O‘zbekistonda tadbirkor ayollar safi tobora kengayib bormoqda va ularning loyihalari nafaqat mahalliy bozor, balki xalqaro maydonda ham o‘z o‘rnini topmoqda. «Uyda» brendi ham ana shunday muvaffaqiyatli tashabbuslardan biri bo‘lib, oshxona anjomlari va kichik maishiy texnika savdosini yo‘lga qo‘ygan. Uning asoschilaridan biri Iroda Isayeva bilan loyihaning yaratilishi, uning faoliyati va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdik.

Iroda Isayevani kim? «Uyda» asoschisimi yoki boshqa loyihalaringiz ham bormi?
«Uyda» loyihasi bugungi kunda 8 yillik yo‘lni bosib o‘tdi. Dastlabki to‘rt yil davomida men loyiha ishlarida to‘liq ishtirok etmaganman, chunki o‘z faoliyatimni davlat tizimidagi tashkilotda olib borganman.
Mening ta’lim va ish tajribam davlat tashkilotida shakllangan. O‘zbekistonning muhim tizimli muassasalaridan biri «UzTest» da 10 yil davomida faoliyat yuritib, kadrlar bo‘limidan boshlab, mijozlarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishigacha bo‘lgan turli lavozimlarda ishlaganman. Eng so‘nggi bosqichda yetakchi mutaxassis sifatida O‘zbekiston Respublikasiga import qilingan mahsulotlarning milliy standartlarga muvofiqligini tekshiruvchi inspektor lavozimida ishladim.
Bu tajriba menga tizimli yondashuv, sifat nazorati va biznes jarayonlarini boshqarish bo‘yicha chuqur bilimlar berdi. Aynan shu ko‘nikmalar hozirgi kunda Uyda kompaniyasini samarali boshqarishda va jamoa bilan birga rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

«Uyda» qanday loyiha?
UYDA – bu O‘zbekistonda oshxona anjomlari va oshxona uchun kerakli barcha kichik maishiy texnika mahsulotlarini ulgurji va chakana savdo orqali mijozlarga taqdim etuvchi yirik savdo tarmog‘idir.
Bizning kompaniyamiz 2017 yilda «Мир Посуды» savdo nomi ostida tashkil etilgan bo‘lib, 2023-yilda global bozorga chiqish strategiyasining bir qismi sifatida UYDA brendi ostida to‘liq rebrending amalga oshirildi.
UYDA nomi «uy» tushunchasidan kelib chiqqan bo‘lib, biz har bir xonadonga qulaylik va shinamlik yaratishda ishtirok etish hamda zamonaviy oshxona anjomlarini hamyonbop narxlarda yetkazishni maqsad qilganmiz.

«Uyda» loyihasini yaratish g‘oyasi qachon tug‘ildi? Shu fikr xayolingizga kelgan kunni eslay olasizmi?
Eslatib o’taman, bu yolg’iz mening loyiham emas. «Uyda» ulgurji savdo ko’rinishda boshlangan: 2017-yilda talab va takliflarga ko’ra chakana savdo yo’lga qo’yilgan. Hozirgi kunda esa 5 ta filialimiz bor.
Nega aynan mana shu yo’nalishni (ya’ni kiyim-kechak, texnika va hokazolar emas, aynan oshxona anjomlari) tanladingiz?
Bu yo’nalishdagi biznesni yo‘lga qo‘yishimizning asosiy sabablaridan biri – O‘zbekistonda hamyonbop va zamonaviy oshxona anjomlariga bo‘lgan katta ehtiyoj edi. Biz yuqori talabgir anjomlarni sifatligini hamyonbop narxda taklif qilish, ishonchli va uzoq muddatli hamkorlik tizimini yaratish, shuningdek mijozlarga eng yaxshi xizmatni taqdim etish maqsadida ushbu yo‘nalishni tanladik.

«Uyda» faqat uy-ro‘zg‘or buyumlari brendimi yoki undan ham ko‘proq ma’noni anglatadimi?
Bizning jamoamiz va kompaniyamizning asosiy maqsadi – har bir insonni uyida shinamlik yaratishga ilhomlantirish. Biz ishonamizki, har bir inson qulay va go‘zal muhitda yashashga loyiq.
Shu sababli, biz nafaqat sifatli va zamonaviy mahsulotlarni taqdim etamiz, balki mijozlarimizga uylarini yanada qulay, zamonaviy va o‘ziga xos qilish uchun ilhom bag‘ishlashga harakat qilamiz.
Brendingiz orqali qanday hissiyot yetkazishni xohlaysiz?
Uyda va oshxonada ayollarimizning o’rni ko’proq, shuning uchun ular bu yerdagi har bir qulaylik va go’zalikka loyiqlik ekanliklarini his qilishlarini istaymiz.
Loyiha boshlanishidagi eng katta qiyinchilik nima bo‘ldi?
2017-yilda ishni boshlaganimizda uchragan asosiy qiyinchiliklar:
- Yetkazib berish zanjiri va import masalalari – Ishonchli hamkorlar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish;
- Raqobat muhitiga moslashish – Bozorda o‘z o‘rnimizni topish va farqlanish;
- Brendni shakllantirish – Xaridorlar orasida mahsulotlarimizni ommalashtirish.
Biroq, yillar davomida jamoadagi fidokorona mehnat, mijozlar ishonchi va to‘g‘ri strategiyalar bilan bu qiyinchiliklarni bosqichma-bosqich yengib kelyapmiz.
Uyda bir so’z bilan ta’riflash kerak bo’lsa, bu qaysi so’z bo’lardi?
«Shinamlik» deb o’ylayman.
Iroda Isayevaning shaxsiy va hayotiy prinsiplari?
Mening biznesdagi va hayotdagi asosiy qadriyatlarim:
- Halollik va ishonchlilik – Ham mijozlar, ham hamkorlar bilan ochiq va halol ishlash.
- Uzoq muddatli rejalash – Katta natijalarga faqat uzoq muddatli strategiyalar orqali erishish mumkin.
- Yangiliklarga intilish – O‘zgarishlar va innovatsiyalar orqali o‘sish va rivojlanish.
- Jamoaviy ishlash – Kompaniya muvaffaqiyatining asosiy omili – kuchli jamoa.

O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga qanday maslahat berasiz?
Biznes boshlashni xohlovchi ayollarga quyidagi 3 ta tavsiyani beraman:
- Ishonch va qat’iyat bo‘lsin – Dastlabki qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik kerak;
- To‘g‘ri rejalashtirish – Har bir bosqich oldindan o‘ylangan bo‘lishi muhim;
- Mijoz ehtiyojlarini tushuning – Xaridorlarga eng kerakli va foydali mahsulotni taklif qiling.
Shuningdek, O‘zbekiston hukumati ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun maxsus grantlar va dasturlar tashkil qilgan, ulardan ham foydalanish mumkin.

Kelajakda «Uyda» brendini qanday tasavvur qilasiz? 5-10 yildan keyin u qanday o‘zgaradi?
Ilhomlantiruvchi savol. Uyda kompaniyasining kelajakdagi 5 yillik maqsadlari doirasida biz nafaqat Toshkent shahridagi faoliyatimizni yanada mustahkamlashni, balki viloyatlarda filiallar ochishni rejalashtirmoqdamiz. Bu bizning xizmatlarimizni kengroq auditoriyaga taqdim etish, shuningdek, mijozlarimiz uchun qulaylik yaratish borasida muhim qadam bo‘ladi.
Hozirda bizning Tojikiston bilan hamkorligimiz mavjud va bu muvaffaqiyatli hamkorlikni davom ettirishni rejalashtiramiz. Kelajakda esa Qozog‘iston va Qirg’iziston bilan hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilganmiz, bu esa bizga mintaqada o‘z o‘rnimizni mustahkamlash va brendni yanada keng tarqatishga imkon yaratadi.
Shuningdek, Uyda kompaniyasi 2018-yildan boshlab Turkiya brendi «Paşabahçe» ning O‘zbekiston bo‘yicha eksklyuziv distribyutori sifatida faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunga qadar biz 15 dan ortiq chet el ishlab chiqaruvchi zavodlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Kelajakda esa, 5 yillik maqsadlarimiz doirasida ushbu eksklyuziv distribyutorlik sonini yanada oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Bu bizning global hamkorliklarni kengaytirish va mijozlarimizga yanada kengroq assortiment taklif etish imkonini beradi.