Oddiy matematikadan boshlangan orzu — xalqaro moliyachi Ibrohimjon Abdullayev hikoyasi

Bugungi globallashuv davrida raqamlar, risklar va strategiyalar bilan ishlay oladigan, dunyo moliya bozorlarini tahlil qila oladigan mutaxassislarga ehtiyoj har qachongidan-da yuqori. Ayniqsa, bu sohada o‘z bilim va salohiyati bilan ajralib turadigan, xalqaro miqyosda yutuqlarga erishgan, ilm-fan va amaliyotni uyg‘unlashtira oladigan yoshlarga. Ana shunday iqtidor egalari orasida o‘zbek yoshlarining ham borligi quvonarli. Ulardan biri — Ibrohimjon Abdullayev.

U xalqaro darajada e’tirof etilgan iqtisodchi-moliyachi, qator ilmiy izlanishlar muallifi, bir nechta yirik tashkilotlarda faoliyat yuritgan tajribali tahlilchi. Hozirda AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan Lincoln Universitetida (San-Fransisko) Biznes Boshqaruvi (DBA) yo‘nalishida doktorantura bosqichida ta’limni davom ettirmoqda. Tahsil bilan birga u xalqaro moliyaviy xavflar, kredit risklari va barqaror iqtisodiy model tahlillari ustida tadqiqot olib bormoqda. Bundan tashqari, Ibrohimjon xalqaro miqyosda tan olingan 10dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi, bir nechta professional assotsiatsiyalar a’zosi, moliyaviy tahlil va strategik rejalashtirish sohasida yetakchi ekspert sifatida faoliyat yuritmoqda.

Andijonning Marhamat tumanida tug‘ilib o‘sgan oddiy maktab o‘quvchisiga «kun kelib doktoranturani AQShda o‘qiysan», deb aytishsa, ko‘pchilik ishonmagan bo‘lardi, ehtimol. Ibrohimjon ana shunday stereotiplarni yorib chiqqanlardan. 

Ibrohimjon, dastlab o‘zingiz haqingizda hikoya qilib bersangiz. Bu darajaga yetguncha bosib o‘tgan yo‘lingiz qayerdan boshlanadi?

Men 1995-yil 6-fevralda Andijon viloyati, Marhamat tumanida tug‘ilganman. Hamma qatori ko‘cha changitib katta bo‘lganmiz. Keyin maktabga qatnay boshladim. Har bir o‘quvchining o‘zi yoqtirgan fani bo‘ladi, menda shu fan matematika edi. Bunda bizga dars bergan ustozimizning ham ta’siri bo‘lgan. O‘qituvchimiz har bir darsni aniq, ravon va sodda qilib tushuntirib berardi. O‘zim ham aniqlikni yoqtirganim uchun tez ilg‘ab olardim. Shunday qilib, matematikaga bo‘lgan qiziqishim orta boshladi. Dastlab, maktab va tuman miqyosidagi olimpiadalarda muntazam qatnasha boshladim. 2011-yilda maktabni bitirgach, shu yili matematika bo‘yicha viloyat fan olimpiadasida 1-o‘rinni egalladim.

Natija ko‘rina boshlagach, matematikaga yanada qattiq bog‘lanib qoldim, bu fan bilan jiddiy shug‘ullana boshladim. Qilingan mehnat samarasi o‘zini uzoq kuttirmadi. 2014-yilda matematika bo‘yicha respublika olimpiadasida ham 1-o‘rin sohibi bo‘ldim. Erishgan yutuqlarim menga katta motivatsiya berdi, yanada yuqoriroq marralarni ko‘zlay boshladim. Bugungi darajaga yetishim ana shu kichik muvaffaqiyatlardan boshlangan.

Oliy ta’limga ilk qadamingiz qanday kechdi? Nega chet el oliygohini tanladingiz?

O‘sha vaqtlarda respublika miqyosidagi olimpiada g‘olibi bo‘lish nafaqat ulkan yutuq, balki mas’uliyat ham edi. Endigi marrani yanada balandroq olishim kerak ekanligini yaxshi tushunardim. Bundan tashqari, xorijiy OTMlarning reytingi yuqori va ularda o‘qish menga nafaqat bilim olish, balki qimmatli tajriba to‘plash imkoniyatini berishini bilardim. Bir qarorga kelgach hujjatlarimni tayyorlay boshladim va 2015-yilda Janubiy Koreyaning Seul shahridagi «Sejong» universitetining Biznes boshqaruvi yo‘nalishi bakalavr bosqichiga qabul qilindim.

Bu yerda o‘qish menga kutganimdan ko‘proq imkoniyatlarni taqdim etdi. Birin-ketin yutuqlarga erisha boshladim. Jumladan, 2019-yilda universitetda o‘tkazilgan «Eng yaxshi moliyachi» tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Bu meni kelgusidagi maqsadlar sari yanada ilhomlantirdi, xalqaro moliyaviy tahlil va strategik rejalashtirish kabi yo‘nalishlarda chuqurroq bilim olishga kirishdim.

Ilk ish tajribangiz ham Koreyada boshlangan ekan. Shu haqida gapirib bersangiz.

Shunday, lekin bungacha dastlab O‘zbekistonda, Milliy Bankda amaliyot o‘taganman. Bu yerda kredit portfelini tahlil qilish, mijozlar kreditini baholash va risklar to‘g‘risida hisobot tayyorlash, makroiqtisodiy tadqiqotlar o‘tkazish, audit, shuningdek, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy modellar yaratish ustida ishladim. Olgan tajriba va ko‘nikmalarim kelgusi faoliyatimda qo‘l keldi.

2020–2021-yillarda Seuldagi «VROONG» kompaniyasida moliyaviy tahlilchi va keyinroq rekruting menejeri sifatida faoliyat yuritdim. Avvalo, ilk ish tajribam, kamiga chet mamlakatda bo‘lgani uchun yelkamdagi mas’uliyat katta edi. Shunga qaramay, menga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qildim. Bu yerdagi faoliyatim asosan kompaniyaning mintaqaviy kengayishi jarayonida kadrlar rejalashtiruvini strategik jihatdan boshqarishni o‘z ichiga olardi. Bu tajriba menga moliya bilan inson kapitali o‘rtasidagi muvozanatni yaxshiroq tushunishga yordam berdi. Mutaxassis sifatida o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortdi.

Keyinchalik, O‘zbekiston Respublikasi Kadastr vazirligida byudjetni rejalashtirish bo‘yicha konsultant sifatida ishladim. Bu yerda davlat budjetini tahlil qilish, resurslar taqsimoti samaradorligini oshirish, hamda fiskal strategiyalarni shakllantirish bo‘yicha faoliyat olib bordim.

Mehnat faoliyatim faqatgina mutaxassisligim bo‘yicha cheklanib qolgani yo‘q. Jumladan, 2016–2020-yillarda «Leader Academy» nomli ta’lim agentligini asos solib, boshqarganman. 2000dan ortiq o‘quvchiga xorijiy tillarni o‘qitish, SAT imtihonlariga tayyorlov kurslari, xalqaro universitetlarga hujjat topshirishga ko‘maklashish kabi xizmatlarni ko‘rsatganmiz. Faoliyatimiz davomida 300dan ortiq o‘quvchining AQSh, Koreya va Yevropadagi nufuzli universitetlarga qabul qilinishiga erishganmiz. Keyinchalik, shaxsiy rejalarim tufayli biznesimni sotishga to‘g‘ri keldi.

AQShdagi ilmiy faoliyatingiz haqida to‘xtalsangiz. Okeanortiga sizni nima yetaklab keldi?

Yuqorida aytganimdek, shaxsiy rejalarim orasida magistraturani AQShda o‘qish ham bor edi. Karantin davrida bir qarorga kelib, aniq rejalar tuzib olish uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘ldim. Nihoyat, 2021-yilda «Lincoln» universitetining Moliyaviy boshqaruv (MBA) yo‘nalishida magistratura bosqichiga qabul qilindim. Hozir shu universitetning Biznes boshqaruvi (DBA) dasturida doktorantura bosqichida o‘qishni davom ettiryapman.

Bu yerdagi ilmiy faoliyatim davomida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan «International Journal of Finance & Banking Studies», «Journal of Emerging Financial Markets», «Global Economics Review» kabi nufuzli jurnallarda 10dan ortiq maqolalarim chop etildi. Shuningdek, Risklarni boshqarish bo‘yicha professionallar global assotsiatsiyasi (GARP) va Xalqaro moliyaviy menejment assotsiatsiyasi (FMA) kabi yirik tashkilotlariga a’zo bo‘lish nasib qildi.

Har safar ilmiy ishlarim xalqaro miqyosda tan olinib, ulardan iqtibos keltirishayotganini ko‘rganimda, qilayotgan mehnatim besamar ketmayotganini his qilaman. Bu menga keyingi ishlarimda katta kuch beradi. 

Kelajakdagi rejalaringiz qanday?

Asosiy maqsadim nufuzli xalqaro kompaniyalarda faoliyatimni davom ettirish, ilm-fanga asoslangan yondashuvlar orqali global moliya tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shish. Umid qilamanki, yaqin kelajakda bu niyatim ham amalga oshadi. Bundan tashqari, yoshlar bilim olishi uchun ochiq patformalar yaratish istagi ham bor. Bu orqali ilmiy mentorlik tizimini rivojlantirish niyatidaman.

Yuqorida sanab o‘tilganlardan tashqari, Ibrohimjon AQSh, Janubiy Koreya, Rossiya va O‘zbekistonning nufuzli tashkilotlari tomonidan 10dan ortiq sertifikat, faxriy yorliq hamda esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. Uning ilm-fanga qo‘shgan hissasi, yoshlar uchun yaratgan imkoniyatlari va global moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari bir necha bor e’tirof etilgan. Yosh, umidli mutaxassisning kelgusi faoliyatida ham yuqori samaradorlik, ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Back To Top