Shaxsiy budjetni izdan chiqaruvchi 3 ta odat

Har oy daromad olayotgan bo‘lsangiz ham, oylik pulingiz tez tugab qolayotganini sezganmisiz? Bu ko‘pincha byudjet yuritilmasligi yoki ayrim noto‘g‘ri odatlar sababli sodir bo‘ladi. 

Quyida shaxsiy byudjetni izdan chiqaruvchi 3 ta keng tarqalgan odat va ularni qanday oldini olish mumkinligi haqida gaplashamiz.

1. His-tuyg‘uga berilib xarid qilish

Ko‘pchilik odamlar o‘zini xursand qilish, stressdan qutulish yoki sovrin sifatida o‘zlariga narsa sotib olishni yaxshi ko‘radi. Ammo his-tuyg‘ularga asoslanib pul sarflash, ya’ni kerakmas narsalarni impulsiv tarzda xarid qilish, byudjetga sezilmasdan zarar yetkazadi.

Nima qilish kerak?

  • O‘zingizni xaridga undovchi holatlarni aniqlang: zerikishmi, tushkunlikmi yoki shunchaki odatmi?
  • «24 soat qoidasi»ni sinab ko‘ring: biror narsani sotib olishdan oldin bir kun kuting. Balki bu vaqt ichida o‘sha narsa sizga kerakmasligini tushunarsiz;
  • Pul sarflash o‘rniga boshqa yo‘llar bilan kayfiyatingizni ko‘tarishga harakat qiling — do‘stlaringiz bilan sayrga chiqing, sevimli filmni tomosha qiling yoki tabiatda sayr qiling.

2. Xarajatlarni yozib bormaslik

Har kuni qilinadigan kichik xarajatlar ham oy oxirida katta summaga aylanishi mumkin. Ayniqsa, bank kartasidan foydalanganda pul qayerga ketayotganini unutish oson.

Nima qilish kerak?

  • Har kuni yoki hech bo‘lmaganda har hafta xarajatlaringizni yozib boring. Buning uchun pullarni to’g’ri boshqarishga yordam beruvchi ilovalardan foydalanishingiz mumkin;
  • O‘zingizga «bu oy qayerga ko‘p pul ketdi?» degan savolni muntazam bering va tahlil qiling.

3. Rejalashtirilmagan, lekin ma’lum xarajatlarni unutish

Ba’zan biz faqat har oy takrorlanadigan xarajatlarni (ijara, oziq-ovqat, transport) hisobga olamiz. Lekin yil davomida kutilmagan, lekin ma’lum  xarajatlar ham bor: tug‘ilgan kun sovg‘alari, kiyim-kechak, ta’mirlash ishlari, bayram xarajatlari va hokazo.

Nima qilish kerak?

  • Har oy biroz mablag‘ni kutilmagan xarajatlar uchun ajratib boring;
  • O‘tgan yili qanday qo‘shimcha xarajatlarga duch kelganingizni eslang — bu yil ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lishi mumkin;
  • Har bir xarajat turi uchun o‘zingizga chegara belgilang va bu chegaradan oshmaslikka harakat qiling.

Shaxsiy byudjetni nazorat qilish  — moliyaviy barqarorlik sari qo‘yilgan muhim qadamlardan biri. His-tuyg‘ular ta’sirida xarid qilish, xarajatlarni yozmaslik yoki rejasiz pul sarflash kabi odatlarni nazoratga olish orqali pulingizni tejab, katta maqsadlaringiz uchun jamg‘ara boshlaysiz. Esda tuting, oz-ozdan boshlangan moliyaviy tartib-intizom katta farq qiladi.

Pulingizni naqd yoki kartada saqlashni esa mana bu yerdan o’rganib chiqishingiz mumkin.

Back To Top