Bunday holatlar takrorlangan taqdirda Adliya vazirligi tomonidan Sog’liqni saqlash vazirligiga nisbatan tegishli jazo qo’llanilishi to’g’risida ogohlantirildi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda intellektual mulk huquqlariga qat’iy rioya etilishi lozim.
Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, 2023-yilda 21 ta holat va 2024-yilning dastlabki davrida 16 ta holatda dori vositalari intellektual mulk huquqlariga rioya qilinmagan holda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Iste’molchilarga yaxshi tanish bo‘lgan dori vositalarining qatorlari, jumladan “MAGNE B6”, “IMUDON”, “SMEKTA”, “DUSPATALIN”, “ELEVIT” kabi tovar belgilariga o’xshash kontrafakt nusxalar «Magne B6», «Nest Imudon», «Smecta», «Grand Imudon», «MER DUSPATANIM», «ELEMALVIT» nomlari bilan turli farmasevtika korxonalari orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Shu munosabat bilan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan dori vositalarini ro‘yxatga olishda qonunchilik hujjatlari talablari buzilishini oldini olish uchun kompleks chora-tadbirlar ko‘rilishi va bunday holatlar takrorlanadigan bo‘lsa, tegishli jazo choralari qo‘llanishi haqida ogohlantirish kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, “Dori vositalari va farmasevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga binoan, dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi, hamda qalbakilashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishi taqiqlanadi.
#kontrafakt #adliyavazirligi #sog’liqnisaqlashvazirligi