
Faoliyatingiz davomida ish haqingiz kechiktirilganmi? Ko‘pincha bu holatda shunchaki sabr qilib, pulingiz kartaga tushishini kutgandirsiz?! Aslida mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish beruvchi nafaqat oylikni to‘lashi, balki har bir kechikkan kun uchun sizga qo‘shimcha pul – kompensatsiya ham to‘lashi shart.
Keling, birgalilkda bilib olamiz!
Bandlik vazirligining xabariga koʻra, Mehnat kodeksining 333-moddasida ish beruvchi ish haqini, taʼtil toʻlovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi toʻlovlarni va (yoki) xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni toʻlash muddatini buzsa qanday chora qoʻllanishi belgilangan.
Jumladan, mazkur moddaga binoan, agar ish beruvchi tomon haqiqatdan ham yuqoridagi kabi holatni sodir etsa, beriladigan haqdan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining oʻsha vaqtda amalda boʻlgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda, foizlar (pulli kompensatsiya) ham toʻlashi shart.
Bunda foiz toʻlov muddatidan keyingi kundan boshlab hisoblab boriladi.
Masalan, maosh toʻlash sanasi har oyning 2 kuni etib belgilangan boʻlsa va maosh oyning 10-sanasida toʻlansa, unda ish beruvchi har bir kechikkan kun uchun kompensatsiya toʻlaydi. Mazkur misol bilan tushuntirganda, 3-sanadan to 10-sanagacha boʻlgan har bir kun uchun foiz toʻlanadi. Shu hisobda, ish beruvchi haq toʻlash tartibini buzgani uchun xodimning oyligiga qoʻshib yana “jarima puli” ham toʻlaydi.
Uning miqdori qancha?
Xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan pulli kompensatsiyaning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida belgilanadi.
Pulli kompensatsiyaning miqdori jamoa shartnomasi, ichki hujjat yoki mehnat shartnomasi bilan oshirilishi mumkin.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasi 2025-yil 24-apreldan hozirgi kunga qadar 14 foiz etib belgilangan, yaʼni ish haqi kechiktirilgan kun uchun pullik kompensatsiya miqdori 1,4 foizni tashkil etadi.
Misol
Deylik, xodimning ish haqi, taʼtil toʻlovlari, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi toʻlovlar va (yoki) xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlar – jami miqdori 5 million soʻm. Ushbu summani 1,4 foizi 70 ming soʻm boʻladi.
Ish beruvchi 10 kunga ish haqi va boshqa toʻlovlarni toʻlash muddatini kechiktirsa, shu kunlar uchun jami 700 ming soʻm pulli kompensatsiya toʻlaydi.
Kompensatsiya berilmasa nima qilish kerak?
Agar ish beruvchi ish haqi va kompensatsiyani to‘lamasa, quyidagilarni qilishingiz mumkin:
- Avvalo, ish beruvchiga yozma murojaat qiling va ish haqingiz hamda kechiktirilgan kunlar uchun kompensatsiyani talab qiling.
- Agar natija bo‘lmasa, sudga da’vo arizasi yozib, ish haqi va kompensatsiyani undirishni so‘rashingiz mumkin. Da’vo arizasiga ish haqi to‘lanmaganini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilish zarur. (Da’vo arizasi uchun namunani havola orqali oling)
- Shuningdek, Adliya vazirligining onlayn platformalari yoki Bandlik vazirligiga murojaat qilib, huquqlaringiz buzilganini bildiring.
Bundan tashqari, mehnat sohasida huquqlaringiz kamsitilgan deb hisoblasangiz, quyidagi telefonlar orqali murojaat qilishingiz mumkin:
- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning hududiy organlari – (+998) 71 200-06-00;
- prokuratura organlari – 1007;
- adliya organlari – 1008;
- sud organlari – (+998) 71 239-02-74;
- kasaba uyushmalari – (+998) 71 252-21-18.
Bandlik vazirligining yozishicha, mazkur pulli kompensatsiyani toʻlash majburiyati ish beruvchining oylik ish haqini yoki xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni toʻlashning kechiktirilishida aybi bor-yoʻqligidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.
Muhim!
Shunday vaziyatlarda sizning huquqingiz ta’minlanishi uchun ish beruvchi bilan rasmiy shartnoma asosida ishlaganingiz ma’qul! Chunki aynan shundagina har ikki tomonnning o’zaro mas’uliyati bo’ladi!