Onlayn xarid gigiyenasi: xavfsiz xarid uchun 5 muhim qoida

Internet orqali xarid qilish hayotimizning bir qismiga aylandi. Endi bozorlarda yurish, navbatda turish shart emas — kerakli narsani telefon orqali tanlab, uyga buyurtma qildirish mumkin. 

Ayniqsa, so’nggi 5 yilda bu usul ommalashdi. Lekin qulaylik bilan birga, ehtiyot bo‘lish kerak bo‘lgan jihatlar ham ko’p.

Bugun aynan mana shu mavzu, ya’ni internetda xarid qilish madaniyati — onlayn xarid gigiyenasi haqida gaplashamiz.

Quyida internetda xarid qilayotganda bilish zarur bo‘lgan 5 muhim qoida va ular bilan bog‘liq haqiqiy holatlar bilan tanishasiz.

1. Faqat ishonchli saytlardan xarid qiling

Eng katta xatolik — notanish, shubhali sahifalardan buyurtma berish. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi reklama postlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtma berganlar ko‘pincha aldanib qolishadi.

Misol: Toshkentlik Dilshod Telegramdagi reklama orqali telefon buyurtma qiladi. Arzon narxga qiziqib, to‘lovning yarmini oldindan o‘tkazadi. Oradan bir hafta o‘tadi — mahsulot yo‘q, sahifa ham yo‘q.

Tavsiya: Faqat rasmiy, mashhur platformalardan foydalaning. Sayt manzili «https://» bilan boshlanishi, mijozlar fikrlari va aloqa raqamlari bo‘lishi kerak.

2. Karta ma’lumotlaringizni begona havolalarga kiritmang

Internetda «to‘lov qilish uchun mana bu ssilkaga o‘ting» deb yozishadi. Aslida esa bu havola orqali sizning karta ma’lumotlaringiz o‘g‘irlanadi.

Misol: Farg‘onalik Zulfiya kosmetika buyurtma qilmoqchi bo‘ladi. Unga yuborilgan havolani bosib, karta raqami va SMS kodini kiritadi. Natijada kartasidagi barcha pul yechib olinadi.

Tavsiya: To‘lovni faqat Payme, Click, Apelsin kabi rasmiy ilovalarda amalga oshiring. Hech qachon karta parolingizni begona sahifalarga yozmang.

3. Rasmlarga emas, foydalanuvchi fikrlariga e’tibor bering

Chiroyli suratlar — har doim ham haqiqat emas. Ba’zida siz ko‘rgan mahsulot bilan kelgan narsaning farqi osmon bilan yercha bo‘ladi.

Misol: Navoiylik Rayhona yozgi ko‘ylak buyurtma qiladi. Reklamadagi suratda u juda chiroyli ko‘ringan. Lekin kelgan mahsulot sifatsiz va o‘lchami noto‘g‘ri chiqadi.

Tavsiya: Xariddan oldin boshqa xaridorlarning fikrlarini o‘qib chiqing. «Qaytarib berish» siyosati mavjudligini tekshiring.

4. Chegirmali mahsulotlarga shoshilmang!

«Oxirgi 3 dona qoldi!», «Bugungacha 50% arzon!» degan e’lonlar xaridorga bosim qiladi. Aslida esa bu marketing usulidir — sizni shoshirib, kerak bo‘lmagan narsani sotib olishga majbur qiladi.

Tavsiya: Xarid qilishdan oldin o‘ylab ko‘ring — bu mahsulot sizga haqiqatan kerakmi? Narxni boshqa saytlarda solishtiring.

5. Maxfiyligingizni saqlang

Ko‘pchilik internetda telefon raqami, yashash joyi, karta ma’lumotlarini erkin yozadi. Bu esa firibgarlar uchun katta imkoniyat.

Tavsiya: Faqat zarur bo‘lgan axborotni bering. Maxfiy ma’lumotlaringizni har qanday sahifaga kiritmang.

Onlayn xarid qilish — zamonaviy hayotning bir bo‘lagi. Ammo bu jarayonni xavfsiz qilish o‘zimizga bog‘liq. Firibgarlardan aziyat chekmaslik uchun yuqoridagi 5 oddiy qoida yetarli. Unutmang, internetda xarid qilish ongli va ehtiyotkor bo‘lishni talab qiladi.

Back To Top