Bugungi kunda inflyatsiya – ya’ni narxlarning doimiy oshishi har birimizning hayotimizga bevosita ta’sir qilayotgan eng muhim iqtisodiy muammolardan biri.

Oddiy qilib aytganda, inflyatsiya — bu narxlarning umumiy ko‘tarilishi. Bugun bozordan 100 ming so‘mga olgan narsangiz ertaga 110 mingga aylanib qolsa, bu inflyatsiya alomati. Sizning pulingiz o‘z qadrini yo‘qotadi — ya’ni shu pulga kamroq mahsulot sotib olasiz.
Inflyatsiya deganda faqat go‘sht yoki tuxum narxining oshishini emas, balki jamiyatdagi umumiy xarajatlarning ortishini tushunish kerak. Bu jarayon ichki va tashqi omillar ta’sirida sodir bo‘ladi. Masalan, xorijdan keltiriladigan mahsulotlar qimmatlashsa, mahalliy bozordagi narxlar ham ko‘tariladi. Shu bilan birga, energiya resurslari narxi, ish haqlari, soliq stavkalari kabi omillar ham inflyatsiyani keltirib chiqaradi.
Nega inflyatsiyani tushunish kerak? Chunki bu har bir insonning byudjetiga bevosita ta’sir qiladi. Maosh o‘zgarmagan holda narxlar oshsa, inson real daromadining kamayganini sezadi. Masalan, bugun maoshingiz 3 million so‘m bo‘lsa, lekin oziq-ovqat, ijara va xizmatlar narxi har oy oshaversa, siz har safar kamroq mahsulot sotib olasiz yoki tejash imkoniyatingiz yo‘qoladi.
Inflyatsiya — bu birgina O‘zbekistonda emas, balki butun dunyo iqtisodiyotining doimiy muammosi. Uni butkul yo‘q qilish emas, nazoratda ushlab turish muhim. Chunki haddan tashqari inflyatsiya – xalqning real daromadini qadrsizlantiradi. Agar inflyatsiya darajasi iqtisodiy o‘sish sur’atidan yuqori bo‘lsa, bu aholi turmush darajasining pasayishiga olib keladi.
Shu bois inflyatsiyani tushunish nafaqat iqtisodchilar, balki fuqarolar uchun ham muhim. Bu orqali odamlar o‘z moliyaviy rejalarini, sarf-xarajatlarini, hatto sarmoya qilish qarorlarini ongli ravishda bajara oladi.
O’zbekistondagi oxirgi 5 yillik statistika
So‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi turli omillar ta’sirida o‘zgarib bordi. Quyida 2019–2024 yillar oralig‘idagi inflyatsiya ko‘rsatkichlari va asosiy sabablari keltirilgan:

So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda narxlar deyarli har yili ko‘tarilib bordi. 2019-yilda inflyatsiya 13,5% bo‘lgan, bu esa aholining kundalik xarajatlariga sezilarli ta’sir qilgan. 2020-yilda pandemiya tufayli global yetkazib berish zanjirlari uzilib, narxlar 11,1% ga oshgan. 2021-yilda inflyatsiya 11% atrofida bo‘lsa-da, ko‘plab xizmatlar va xususiy sektor to‘lovlari qimmatlashdi. 2022-yilda Ukraina-Rossiya urushi tufayli oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlari yana ko‘tarilib, inflyatsiya 12,2% ga yetdi. 2023-yilda 8,8% ko‘rsatkich qayd etildi — bu nisbatan past bo‘lsa-da, aholining real xarid imkoniyatlari pasayishda davom etdi. 2024-yilda esa inflyatsiya yana 9,8% atrofida bo’lgan.
2025-yilga kelib inflyatsiya holati qanday?
2025-yilning I choragida O’zbekistonda inflyatsiya darajasi o’sishda davom etmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko’ra, mart oyida yillik inflyatsiya 10,3% ni tashkil etdi, bu fevral oyidagi 10,1% va yanvardagi 9,9% ko’rsatkichlardan yuqori.

Yilning ikkinchi oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,6 foizga (yillik hisobda 2,9 foizga), nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,3 foizga (7,7 foiz), xizmatlar narxi 0,8 foizga (27,1 foiz) oshdi.
Fevralda oziq-ovqat mahsulotlaridan asosan suyakli mol go‘shti (2,8 foiz, yillik hisobda 18,5 foiz), qo‘y go‘shti (2,4 foiz, 19,4 foiz), sut (0,4 foiz, 6 foiz), tovuqning son qismi (0,2 foiz, -1,2 foiz) narxi oshdi.
O‘tgan oyda tuxum narxi yana keskin — 12 foizga pasaydi (yanvarda uning narxi 14,3 foizga, yillik hisobda 30,4 foizga pasaygan), guruch va guruch oqshog‘i 3,9 foizga (yillik hisobda 10,4 foizga), shakar 1 foizga (-4,4 foiz) arzonladi.
Yanvar oyidagi narx oshishi va fevral oyida hukumat tomonidan ko‘rilgan choralardan keyin kartoshka narxi 13,4 foizga arzonladi, biroq yillik narx o‘sishi yuqoriligicha qolmoqda (+46,8 foiz).
Bodring 17,3 foizga (yil davomida -18,2 foiz), pomidor 30,1 foizga (-22,5 foiz), karam 17,8 foizga (+37,5 foiz) keskin qimmatladi. Piyoz 0,3 foizga (3,3 foiz), sabzi 2,4 foizga (29,4 foiz), baqlajon 4 foizga (-42,6 foiz) qimmatladi.
Dori-darmonlar narxi fevral oyida yana 0,8 foizga, yil davomida esa 25,9 foizga, jumladan antibiotiklar narxi 27,9 foizga oshdi. Statsionar davolanish xizmatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,6 foizga, profilaktika va himoya vositalari narxi 21,6 foizga qimmatladi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, propan narxi oy davomida 4,3 foizga (yillik hisobda 11,3 foizga) oshgan. Metanning narxi o‘zgarmagan (yillik hisobda 20,9 foizga oshgan). Oy davomida benzin narxi 0,2 foizga oshgan (yillik hisobda +2,9 foiz).
Bundan tashqari, agar inflatsiya darajasini o’zingiz aniqlab ko’rmoqchi bo’lsangiz Markaziy bank tomonidan yaratilgan «Inflyatsiya kalkulyatori» orqali aniqlashingiz mumkin.
Dunyoda inflyatsiya holati qanday?
Dunyoda inflyatsiya darajasi turli mamlakatlarda farq qiladi, ammo oxirgi yillarda global inflyatsiya ko‘rsatkichi keskin oshdi. 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi va undan kelib chiqqan iqtisodiy inqirozlar global miqyosda narxlar oshishiga olib keldi. Pandemiya davomida hukumatlar va markaziy banklar iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun keng miqyosda pul tikish siyosatini amalga oshirishdi, bu esa inflyatsiya bosimini kuchaytirdi.

Jahon iqtisodiyoti va inflyatsiya
AQSh: 2021-2022 yillar davomida inflyatsiya darajasi 8-9% atrofida bo‘ldi, 2023-yilda esa Federal rezerv bankining yuqori foiz stavkalari inflyatsiyani pasaytirishga yordam berdi, ammo bu hali ham yuqori. 2023-yilda AQSh inflyatsiyasi 6-7% atrofida o‘zgardi.
Yevropa Ittifoqi: Yevropada 2022-yilda urush va energiya narxlarining oshishi natijasida inflyatsiya yuqori bo‘ldi. Yevropa Markaziy banki inflyatsiyani nazorat qilish uchun stavkalarni oshirishga majbur bo‘ldi. 2023-yil oxirida inflyatsiya 9-10% oralig‘ida bo‘ldi.
Turkiya: Turkiyada inflyatsiya darajasi jahon miqyosida eng yuqori o‘rinda turdi. 2022-yilda inflyatsiya 80% dan oshdi, bu mamlakatning iqtisodiy inqirozi va turk lirasining qadrsizlanishi bilan bog‘liq edi.
Braziliya va Janubiy Koreya: Janubiy Koreyada 2022-yilda inflyatsiya 5% atrofida bo‘ldi, Braziliyada esa iqtisodiy tiklanish jarayonida inflyatsiya 10% darajasida bo‘ldi.
Nega kerak o’zi?
Inflyatsiya — bu oddiy raqam emas, balki har bir insonning hayotiga bevosita ta’sir qiladigan muhim iqtisodiy holat. O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda inflyatsiya darajasi doimiy ravishda yuqoriligicha qolmoqda — oziq-ovqat, yoqilg‘i, transport va xizmatlar narxi oshib bormoqda. Bu odamlarning xarid qobiliyatini kamaytiradi va kunlik ehtiyojlarni qoplashni qiyinlashtiradi.
2025-yilning dastlabki oylaridayoq inflyatsiya yana o‘sishda davom etmoqda, bu esa yaqin kelajakda narxlar barqarorlashishi uchun jiddiy choralar ko‘rilishini talab qiladi. Dunyoda ham ko‘plab davlatlar inflyatsiyaga qarshi kurashmoqda — energiya narxlarining oshishi, valyuta inqirozlari va ta’minot muammolari bunga sabab bo‘lyapti.
Shu sababli, davlatdan boshlab oddiy fuqarogacha har bir kishi inflyatsiyani tushunishi, unga moslashishi va o‘zining moliyaviy rejalarini ongli ravishda tuzishi zarur. Inflyatsiyani yengish uchun barqaror siyosat, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy savodxonlik muhim ahamiyatga ega.
Mahliyo Hamid