Meni ko‘pchilik SI muhandisi sifatida taniydi. Lekin hammasi bundan ancha oldinroq, pandemiya davrida boshlangan edi. O‘sha paytda Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetida (TATU) o‘qirdim. Telekommunikatsiya texnologiyalari va mobil tizimlar yo‘nalishida o‘qirdik. Ilmiy izlanishga qiziqishim juda kuchli bo‘lgani sabab, har qanday musobaqa, tanlov, yoki professorlik suhbatlariga faol qatnashardim.

Ilmiy izlanishlarga qiziqish sizda qanday paydo bo‘lgan, ilk motivatsiya nimada edi?
– Menimcha, bu oilaviy muhitdan boshlangan. Buvi-bobolarim, ota-onam olimlardan bo’lishgan,uyda ilmiy suhbatlar ko’p o’tqazilardi. TATUda o‘qish davomida bu ishtiyoq mustahkamlandi. Har bir amaliy mashg‘ulotni imkon qadar chuqurroq o‘rganishga, orqasidagi printsiplarni tushunishga harakat qilardim.
2020-yil boshlarida pandemiya boshlanganida dunyo digital yechimlarga intildi. Men ham bu davrni imkoniyat sifatida qabul qildim. O‘z oldimga maqsad qo‘ydim — chet elda zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha chuqur ilm olish.
Xitoydagi tajribangiz haqida ham eshitgan edik. U qanday kechdi?
– Bu ham mening yo‘limda muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. TATUda ikkinchi kursda o‘qiyotganimda Huawei kompaniyasining «Seeds for the Future» dasturiga hujjat topshirdim. Juda qat’iy tanlov bosqichlaridan o‘tdim: tavsiyanomalar, IELTS, GPA, esse va suhbatlar orqali birinchi bosqichdan o‘tdim. Ikkinchi bosqichda esa matematika, mantiq va ingliz tili bo‘yicha test topshirdik. Uchinchi bosqichda Huawei kompaniyasi bilan intervyudan o‘tdim. Butun O‘zbekistondan atigi 10 nafar talaba tanlab olindi.
Biz may oyining oxirida Xitoyga yo‘l oldik va iyul oxirida qaytdik. Dastur Xitoyda trening va stajirovka qilish imkoniyatini berardi. Birinchi hafta Pekinda bo‘ldik, madaniy almashinuv dasturlarida qatnashdik, xitoy tilini o‘rgandik, muzeylarga bordik. Ikkinchi hafta esa Shenzhen shahriga ko‘chdik — bu Huawei bosh ofisi joylashgan shahar. U yerda bizni texnik treninglar kutardi: telekommunikatsiya, IoT, va sun‘iy intellekt asoslari. Aynan o‘sha yerda Sun‘iy Intellekt bilan ishlash tajribasi menga kuchli motivatsiya berdi, bu yo‘nalishga ilk qadamlarimni qo‘yishga undadi.
Dastur yopilish marosimida esa O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi Xitoydagi elchisi Baxtiyor Saidov (hozirgi tashqi ishlar vaziri) va Huawei kompaniyasi bosh direktori ham qatnashgan, bizga sertifikatlar topshirilgan.
Keyinchalik, bakalavriatni tamomlash arafasida Huawei’ning Toshkentdagi ofisida ham stajirovka qildim. Bu tajribalar menga texnologik ko‘nikmalar, xalqaro muhitda ishlash va katta kompaniya ichidagi jarayonlarni chuqur tushunishga zamin yaratdi. Shu asosda magistratura uchun Fransiyaga ketdim.
Fransiyaga borish qarori qanday qabul qilindi? Grant yutish jarayoni qanday kechdi?
– Shu orada Fransiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan BGF — Bourse du Gouvernement Franjais granti haqida eshitdim. O‘ta saralovchi tanlov. O‘zbekiston bo‘yicha atigi bir necha talabaga nasib qiladi. Men motivatsion xatim, akademik natijalarim, IELTS sertifikatim va professorlarning tavsiyalari bilan hujjat topshirdim. Keyingi bosqich — intervyu bo‘ldi. O‘sha suhbatda o‘z sohamga bo‘lgan sadoqatimni, ilmiy qarashlarimni ko‘rsatdim.
Nihoyat, men Université Côte d’Azurning Modeling of Neuronal and Cognitive Systems magistratura dasturiga qabul qilindim. Bu dastur sun‘iy intellekt, neyron tarmoqlar va kognitiv tizimlar kesishmasida olib boriladi.

Fransiyadagi dastur siz kutgandek bo‘ldimi? U yerda qanday tajriba oldingiz?
– Fransiyaga borishim oson kechmadi, lekin aynan u yerda ilmiy fikrim shakllandi. Magistratura davrida men Fransiyadagi CNRS ilmiy institutida ishladim. U yerda kamera tizimlarida tasvirlarni tahlil qilish, sog‘liqni saqlash sohasida ma’lumotlarni tozalash va avtomatlashtirish bo‘yicha tadqiqotlar olib bordim.
Keyinchalik Orange kompaniyasida sun‘iy intellekt asosida chatbotlar ishlab chiqish bo‘yicha ishladim. Fransiyada kompaniyalar talabalar bilan ishlash uchun davlatdan katta subsidiyalar oladi. Bu sistemada barcha yutadi: kompaniya yosh mutaxassisni tayyorlaydi, talabalar universitet davridayoq tajriba orttiradi, davlat esa ishsizlikni kamaytiradi.
Ikki yillik magistratura davomida men nazariyani amaliyot bilan bog‘ladim. 2023-yil magistrlik diplomini oldim. Orange’dagi shartnomam tugagach, O‘zbekistonga qaytdim. Shunchaki dam olish uchun emas — bu yerdagi professorlar bilan ilmiy hamkorlik qilish niyatim bor edi.
Davlatimiz uchun muhim bo’lgan ilmiy loyihaga qanday qo‘shilib qoldingiz?
– Shu orada bir uchrashuv hayotimni yana o‘zgartirdi. AQShdagi University of Texas at Dallas (UT Dallas) universitetida fizika fanlari professori bo‘lib ishlovchi qarindoshim Anvar Zakhidov bilan Toshkentda ko‘rishdik. Ular menga yangi ilmiy loyiha haqida aytib, birgalikda ishlashni taklif qildilar. Bu katta loyiha edi:
“Ko‘p sektorli yorituvchi quyosh oynasi asosida elektr ta’minoti usuli”.
Ushbu loyiha issiqxonalar, turar-joylar va tijoriy binolar uchun quyosh nurlari orqali elektr energiyasi olishni maqsad qilgan. Patent mualliflari quyidagilar:Samarqand Davlat Universiteti professorlari, Anvar Zakhidov, fizika fanlari professori, UT Dallas, va men.
Men bu loyihada sun‘iy intellekt asosida energiya oqimini tahlil qilish, simulyatsiyalar yaratish va real foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha ishlayapman. Bu mening ilmiy qiziqishim va mamlakat uchun foydali bo‘lish orzumni birlashtirgan loyiha.
Siz ayni vaqtda Tenge Bankda ham faoliyat yuritgan ekansiz. Bu soha sizga nimani o’rgatdi?
– Shu vaqt davomida men yana bir professional bosqichga o‘tdim — Tenge Bank. Bu O‘zbekistondagi yetakchi banklardan biri. U yerda men SI muhandisi sifatida kredit baholash tizimini ishlab chiqdim. Loyihamiz yakka tartibdagi tadbirkorlarning mobil ilova orqali mikrokredit olishini osonlashtirdi. Yaxshi jamoa bilan ishladik, texnologiyani real hayotga olib chiqdik.
PhD bosqichi uchun qanday tayyorgarlik ko‘rdingiz?
– Bu jarayonlar davomida men PhD uchun ariza topshirish jarayonini boshlagan edim. Odatda PhD dasturlariga tayyorgarlik bir yil oldin boshlanadi: motivatsion xat, research proposal, tavsiyanomalar, GRE va IELTS, CV va boshqalar. Men bularning barchasini tayyorlab, UT Dallas universitetiga, o‘sha ilgari hamkorlik qilgan professor Anvar Zakhidov faoliyat yuritadigan joyga hujjat topshirdim.
Ma’qul ko‘rilganimda, hayajonim cheksiz edi. Viza hujjatlarini yig‘ib, yakuniy bosqichlardan o‘tib, Texas shtatining Dallas shahriga yo‘l oldim.

Hozirgi kundagi doktorantura faoliyatingiz qanday kechmoqda?
– Hozir PhD dasturining birinchi yilidaman. AQShda doktorantura bosqichi ilk yillarda asosan bilim olishga, oxirgi yillarda esa o‘z ilmiy tadqiqotiga bag‘ishlanadi. Men sun‘iy intellekt va moliyaviy texnologiyalar kesishmasida ilmiy izlanish olib boryapman.
PhD talabasining eng katta afzalliklaridan biri — u universitetda professor yordamchisi (Teaching Assistantship) sifatida faoliyat yuritadi. Menga ham Teaching Assistantship berilgan. Bakalavr bosqichidagi talabalarga ilg‘or SI bo‘yicha dars beraman, ularga uy ishi tayyorlayman, imtihonlarini o‘tkazaman.
Bu, nafaqat tajriba, balki barqaror daromad ham beradi. Hozirgi kunda ilmiy faoliyatim, ta’lim va o‘z ustimda ishlash bir vaqtning o‘zida davom etmoqda. O‘zbekistonlik yoshlar uchun imkoniyatlar cheksiz. Men shunchaki yo‘limni topdim. Asosiysi — harakat va qat’iyat.
Saidaziz A’zamov suhbatlashdi