Apple kompaniyasida nima gaplar?

Apple kompaniyasi to‘rt yil davomida AQSHga 500 milliard dollardan ortiq mablag‘ investitsiya kiritishini ma’lum qildi.

Mablag‘lar yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgich texnologiyalarini rivojlantirish hamda butun mamlakat bo‘ylab mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltiradi.

Shuningdek, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan serverlarni ishlab chiqarish uchun Texasda Apple Intelligence nomli yangi zavod ochiladi.

Zavod 250 ming kvadrat metr maydonni egallab, ma’lumotlarni qayta ishlash uchun yuqori darajada himoyalangan serverlar bilan ta’minlanadi. Zavodning ochilishi 2026-yilga mo‘ljallangan.

Apple butun mamlakat bo‘ylab ilmiy-tadqiqot markazlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Kelgusi to‘rt yil ichida kompaniya 20 ming mutaxassisni ishga olishni rejalashtirmoqda. Ularning aksariyati tadqiqot va texnologiyalar ustida ishlaydi.

Kompaniya, shuningdek, Detroytda Apple Manufacturing Academy’ni ochadi, u yerda Apple va Michigan shtati universiteti mutaxassislari kichik va o‘rta korxonalarga sun’iy intellekt va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etishda yordam beradi. Dastur xodimlarni bepul o‘qitish va jarayonlarni avtomatlashtirishni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.

Investitsiyalar 50 ta shtatni qamrab oladi, jumladan, Shimoliy Karolina, Ayova, Oregon, Arizona va Nevada shtatlarida ma’lumotlar markazlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

CNBC nashrining qayd etishicha, yangi investitsiyalar haqidagi e’lon Apple bosh direktori Tim Kukning AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvidan keyin paydo bo‘lgan. Ma’muriyat kompaniyaga bosim o‘tkazib, mamlakat ichida ishlab chiqarishni kengaytirishni talab qilmoqda. Hozir Apple mahsulotlarining aksariyati Xitoyda yig‘iladi.

Ayni vaqtda Apple AQShda 2,9 milliondan ortiq ish o‘rnini ta’minlamoqda. Kompaniyaning o‘zi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida 75 milliard dollardan ortiq soliq to‘lagan, shu jumladan 2024-yilda 19 milliard dollar.

2025-moliyaviy yilning birinchi choragi hisobotiga ko‘ra, Apple daromadi 4 foizga o‘sib, 124,3 milliard dollarni, sof foydasi esa 7,1 foizga oshib, 36,33 milliard dollarni tashkil etdi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu uning tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir.

Back To Top