Xalqaro maydonda ilm cho‘qqilarini egallayotgan o‘zbek olimi – Saidbek Mamasoliev hikoyasi

Har bir insonning hayotida unga yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qiladigan bir orzu bo‘ladi. Bu orzu kimnidir ijodga yetaklasa, boshqalarini ilmiy izlanishlar sari yo‘naltiradi. Saidbek Mamasoliev ana shunday ilm yo‘lini tanlagan va xalqaro iqtisodiy aloqalar hamda biznes boshqaruvi sohasida yetuk mutaxassis bo‘lish sari intilayotgan o‘zbekistonlik yosh olimlardan biri.Bu yo‘l oddiy boshlangani yo‘q. Saidbek bolaligidan ilmga chanqoq, qiziquvchan, xalqaro iqtisodiy jarayonlarni chuqur o‘rganish istagi bilan ulg‘aydi. Bu intilish uni dunyoning eng nufuzli universitetlarida o‘qish, xalqaro akademik hamjamiyatlar a’zosiga aylanib, ilm-fanga o‘z hissasini qo‘shishga undadi.

Ilm-fan va izlanishlar

Dastlab, Saidbek San-Fransisko universitetida xalqaro munosabatlar bo‘yicha bakalavr darajasini oldi. Keyinchalik, u nufuzli Denver universitetining Jozef Korbel Xalqaro Aloqalar maktabida magistraturani tamomladi. U yerda bilim olish bilan bir qatorda “Graduate Research Assistantship at the Sie Center for International Security and Diplomacy” dasturi doirasida tadqiqotlar olib bordi, professorlar bilan hamkorlikda qator ilmiy nashrlar va loyihalarda ishtirok etdi.

Hozirda esa Kaliforniyada joylashgan Lincoln Universitetida Xalqaro Biznes Boshqaruvi va Xalqaro Iqtisodiy Aloqalar bo‘yicha doktoranturada tahsil olmoqda. Shu bilan birga, u ushbu universitetda Professor yordamchisi va ilmiy tadqiqotchi sifatida ham faoliyat yuritadi. Saidbek ilm olishdan tashqari, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ham faol, o‘z yo‘nalishidagi xalqaro tadbirlarda muntazam ravishda ko‘ngilli sifatida ishtirok etib keladi. 2023-yilning sentabrida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitidagi ishtiroki, ham shular jumlasidan.

Ilmiy maqolalari va global e’tirof

Saidbek ilmiy izlanishlari ortidan xalqaro iqtisodiy aloqalar, global biznes boshqaruvi, va xalqaro xavfsizlik bo‘yicha bugunga qadar 18ta ilmiy maqola chop etgan. Uning tadqiqotlari xalqaro akademik hamjamiyatlar tomonidan e’tirof etilgan, ilmiy ishlarda 300 martadan ortiq iqtibos sifatida ishlatilgan.

Quyida uning nufuzli nashrlarda chop etgan maqolalaridan ba’zilari:

“A Policy Background Paper on Central Asia’s Food Insecurity Food and Nutrition Security for Sustainable Development” – oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha.
“International Business Law and US Market Expansion” – iqtisodiy siyosat va global biznes boshqaruvi bo‘yicha.

Ushbu tadqiqotlar xalqaro iqtisodiy aloqalar, xalqaro savdo va global siyosiy jarayonlarning turli aspektlarini tahlil qilishga qaratilgan bo‘lib, Saidbekning ilmiy karyerasida ancha tosh bosadi. Bejizga u xalqaro aloqalar, jahon siyosati, global rivojlanish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha nufuzli tashkilotlarning tahrir hay’ati a’zoligiga saylanmagan.

Saidbek ko‘plab xalqaro ilmiy jurnallarning tahrir hay’atida faoliyat yuritadi va xalqaro ilmiy tashkilotlarning faol a’zosi hisoblanadi. Jumladan,
International Studies Association (ISA) – xalqaro tadqiqot va ilmiy hamkorlik tashkiloti.
American Political Science Association (APSA) – AQSh siyosiy fanlar uyushmasi.
International Political Science Association (IPSA) – xalqaro siyosiy fanlar uyushmasi.
American Association for the Advancement of Science (AAAS) – ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan nufuzli tashkilot.
United Nations Association of the USA (UNA-USA) – BMT bilan bog‘liq akademik tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan uyushma.
Yuqoridagi uyushmalarda u xalqaro iqtisodiy aloqalar, global diplomatiya va iqtisodiy barqarorlik masalalarida faol tadqiqot olib boradi.

Saidbek nafaqat ilmiy maqolalar yozish, balki xalqaro ilmiy tanlov va loyihalarda ham faol ishtirok etadi. Xususan, 2023-2024-yillarda MDH mamlakatlari doirasida o‘tkazilgan ilmiy-innovatsion ko‘rik-tanlovlarda o‘z ilmiy maqolalari bilan qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va “Best Publication” ilmiy tadqiqotlar markazining “Ilm-fan sohasidagi xizmatlari uchun” hamda “Scientific Academy” ilm-ma’rifat markazining “Faol tadqiqotchi” esdalik ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Ushbu muvaffaqiyat uning xalqaro iqtisodiyot va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi yutuqlarining yana bir karra e’tirof etilishi edi.

Saidbek ilmiy faoliyat bilan birga xalqaro siyosat va iqtisodiyot bo‘yicha ham muhim loyihalarda ishtirok etgan. U:
• BMTning Markaziy Osiyoda iqtisodiy rivojlanish va turizm bo‘yicha 74/214-sonli rezolyutsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
• BMT tomonidan Orol dengizi hududida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun tashkil etilgan yangi fond ishida faol qatnashgan.
• 2019-yilda BMTning Markaziy Osiyo tinchligi va barqarorligi bo‘yicha 72/283-sonli rezolyutsiyasini tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shgan.

Albatta, bunday loyihalarda qatnashish Saidbekning iqtisodiy diplomatiya va xalqaro aloqalar sohasidagi tajribasini mustahkamlashga yordam berdi.

Saidbekning hayot yo‘li ilm-fan, izlanish va mashaqqatli mehnat bilan har qanday yutuqqa erishish mumkinligiga yorqin misol bo‘la oladi. U o‘zining cheksiz izlanishlari, mashaqqatli mehnati va xalqaro miqyosdagi tadqiqotlari orqali bugun xalqaro iqtisodiy aloqalar va global biznes boshqaruvi bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida shakllanmoqda. Umid qilamizki, bu hikoya har bir yosh olim uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. Zero, ilm yo‘lida qat’iyat bilan intilgan har bir inson yuksak cho‘qqilarini zabt etishga qodir!

Mushtariybegim Tursunova suhbatlashdi.

Back To Top