Gibrid va benzinli avtomobillar: qaysi biri iqtisodiy jihatdan foydaliroq?

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatga kirib kelgan avtomobillar orasida elektr va gibrid avtomobillar soni ilk bor benzinli avtomobillar hajmidan oshib ketgan. Xususan, elektr avtomobillarining importi esa 16 mingdan 24 ming donagacha ko‘paygan. Gibrid mashinalar importi esa 42 foizga o‘sib, 17,48 ming donaga yetgan.

Bozordagi ushbu tendensiyalar fonida ko‘pchilik avtomobil xaridorlari uchun asosiy savol yuzaga chiqmoqda: benzin dvigateliga ega avtomobilmi yoki gibrid avtomobil — qaysi biri iqtisodiy jihatdan yanada foydali?

Biznesreport.uz nashri ayni shu masalani tahlil qildi, keling, birgalikda ko’rib chiqamiz!

Sotib olish Narxi Taqqoslash

An’anaviy ravishda, gibrid avtomobillar yuqori texnologik tarkibiga ko‘ra benzinli transport vositalariga qaraganda qimmatroq bo‘lgan. Elektr motorlari, batareyalar va qo‘shimcha boshqaruv tizimlari ularning narxiga bevosita ta’sir qilgan. Biroq 2024-yil davomida kuzatilgan raqamlar bu farq tobora kamayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Gibrid avtomobillarning o‘rtacha import narxi yil davomida 17,6 foizga kamaygan holda $23,570 dan $19,410 gacha tushgan bo‘lsa, benzinli avtomobillarda bu ko‘rsatkich atigi 6 foizni tashkil etgan.

Narxlardagi farqning qisqarishi gibrid avtomobillarni ko‘proq odamlar uchun moliyaviy jihatdan maqbul tanlovga aylantirmoqda.

Soliq va bojxona to’lovlari

O‘zbekiston hukumati ekologik toza transport vositalarini ommalashtirish maqsadida so‘nggi yillarda bir qator muhim yengilliklar joriy etdi. 2023-yildan boshlab gibrid avtomobillar uchun bojxona to‘lovlari avtomobilning yili va dvigatel turiga qarab 15 dan 30 foizgacha belgilandi. Avvalgi tizimda amal qilgan dvigatel hajmiga asoslangan qo‘shimcha koeffitsientlar esa bekor qilindi. Bu esa import narxini yanada kamaytirishga yordam berdi.

Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tkazish va litsenziyalash jarayonlarida ham gibrid transport egalari uchun afzalliklar mavjud. Masalan, gibrid yoki elektr avtomobilda taksi xizmatini ko‘rsatuvchi haydovchilar 2030-yilgacha litsenziya to‘lovlaridan ozod etilgan.

Ammo 2025-yil 1-maydan boshlab ishlab ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun 45 mln so‘m utilizatsiya yig‘imi undirilmoqda. Bu pullar qayerga ishlatilishi bo‘yicha mart oyi oxirigacha ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan tartibdan hozircha darak yo‘q.

Bosh vazir 31 yanvarda imzolagan qarorga asosan, bu yig‘im miqdori:

  • ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun 4 barobarga – 30 BHM (11 mln 250 ming so‘m)dan 120 BHM (45 mln so‘m)ga;
  • ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan elektromobillar uchun 2,3 barobarga – 90 BHM (33 mln 750 ming so‘m)dan 120 BHM (78,75 mln so‘m)ga ko‘tarildi.

2 oy muddatda utilizatsiya yig‘imlaridan samarali foydalanish tartibi ishlab chiqilishi belgilangan. Bu tartib ishlab chiqilgani haqida hozircha xabar berilmadi.

Avvalroq Kun.uz bu yangilik amaliyotda narxlarga qanday ta’sir qilishini Changan Deepal S07 misolida yoritgandi: bojxona qiymati 22 800 dollar bo‘lgan bu modelni olib kirish narxi 3600 dollardan 6200 dollargacha oshmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda BYD Song Plus Champion’ni bojxonadan olib o‘tish to‘lovlari qanday o‘zgarayotgani ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, 1 maydan e’tiboran bu avtomobil uchun bojxona yig‘imi – 937 ming so‘m, 12 foiz QQS – 37 mln 923 ming so‘m, utilizatsiya yig‘imi – 45 mln so‘m – jami bojxona xarajatlari 83 mln 860 ming so‘mni tashkil etadi.

Yoqilg‘i va xizmat xarajatlari

Gibrid avtomobillarni iqtisodiy jihatdan maqbul qiluvchi eng muhim omillardan biri — ularning yuqori yoqilg‘i samaradorligidir. Elektr va benzin dvigatelining birgalikdagi ishlashi tufayli yoqilg‘i sarfi sezilarli darajada kamayadi. Bu holat, ayniqsa, benzin narxlari o‘sishda davom etayotgan O‘zbekiston sharoitida yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

2025-yilning 1-aprelidan boshlab, mamlakatda AI-80, AI-91 benzin turlari, dizel yoqilg‘i hamda suyultirilgan va siqilgan gaz narxlari oshirilishi kutilmoqda. Bu esa benzinli avtomobil egalari uchun kundalik operatsion xarajatlarning keskin ko‘payishini anglatadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, gibrid avtomobillar egalariga xarajatlar jihatidan ancha barqarorlik taqdim etadi.

Shuningdek, gibrid avtomobillarning texnik xizmat xarajatlari ham pastroq bo‘ladi. Regenerativ tormoz tizimi tufayli tormoz disklari kamroq eskiradi, elektr dvigatel yengil ish rejimida ishlashi sababli mexanik muhandislik tizimlariga yuklama kamayadi. Natijada, servisga borishlar soni va ehtiyot qismlar almashinuvi kamayadi.

Qiymat saqlanishi va ikkilamchi bozordagi ustunlik

Gibrid avtomobillar uzoq muddatda ham o‘zining iqtisodiy ustunligini saqlab qoladi. Bozordagi talab o‘sib borayotgani sababli, bu turdagi transport vositalari ikkilamchi bozorda ham yaxshi bahoga sotilmoqda. Bu, albatta, avtomobil xaridorlari uchun investitsiya sifatida ham ahamiyatlidir.

Ekologik tozaligi va energiya tejamkorligi bilan ajralib turadigan transport vositalariga bo‘lgan talabning barqaror o‘sishi, bu mashinalarning uzoq muddatda qadrsizlanish sur’atini pasaytiradi. Ayniqsa, shahar haydovchilari yoki taksi xizmatlarida faoliyat yurituvchi haydovchilar uchun bu muhim afzallik bo‘lishi mumkin.

Xulosa: moliyaviy jihatdan asosli tanlov

Yig‘ilgan dalillar shuni ko‘rsatadiki, gibrid avtomobillar hozirgi kunda O‘zbekiston sharoitida nafaqat ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham raqobatbardosh yechimga aylanmoqda. Dastlabki sarmoya nisbatan yuqoriroq bo‘lishiga qaramasdan, u uzoq muddatda kamroq yoqilg‘i sarfi, arzon texnik xizmat va yuqori qayta sotish qiymati orqali o‘zini oqlaydi.

Shunday ekan, transport vositasini xarid qilishda faqat narx emas, balki uning umumiy iqtisodiy samaradorligi, ekspluatatsiya xarajatlari va uzoq muddatli foydasi ham inobatga olinishi kerak. Aynan shu nuqtai nazardan qaraganda, gibrid avtomobil O‘zbekistonda har tomonlama o‘ylangan tanlov bo‘lishi mumkin.

Jurnalist Maftuna Yaxshilikova tayyorladi

Back To Top