DeepSeek ta’siri: Xitoyning yangi sun’iy intellekti AQSh kompaniyalariga xavf solmoqda 

Xitoyning «DeepSeek» sun’iy intellekt modeli e’lon qilinganidan so‘ng, AQSh texnologik bozori sezilarli o’zgarishlar sodir bo’ldi. 

Bu yangilik AQShdagi yirik kompaniyalar, ayniqsa sun’iy intellekt va chip ishlab chiqaruvchi firmalar uchun kutilmagan zarba berib, aksiylar tushishiga sabab bo’ldi. Chunki DeepSeek nisbatan kam mablag‘ bilan yaratilgan bo‘lsa-da, OpenAI va Google kabi gigantlarning ilg‘or modellariga teng raqobatchiga aylandi.  

Bu esa investorlar orasida xavotir uyg‘otdi va natijada AQShning fond bozori bir kunda $1 trln yo’qotdi.

AQSh texnologik kompaniyalari aksiyalarining pasayishi

DeepSeek modeli taqdim etilganidan so‘ng, AQShning yirik kompaniyalari fond bozorida keskin pasayish kuzatildi. Ayniqsa, NVIDIA va Broadcom kabi chip ishlab chiqaruvchi kompaniyalar eng katta zarbani oldi.

• NVIDIA (NVDA): -16.47% ; 
• Broadcom (AVGO): -16.18%;  
• Oracle (ORCL): -10.95%; 
• Microsoft (MSFT): -3.71%; 
• Google (GOOGLE): -2.76%; 
• Tesla (TSLA): -1.62%;
• AMD: -6.09% ; 

Aksiyalarning bunday keskin tushishi, ayniqsa, sun’iy intellekt bozorida yillar davomida ustunlik qilgan kompaniyalar uchun katta ogohlantirish signali bo‘ldi. NVIDIA va Broadcom kabi kompaniyalar sun’iy intellekt texnologiyalari uchun zarur bo‘lgan chiplarni ishlab chiqarishi bilan tanilgan. Shu bois, Xitoyning DeepSeek modelini yaratishda kamroq resurs ishlatgani investorlarni xavotirga soldi.  

Bozordagi inqiroz sabablari

DeepSeek’ning muvaffaqiyati AQSh kompaniyalari uchun bir necha sababga ko‘ra tahdid tug‘diradi:  

1. Arzon narxda sun’iy intellekt yaratish imkoniyati – OpenAI va Google kabi kompaniyalar milliardlab dollar sarflab ishlab chiqayotgan modellar endi atigi 6 million dollar bilan yaratilayotganini ko‘rishdi. Bu esa ularga bo‘lgan ishonchni pasaytirdi.  

2. Ochiq kodli modelning ta’siri – DeepSeek’ning ochiq kodli bo‘lishi texnologiya sohasidagi raqobatni keskin oshiradi. Endi boshqa kompaniyalar ham ushbu modelni rivojlantirib, bozorda yangi o‘yinchilar paydo bo‘lishi mumkin.  

3. AQSh sanksiyalarining samarasizligi – AQSh hukumati NVIDIA’ning eng ilg‘or chiplarini Xitoyga sotishni taqiqlagan edi. Biroq bu Xitoyning sun’iy intellekt sohasida rivojlanishiga to‘sqinlik qilmadi. Aksincha, ular kamroq quvvat bilan ham ilg‘or model yaratishga muvaffaq bo‘lishdi.  

4. Investorlar ishonchining pasayishi – DeepSeek’ning taqdimoti investorlarni shubhalantirdi. Sun’iy intellekt kompaniyalari hozirda juda qimmat kapitalga ega bo‘lib, ularning bozor qiymati milliardlab dollarga yetgan. Biroq DeepSeek kabi yangi texnologiyalar bu kompaniyalarning monopoliyasiga tahdid solmoqda.  

Endi nima bo‘ladi?

DeepSeek’ning paydo bo‘lishi AQSh texnologik kompaniyalari uchun yangi sinov bo‘lishi aniq. Endilikda ular:  

– Sun’iy intellektni rivojlantirish uchun investitsiya strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi kerak;

– Ochiq kodli sun’iy intellektga moslashishi va DeepSeek’ga raqobatchi yangi loyihalarni ishlab chiqishi zarur.  

– Xitoy bilan texnologik raqobatda yanada kuchli AI tizimlarini yaratishga harakat qilishi lozim.  

Xitoy esa sun’iy intellekt bozorida endi faqat AQShga yetib olishni emas, balki yetakchilikni qo‘lga kiritishni maqsad qilayotgani aniqlashdi.  

AQSh fond bozori DeepSeek’ning ta’siridan tezda tiklana oladimi yoki bu hodisa global texnologik bozorning qayta shakllanishiga olib keladimi – buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin hozircha aniq bo‘lgan narsa shuki, DeepSeek AQSh texnologik kompaniyalarining monopoliyasini sindirishi mumkin.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirishga 1 trln yuan ajratgani haqida xabar bergan edik.

Back To Top