
Kecha, 19-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashdi.
Biznesreport.uz mazkur uchrashuvda qayd etilgan muhim qismlarni bir yerga jamladi.
2025-yil uchun asosiy maqsad va ko‘rsatkichlar belgilandi
– kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish;
– yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish;
– ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish;
– 1,5 million doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish;
– 100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish;
– kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
– kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish yangi dastur
Qayd etilishicha, xorijiy ekspertlar bilan yangi dastur ishlab chiqilgan, uning doirasida 2025-yilda barcha manbalar hisobidan 10 milliard dollar ajratiladi.
Davlat rahbari joriy yilda kichik va o‘rta biznesga 120 trln so‘m resurs berilishini va buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trln so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shundan 2,5 trln so‘m yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi.
Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2% arzon bo‘ladi.
“Uy-ro‘zg‘or va farzand tarbiyasidan ortib, tadbirkorlik bilan odamlarni ishli, daromadli qilayotgan ayollarimizga har qancha rahmat aytsak, arziydi”, — dedi Prezident.
Bu yildan kichik biznesga 300 mln so‘mgacha kredit berish boshlandi. Endilikda bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuni 150 mln so‘mi garovsiz beriladi. Xuddi shunday, oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
O‘zbekistonning 15 ta hududida davlat idoralari bitta binoga ko‘chiriladi
15 ta tuman va shaharda barcha davlat idoralari tumanlar markazidagi bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chiriladi. Yangi binolarning 1−2-qavatlari tadbirkorlarga sotiladi. Bu tumanlarda davlat idoralaridan bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinadi.
Yuqori texnologiyali mahsulot yaratadigan tadbirkorlarga 10 ming kv.metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari 5 yilga bepul ijaraga beriladi.
Shuningdek, joriy yil kichik va o‘rta biznes loyihalari infratuzilmasiga ajratilishi belgilangan 1 trln so‘mga qo‘shimcha 500 mlrd so‘m ajratiladi.
Yil davomida 30 ming gektar yerlar yangi tizim asosida savdoga chiqariladi.
Yaqinda ochilgan “Uzagrostar xolding” kompaniyasi tashkil qilindi. Holding kompaniya tarkibida 9 ta bank meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 16 ta kompaniya ochdi.
Bu kompaniyalar har bir viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlaydigan agrosanoat kompleksini quradi. Bunga dastlabki bosqichda yana 200 mlrd so‘m beriladi.
Birinchi marta ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkorlar javobgarlikdan ozod qilinadi
Prezident bundan buyon, tadbirkorlikka endi qadam qo‘yganlar uchun “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etilishini aytdi.
“Ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi ish boshlagan tadbirkorlar birinchi xato uchun “javobgarlikdan sug‘urtalangan” bo‘ladi”, — deya qayd etgan Mirziyoyev.
Yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun, ularni ayniqsa, faoliyat boshlagan birinchi yilida qo‘llab-quvvatlash kerak.
Qayd etilishicha, mamlakatda oxirgi uch yilda 17,5 ming korxona tashkil etilganiga bir yil to‘lmasdan tugatilgan. Yig‘ilishda ayniqsa, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Jizzax viloyatlari mas’ullari yangi korxonalar bilan ishlashda eng orqada ekani aytildi.
Ayrim tadbirkorlar ixtiyoriy tugatish tekshiruvidan o‘tkazilmaydi
Hozirda barcha toifadagi tadbirkorlarga faoliyatini tugatish uchun bir xil talab belgilangan. Ya’ni, kattami-kichikmi, barchasi moliyaviy auditdan o‘tishga majbur. Oqibatda, ixtiyoriy tugatishga ariza bergan minglab kichik korxonalar qachon tekshiruvchi kelib, auditdan o‘tkazishini kutib turibdi.
Shu bois bu jarayon ham soddalashishi e’lon qilindi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.
2028-yil 1-yanvarga qadar QQS va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan.
«Endilikda kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilinadi. Fermerlar uchun ham muhim yangilik – soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechiladi», — dedi Prezident.
Uchrashuv yakunida davlat rahbari kichik va o‘rta biznes vakillari bilan muloqot qilib, takliflarini tinglagan.
“Sizlar yangilik qilishdan charchamanglar, men qo‘llab-quvvatlashdan charchamayman.
Shu maqsadda bugun muhokama qilingan, sizlarning hamma taklif va tashabbuslaringiz o‘rin olgan farmonni imzolayman. Ushbu farmonning barcha yengilliklari bugundan qo‘shimcha hujjatlarni kutmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga kiritiladi”, — deya qayd etgan Mirziyoyev.