Quyida jarayonning eng muhim qismlarini jamladik!

Tramp 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongach, Kanadaga tahdid qilishni boshladi. Siyosatchi dastlab Meksika va Kanada tovarlariga 25 foizlik, Xitoynikiga esa 10 foizlik boj joriy etishini aytgandi. Bu noqonuniy migrantlar oqimi va giyohvand moddalar kontrabandasi bilan bog‘liq.
Tramp tegishli bayonotni Kanada bosh vaziri Jastin Tyudo bilan suhbatda ham bildirgandi. U agar tegishli chora ko‘rilmasa, Kanada AQSHning 51-shtati, Tryudo esa uning gubernatori bo‘lishini ta’kidlagan. Shuningdek, Kanada Qo‘shma Shtatlarga qo‘shib olingan taqdirda, mamlakatdagi soliqlar 60 foizdan ko‘proqqa pasayishini bildirgan.
6-yanvar kuni Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo liberallar partiyasi rahbari lavozimidan ketishini e’lon qildi. Tramp esa unga yana bir bor taklifini eslatib o‘tgan.
7-yanvar kuni Kanada hukumati Trampning taklifiga qat’iyan rad javobini berdi.
«Saylangan prezident Trampning fikrlari Kanadani kuchli mamlakat qiladigan narsalarni mutlaqo tushunmasligini ko‘rsatmoqda. Iqtisodiyotimiz baquvvat. Xalqimiz matonatli. Biz hech qachon tahdidlar oldida orqaga chekinmaymiz», dedi Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli.
Shuningdek, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham mamlakat hech qachon AQSHning 51-shtatiga aylanmasligini ta’kidladi.
7-yanvar kuni AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp saylov natijalari rasman tasdiqlangandan keyin ilk matbuot anjumanini o‘tkazdi. Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida jurnalistlar oldida chiqish qilgan Tramp bir nechta bahsli bayonotlar berdi.
Xususan, agar Panama kanalida AQSH harbiy kemalar uchun bojlarni pasaytirmasa, kanalni AQSHga qaytarishini aytgan. Bunga javoban Panada prezidenti Xose Raul Mulino kanal Panamaga tegishli va mamlakat tarixining bir qismi ekanini ta’kidlagan.
Keyingi navbatda Grenlandiya ham turibdi. Trampning iddaolariga nisbatan Grenlandiya parlamenti vakili orol sotilmasligini ma’lum qilgan,
Jurnalistlar Trampdan Panama kanali va Grenlandiyaga nisbatan harbiy yoki iqtisodiy bosim o‘tkazmaslikka va’da bera olishini so‘rashdi. U esa:
«Yo‘q, men bunday va’da bera olmayman. Ular bizning iqtisodiy xavfsizligimiz uchun zarur. Panama kanali bizning harbiy qudratimiz uchun qurilgan. Biz bu masalada chora ko‘rishimiz mumkin».
Bundan tashqari, Tramp Meksika ko‘rfazini qayta nomlashni taklif qilgan.
«Biz Meksika ko‘rfazining nomini Amerika ko‘rfazi deb o‘zgartiramiz. Amerika ko‘rfazi – naqadar chiroyli nom. Va u haqiqatga ham mos tushadi».
Kanada haqida
«Kanada va AQSh – birlashganida ajoyib bo‘lardi. Siz sun’iy chegara bilan o‘ralgan joylarni olib tashlaysiz va qanday natija bo‘lishini kuzatasiz. Bundan tashqari, bu milliy xavfsizlik uchun ham foydali bo‘ladi. Biz deyarli Kanadani himoya qilish uchun yuzlab milliard dollar sarflaymiz. Bu juda katta xarajat. Kanada AQShning bir shtati bo‘lishi kerak».
Trampdan Kanada ustidan harbiy kuch ishlatish niyati bor-yo‘qligi so‘ralganida, u javob berdi:
«Yo‘q. Faqat iqtisodiy kuch ishlatamiz».
NATO haqida
«Agar men bo‘lmaganimda, NATO hozir mavjud bo‘lmagan bo‘lardi. Chunki 21 ta davlat o‘z majburiyatlarini bajarmayotgan edi. Men esa: «Agar to‘lov qilmasangiz, biz sizni himoya qilmaymiz», dedim. Va natijada 680 milliard dollar yig‘ildi… Ular 2% emas, 5% to‘lashlari kerak. Agar men prezident bo‘lsam, bu talabni qat’iy amalga oshiraman».
Kecha, 8-yanvarga kelib, Trampning harakatlari ommani hayron qoldirdi.
Siyosatchi Kanadani o‘z ichiga olgan Qo‘shma Shtatlar xaritasini Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga joyladi.

Prezidentligi haqida
«Bilishingizcha, men Amerika Qo‘shma Shtatlarining saylangan prezidentiman. Men juda muvaffaqiyatli prezident bo‘lganman. Biz mamlakatimiz tarixidagi eng buyuk iqtisodiyotga ega edik. Chegaralarimiz yopiq va xavfsiz edi. Hammasi joyida edi. Urushlar yo‘q edi. Biz IShIDni yengdik. Endi esa men qaytib kelganimda, dunyo Rossiya, Ukraina va Isroil mojarolari bilan yonmoqda».
Ukraina va Rossiya haqida
«Bu Baydenning muvaffaqiyatsizligi. Agar bizda haqiqiy prezident bo‘lganida, bu hech qachon sodir bo‘lmas edi. Rossiya hech qachon Ukrainaga bostirib kirmagan bo‘lar edi. Oddiy muzokarachi ham kelishuvga erishishi mumkin edi. Rossiya, uzoq yillar oldin – Putin davridan ancha oldin – NATO hech qachon Ukraina ishlariga aralashmasligi kerakligini aytgan. Ammo Bayden: «Yo‘q, ular NATOga qo‘shilishi kerak», dedi. Agar Rossiyaning eshigi oldida bunday harakatlar sodir bo‘lsa, men ularning his-tuyg‘ularini tushunaman».
Ekspertlar dunyo mamlakatlarining suverenitetiga tahdid qilayotgan AQSHning 47-prezidenti Donald Trampning hatti-harakatlarini Rossiya Prezidenti Vladimir Putinnikiga o‘xshash ekanligini ta’kidlagan.