yetarli emas) qochishga yordam beradi.
• Pul yechish haqidagi tasdiqlar: Mijozlar har bir amalga oshirilgan operatsiya haqida ma’lumot oladilar (xarid qilish, naqd pul yechish, pul o‘tkazish va boshqalar), bu ularga o‘z xarajatlarini kuzatib borish va xatolardan qochish imkonini beradi.
Qanday qilib SMS-xabarnomalarni bepul yoqish mumkin?
SMS-xabarnomaga terminal, bankomat yoki infokiosklar orqali ulanish mumkin.
Infokioskda sms-xabarnomalarni ulash uchun quyidagilar zarur:
• infokioskga bank kartasini joylashtirish va tilni tanlash;
• bank kartaning PIN-kodini kiritish;
• asosiy menyudan «sms-xabarnomani yoqish» xizmatini tanlash;
• «sms-xabarnomani yoqish» xizmatini ulash;
Keyingi qadam, SMS-xabarlar keladigan telefon raqamini «+» belgisisiz xalqaro formatda kiritiladi. So’ng «Keyingisi» tugmasini bosiladi, tizim ushbu xizmat muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz ulangani haqida xabar beradi.
SMS xabari uchun raqamni o‘zgartirish ham oson, buning uchun quyidagi qadamlarni bajarish kerak:
• eski raqamdan sms-xabarnoma xizmatini o‘chirish (xizmatni ulashdagi kabi amallar tartibi).
• sms- xabarnoma xizmatini yangi raqamga ulash.
Ushbu xizmat bepul amalga oshiriladi.
SMS-xabarnoma raqamini ulash va o‘zgartirish tijorat bankining istalgan filialida yoki bank xizmatlar markazida bepul amalga oshiriladi.
Agar allaqachon ulab qo’yib, uni o’chirmoqchi bo’lsangiz, quyidagicha qilish tavsiya qilinadi:
• Mobil ilova orqali: masalan, Payme, Click, Apelsin, Anorbank, Ipak Yo‘li, Hamkor Mobile, Milliy, TBC va hokazo ilovalarda hisob sozlamalariga kirib, “SMS xabarnoma” bo‘limini toping va uni o‘chirib qo‘ying.
• Bank call-markaziga qo‘ng‘iroq qilish: Mijozlar xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, “SMS xabarnomani bekor qilishni xohlayman” deb ayting.
• Bank ofisiga borish: Pasport bilan bank filialiga borib, ariza bilan bekor qildiring.
SMS-xabarnoma orqali tranzaksiyalarni kuzatish qulay, ammo bu xizmat pullik bo‘lishi mumkin. Keraksiz xarajatlardan saqlanish uchun uni o‘chirib qo‘yish yoki bepul variantlardan foydalanish tavsiya etiladi. Har bir so‘mingiz qadrli — nazoratni qo‘ldan boy bermang!