Ijtimoiy karta nima va u kimlar uchun?

Shavkat Mirziyoyev, avvalroq, ijtimoiy karta tizimi joriy qilinishini e’lon qilgan edi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu kartaga oid savollar va ma’lumotlar ko‘payib borayotganini inobatga olib, eng muhimlarini aniqlashtirdi.

Bunda, ijtimoiy karta 2024-yilning dekabr oyidan boshlab yangi tayinlangan 9 turdagi ijtimoiy to‘lovlar oluvchi shaxslarga taqdim etilmoqda. 

Ushbu shaxslarga ijtimoiy kartalar bepul beriladi va dastlab to‘lov vositasi (bank kartasi) funksiyasini bajaradi.

2024-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagi to‘lovlar ijtimoiy karta orqali to‘lab berilmoqda:

– kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi;

– kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam;

– yoshga doir nafaqa;

– nogironlik nafaqasi;

– yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oylik moddiy yordam;

– nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqalari;

– nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalar uchun nafaqa;

– protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari xaridi uchun vaucher;

– boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi.

Shuningdek, yana qo‘shimcha 2 turdagi ijtimoiy to‘lovlar, ya’ni homiladorlik va tug‘ish nafaqasi hamda “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar ham to‘lab beriladi.

U kimlarga beriladi?

– Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalar (shaxslar);

– “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar;

– ko‘p bolali oilalarning aʼzolari;

– nogironligi bo‘lgan shaxslar;

– o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar bo‘lgan yolg‘iz yashovchi va yolg‘iz keksalar;

– o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar parvarishi bilan band bo‘lgan shaxslar;

– yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;

– vasiylar (homiylar), tutingan ota-onalar;

– muomalaga layoqatsiz shaxslar;

– muomala layoqati cheklangan shaxslar;

– muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning qonuniy vakillari;

– pensionerlar;

– davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lanayotgan talabalar;

– davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lanayotgan o‘quvchilar (tinglovchilar);

– shahar yo‘lovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga.

Fikr bildirish

Back To Top