
Bugungi kunda o‘zbekistonlik yoshlardan ko‘plari o‘z mehnati, bilimga chanqoqligi va intilishi bilan nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida ham o‘z o‘rnini topmoqda. Shunday yigitlardan biri — Oybek Rafukjonxojiyev. U Andijonda tug‘ilib o‘sgan, Toshkentda oliy ta’lim olgan, bugun esa AQShning Chikago shahrida yashab, xalqaro kompaniyada Supply Chain Analyst/Strategic Operations Manager, ya’ni ta’minot zanjiri tahlilchisi va strategik operatsiyalar bo‘yicha menejer sifatida faoliyat yuritmoqda. Suhbat davomida qahramonimiz hayot yo‘li, muvaffaqiyat yo‘lida erishgan yutuqlari va orzulari bilan o‘rtoqlashdi.
Oybek, akademik faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz.
Hamma qatori maktab, keyin litseyni tamomlagach, Toshkentda oliy ta’limni davom ettirishga qaror qildim. 2021-yilda Singapur menejmentni rivojlantirish institutinining bakalavr diplomini qo‘lga kiritdim. Bu yerda men faol talabalardan edim. Masalan, iqlim o‘zgarishi, ekologik barqarorlik va qishloq joylarda ta’limni rivojlantirishga oid innovatsion g‘oyalar bo‘yicha Model United Nations (MUN) tadbirini tashkil qilganman. Shuningdek, do‘stlarim bilan «Eco Stove» nomli chiqindilardan yashil energiya olish bo‘yicha loyihamiz bilan biznes g‘oyalar tanlovida g‘olib bo‘lganmiz.

Bakalavr diplomini olgach, biroz tanaffus qilib, o‘z ustimda ishladim. 2022-yilda esa – Concordia University Chicago magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilindim. Bu universitet AQShdagi eng nufuzli xususiy oliygohlardan biri, qabul darajasi atigi 27%. Bu yerda men ta’minot zanjiri boshqaruvi, ijtimoiy va barqaror moliya (ESG Investing) yo‘nalishlarida bilimlarimni chuqurlashtirdim.
Ustozim Dr. Paul men uchun doimo ilhom manbayi bo‘lgan. U o‘z vaqtida AQSh prezidenti Bill Klinton davrida tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan, xalqaro tajribaga boy inson. Shunday ustoz qo‘l ostida tahsil olish – men uchun katta sharaf.
Xorijda o‘qish g‘oyasi sizda qayerdan paydo bo‘ldi?
Bu orzu 2-bosqich talabasi bo‘lganimda boshlandi. O‘sha paytda “Work & Travel” yozgi dasturiga hujjat topshirdim. Takliflar ko‘p edi, lekin men o‘zimni sinab ko‘rish uchun lifeguard, ya’ni qutqaruvchi vazifasini tanladim. “American Red Cross” va “AquaSafe Pool Management” orqali zarur treninglardan o‘tib, 2019-yil bahorida AQShga vizani qo‘lga kiritdim. Ana o‘shanda hayotimdagi chinakam sayohat boshlandi.
U yerga borgach Virjinia shtatining Alexandriya shahrida ishladim. Ishim unchalik qiyin emas edi. Bo‘sh vaqtlarimizda do‘stlar bilan boshqa shtatlarga sayohatlar uyushtirdik. O‘sha davrda sayohat qilish menga katta motivatsiya bergan, tez-tez sayohat qiladigan odat chiqarganman. Bundan tashqari, Amerikadagi taraqqiyot, ta’lim darajasi, talabalarga berilayotgan imkoniyatlar ham e’tiborimni tortardi. Natijada menda magistratura bosqichini shu yerda o‘qish fikri paydo bo‘ldi.

Hozirgi faoliyatingiz haqida nimalar deya olasiz?
Ayni paytda “UGL Holding” kompaniyasida ta’minot zanjiri tahlilchisi/strategik operatsiyalar bo‘yicha menejer lavozimida ishlayapman. Bugunga qadar 100dan ortiq loyihalarni boshqarish nasib qildi. Kundan kunga professional tajribamni oshirib boryapman.
Bundan tashqari, “American Red Cross” a’zosi sifatida gumanitar loyihalarda qatnashaman, qutqaruvchi sertifikatiga egaman. Madaniy almashinuv dasturlarida ishtirok etish, yoshlar uchun bepul ingliz tili kurslari, sport tadbirlari tashkil etish — bu ham mening sevimli mashg‘ulotlarimdan.

Kelajak rejalaringiz qanday?
Rejalarim katta. Asosiysi — o‘zim sevgan kasb bilan shug‘ullanish. Men uchun muvaffaqiyat — bu har kuni qilayotgan ishimdan zavqlanish. Shuningdek, hayotimda o‘zimdan iz qoldirishni, ijtimoiy foyda keltirishni istayman. Kelajakda ortga qarab, “Men bu dunyoga oz bo‘lsa-da foyda keltirdim”, deya olish — eng yuksak maqsadim.
Oybek Rafukjonxojiyevning hayotiy yo‘li – bu orzuga ishonish, mehnat va intilishning yorqin namunasidir. U bizga qat’iyat va harakat bilan har qanday orzu amalga oshishi mumkinligini ko‘rsatib berdi. “Harakatda bo‘ling, orzu qilishdan hech qachon to‘xtamang!” – deydi u.
Mahliyo Hamidova suhbatlashdi