Toshkentda ijarada yashash yoki uy sotib olish: qaysi biri arzonroq?

So‘nggi 10 yil ichida Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk bozorida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. O‘zbekistonda uy-joy qurilishining keskin rivojlanishi va taklifning oshishi natijasida uy sotib olish hamda ijarada yashash o‘rtasidagi iqtisodiy farqlar qayta o’rganilmoqda.

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida o‘rtacha kvartira narxi 11,2 yillik ijara to‘loviga teng deb hisoblanmoqda. Bu ko‘rsatkich uy sotib olish uzoq muddatli ijaraga qaraganda afzalroq variant ekanligini anglatadi.

Uy-joy bozori va talab-taklif tendensiyalari

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yildan boshlab uy-joy qurilish sur’ati keskin oshib, 2010–2016 yillarda kvartira soni 400 ming donadan o‘sib, oxirgi 7 yilda bu ko‘rsatkich 1,65 millionga yetgan. 2024-yilga kelib, 100 mingdan ortiq xonadonga ega ko‘p qavatli uylar qurilib, umumiy uy-joy soni 7,6 millionga etgan. 

Shuningdek, 2012–2017 yillarda yillik o‘rtacha 11 million kvadrat metr turar-joy topshirilib, 2018–2023 yillarda bu ko‘rsatkich 14 million kvadrat metrgacha ko‘tarilgan. Natijada, aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi 2017-yilda 15,7 kv.m.dan 2024 yilda 18,9 kv.m.gacha oshgan.

Uy-joyga bo‘lgan talab ham shu davr mobaynida o‘sib bordi. 2019–2021 yillarda uy-joy bozoridagi faollik sezilarli darajada oshgan bo‘lsa, 2022-yildan boshlab bu faoliyat barqarorlashish fazasiga o‘ta boshladi. 2019–2021 yillarda kvartira sotib olish bo‘yicha bitimlar soni har yili 10% dan yuqori o‘sgan, ammo 2022-yilda bu o‘sish 3,8% ga va 2023-yilda 5,7% ga tushgan.

Narx-ijara nisbati qanday?

Toshkent shahrida uy narxlarini ijaraga nisbatan baholashda narx-ijara nisbati muhim ko‘rsatkich bo‘lib, 2025 yil 1-yanvar holatiga ko’ra kvartira narxi 11,2 yillik ijara haqiga teng deb aniqlangan. Bu degani, agar siz hozir uy sotib olish uchun to‘lanadigan summani yil davomida ijara haqiga ajratsangiz, u holda 11,2 yil ichida ijara to‘lovlari uy narxiga teng bo‘ladi.

Iqtisodchilar fikriga ko‘ra, agar narx-ijara nisbati 16 yilgacha bo‘lsa, uy sotib olish ijaraga qaraganda afzal; 16–21 yil oralig‘ida xarid va ijara to‘lovi deyarli bir xil; 21 yildan yuqori bo‘lsa, ijara uy sotib olishdan ko‘ra afzal variant deb hisoblanadi.

Hozirgi holatda Toshkentda bu nisbat 11,2 yil ekanligi uy sotib olishni ijaradan arzonroq va iqtisodiy jihatdan maqbulroq variantga aylantiradi.

Bozorning boshqa ko‘rsatkichlari

Uy-joy bozorida faqat narxlar emas, balki uy sotib olish qobiliyati ham muhim o‘lchovdir. Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, uy-joy xarid qobiliyati – ya’ni, shaxsning o‘rtacha daromadiga nisbatan uy sotib olish uchun kerak bo‘lgan yillar soni – ayrim hududlarda sezilarli farq qiladi. Masalan, Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 14,9 yilni tashkil etsa, boshqa viloyatlarda (Masalan, Qoraqalpog‘iston yoki Qashqadaryo) bu raqam 7,3–8,4 yil atrofida bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, 2024-yil davomida uy-joy bitimlarida pasayish kuzatilgani va ijara to‘lovlarining 2023-yil oktabridan 2024-yil dekabrga qadar pasayib borishi – bu holatlar bozor faoliyatining barqarorlashayotganini ko‘rsatadi.

Ipoteka kreditlari ham uy-joyga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy omil bo‘lib, 2017–2024 yillarda kreditlash hajmi 4,3 baravar, kreditlar qoldig’i esa 7 baravarga ko‘paygan.

Toshkent shahrida uy sotib olish va ijarada yashash o‘rtasidagi tanlov shaxsiy moliyaviy imkoniyatlar, yashash rejalari va investitsiya maqsadlariga bog‘liq bo‘lsa-da, 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra uy narxlari va ijara haqlari o‘rtasidagi nisbat 11,2 yilga tengligi sababli uy sotib olish uzoq muddatli ijaraga qaraganda arzonroq variant sifatida ko‘rinmoqda. Biroq, agar tez-tez ko‘chib yurish yoki boshlang‘ich katta mablag‘ ajratish imkoniyati bo‘lmasa, ijarada yashash ham o‘z o‘rnida qulay bo‘lib qolishi mumkin.

Mahliyo Hamid

Back To Top