1-maydan tovarlarni bojxona to’lovisiz olib kirish normalari belgilandi

Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib utish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Bu haqda 18-aprel kuni prezident ishtirokida bo’lib o’tgan selektorda ham qayd etilgan edi.

Hujjat bilan, 2025-yil 1-maydan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirishning quyidagi normalari belgilandi:

• havo transportida – 1000 dollar (amalda 2000 dollar);

• temir yoʻl va daryo transportida – 500 dollar (amalda 1000 dollar);

• avtomobil (piyoda) oʻtkazish punktlari orqali – 300 dollar;

• xalqaro kuryerlik joʻnatmalari orqali – 200 dollar (bir chorakda 1000 dollar);

• xalqaro pochta joʻnatmalari orqali – 100 dollar (oʻzgarmagan).

Shuningdek, 20-iyuldan boshlab bojxona toʻlovisiz limitdan foydalanish uchun mamlakat tashqarisida boʻlishning minimal muddati joriy etiladi. Xususan, piyoda yoki avtomobilda kirayotgan fuqarolar chet elda kamida ikki kun, samolyotda qaytayotganlar esa kamida uch kun boʻlishlari kerak. Aks holda olib kirilgan tovarlar belgilangan limitdan oshgan deb hisoblanadi va ularning toʻliq qiymatidan 30 foiz miqdorida yagona bojxona toʻlovi undiriladi.

Jismoniy shaxs tomonidan mamlakatdan bojxona deklaratsiyasini taqdim etmasdan olib chiqilishi mumkin boʻlgan tovarlar uchun belgilangan maksimal norma 5000 dollar miqdorida saqlanib qoladi, eksport bojlari belgilangan tovarlar bundan mustasno.

Shu bilan birga, ushbu miqdor doirasidagi tovarlar tijorat maqsadlarida moʻljallangan boʻlsa, ular qoʻshimcha hujjatlar asosida bojxona organlari tomonidan statistik maqsadlarda roʻyxatga olinadi va mamlakatning umumiy eksport hajmiga kiritiladi.

Jismoniy shaxslarga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallar — oʻlchovli quymalar va tangalarni sertifikatlari bor boʻlsa, mamlakatdan cheklovlarsiz olib chiqishga ruxsat beriladi. Agar ushbu buyumlarning qiymati 5000 dollarlik limitdan oshsa, yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish talab etiladi.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda vakolatli organlar mansabdor shaxslarining qonuniy talablariga fuqarolar tomonidan boʻysunmaslik, uyushgan qarshilik koʻrsatish va chegara bojxona postlarida jamoat tartibini buzish holatlarini oldini olish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda aholi tomonidan inson salomatligiga xavf tugʻdiruvchi foydalanilgan tovarlarni olib kirishining oldini olish choralarini ishlab chiqadi.

Bojxona qoʻmitasiga bojxona qiymatini pasaytirish xavfi yuqori boʻlgan tovarlarni aniqlash uchun import bojxona yuk deklaratsiyasini xorijiy davlatlarning eksport deklaratsiyasi bilan solishtirish tizimini ishlab chiqish topshirildi.

Uch oy muddatda elektron maʼlumotlar asosida xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarini soddalashtirilgan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibini belgilovchi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Back To Top