Fitch ratings: Davlat banklarini xususiylashtirish yana kechikishi mumkin

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligining Toshkentda yaqinda o‘tkazilgan konferensiyasida ta’kidlanishicha, 2020-yildan buyon O‘zbekiston bank sektorida olib borilayotgan ishlari natija ko’rsatmoqda. 

Eng muhim yutuqlardan biri sifatida 2023-yilda yirik davlat banklaridan biri — Ipoteka-bank (BB-/Barqaror)ning Vengriyada joylashgan OTP Group’ga muvaffaqiyatli xususiylashtirilgani qayd etildi. Shuningdek, xususiylashtirilishi rejalashtirilgan boshqa banklarda ham boshqaruv sifati va korporativ boshqaruv sezilarli darajada yaxshilangan. Biroq, ayrim banklarning xususiylashtirilish jarayoni bir necha bor kechiktirilgan.

Xususiylashtirish yana kechikishi mumkin

Prezident farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Sanoat-qurilish banki (SQB), Asakabank va Aloqabank 2025-yil oxirigacha xususiylashtirilishi lozim. Har uchala bank “BB-” reytingiga ega bo‘lib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Biroq past daromad keltiruvchi yo‘naltirilgan kreditlar (ularning ba’zilari past sifatli hisoblanadi), kapital yetishmovchiligi tufayli kredit o‘sishining cheklanishi va ichki bozordagi kuchli raqobat bu banklarning xususiylashtirilishini murakkablashtiradi.

Davlat banklarining ayrimlari esa ish uslubini o‘zgartirib, ijtimoiy yo‘naltirilgan va subsidiyalangan kreditlar ulushini kamaytirib, tijorat kreditlariga — ya’ni aholi va kichik biznesni moliyalashtirishga — faol o‘tmoqda. Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki hamda Mikrokreditbankning ayrim ulushlari yangi tashkil etilgan Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazildi. 

Mazkur jamg‘arma xalqaro tajribaga ega Franklin Templeton kompaniyasi tomonidan boshqariladi. Bu esa banklar boshqaruvi va xavflarni nazorat qilish tizimini mustahkamlash, davlat aralashuvini kamaytirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Moliyalashtirish xatarlar va dollarlashuv ta’siri

Moliyalashtirish xarajatlari, ayniqsa AQShdagi foiz stavkalari bilan bog‘liq noaniqliklar sababli, oshishi mumkin. Shuningdek, dollarlashuv darajasining hanuz yuqoriligi (garchi bu ko‘rsatkich so‘nggi vaqtlarda rekord past darajaga tushgan bo‘lsa-da), aktivlar sifati bilan bog‘liq davom etayotgan xatarlar va tashqi moliyalashtirishga bo‘lgan qaramlik mamlakat bank sektori moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Biroq, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov va xalqaro moliyaviy institutlardan olingan imtiyozli, uzoq muddatli tashqi qarzlar bu xatarlarni yumshatishga yordam bermoqda. Fitch prognoziga ko‘ra, reytingga ega O‘zbekiston banklaridagi muammoli kreditlar darajasi 2025–2026-yillarda 9–10% atrofida eng yuqori cho‘qqiga chiqishi mumkin (2023-yilda bu ko‘rsatkich 8% edi).

Eslatib o’tamiz, avvalroq Xalqaro valyuta jamg’armasi banklarini xususiylashtirishni tezlashtirish kerakligi haqida aytganini ma’lum qilgan edik.

Back To Top