
So‘nggi yillarda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi dunyo iqtisodiyotiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. 2018-yilda boshlangan bu mojaro natijasida AQSh Xitoy mahsulotlariga qo‘shimcha bojlar joriy etdi, Xitoy esa bunga javoban AQSh mahsulotlariga bojlarni oshirdi. Bu keskinlik global iqtisodiy o‘sishga zarar yetkazdi, investorlarning ishonchi pasaydi va xalqaro savdo yo‘nalishlari o‘zgara boshladi. Bundan tashqari, Xitoyning yangi sun’iy intellekti DeepSeek’ning taqdimoti AQSh fond bozoridagi kompaniyalarning foiz stavkalarini keskin pasayishiga sabab bo’ldi.
O‘zbekiston uchun qanday ta’siri bor?
Birinchidan, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. Agar Xitoy iqtisodiyoti savdo urushi tufayli zarar ko‘rsa, bu O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan mahsulotlarga talabning pasayishiga olib kelishi mumkin. Masalan, O‘zbekistonning tabiiy gaz, paxta tolasi yoki boshqa xomashyo eksporti kamayishi ehtimoli bor. Shu bilan birga, Xitoydan import qilinadigan texnika va texnologiyalar narxi oshishi yoki yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.
Shuningdek, savdo urushi global iqtisodiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday sharoitda O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlatlar yangi bozorlarni topishga majbur bo‘ladi. Bu esa vaqt va resurs talab qiladi. Masalan, Yevropa Ittifoqi yoki Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalarini kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi.
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi bilan bog‘liq vaziyat Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida ham sodir bo‘lgan, ya’ni bu birinchi marta emas. 2018-yilda AQSh Xitoyning alyuminiy va po‘latiga bojlar kiritdi, Xitoy ham Amerika tovarlariga o‘z bojlari bilan javob qaytardi. Bu holat haqida Markaziy bank vakili shunday munosabat bildiradi:
«2019-yilda (O‘zbekistonning) Xitoyga eksporti hajmi 22% ga kamaydi, import esa 34% ga oshdi. Bu shuni anglatadiki, agar Xitoy AQShga to‘liq eksportni amalga oshira olmasa, muqobil bozorlarni izlay boshlaydi, ulardan biri, albatta, O‘zbekistondir. Buning oqibatlaridan biri esa savdo balansi taqchilligining oshishi bo‘lishi mumkin».
Shunga qaramay, Xitoyning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlariga importini ko‘paytirish transport-logistika xizmatlarining o‘sishiga olib kelishi mumkin, bu esa savdo balansi taqchilligining oshishini qisman qoplaydi.
Bundan tashqari, Amerika siyosatidagi o’zgarishlar fonida O’zbekistonning asosiy eksport tovari bo’lgan oltin narxi qimmatlashishi mumkin. Yashil energetikaning rivojlanishi misga bo’lgan talabni oshiradi, bu esa O’zbekiston uchun mis eksportini ko’paytirish imkoniyatini yaratadi. Rossiyaga qo’llanilayotgan sanksiyalar esa O’zbekistondan yuboriladigan oziq-ovqat mahsulotlariga talabni ham oshirmoqda.
«Ayni paytda AQShda Xitoy mahsulotlari uchun 10 foizlik tariflarning kiritilishi O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha aniq hisob-kitoblarimiz yo‘q. Bu jarayonni uzoqroq muddat, hech bo‘lmaganda bir chorak kuzatib borsak, keyin raqamlarni keltirsak bo‘ladi», dedi Markaziy Bank rasmiysi Otabek Tojiddinov.
Ma’lumot uchun, 2021-2024 yillar oralig‘ida O‘zbekistonning Xitoyga eksporti 18,4 foizga kamaygan bo‘lsa, import hajmi 2,1 barobarga o‘sgan.
Xulosa qiladigan bo’lsak, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo urushi O‘zbekiston uchun ham yangi imkoniyatlar, ham muammolarni keltirib chiqaradi. Xitoy bozoriga eksport hajmining oshishi va investitsiyalar oqimi foyda keltirishi mumkin, lekin mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun kuchaygan raqobat va global bozorlarning beqarorligi qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.
Mahliyo Hamid