Trampning yangi bojlari: savdo urushi boshlanish arafasidami?

AQSh Prezidenti Donald Tramp Meksika, Kanada va Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga yangi bojlar joriy etishini e’lon qildi. Uning rejasiga ko‘ra, Meksika va Kanadadan keladigan tovarlarga 25% boj solinadi, Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga esa 10% tarif qo‘llaniladi. Kanadadan import qilinadigan energiya resurslari, jumladan, neft, tabiiy gaz va elektr energiyasiga 10% boj solinadi. Ushbu bojlar seshanba kunidan kuchga kiradi

Nega bu qonun qabul qilindi?

Tramp ushbu choralarni noqonuniy immigratsiya va giyohvand moddalar, xususan, fentanilning mamlakatga kirib kelishini to‘xtatish maqsadida amalga oshirishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bojlar Meksika va Kanada tomonidan giyohvand moddalar va noqonuniy muhojirlarning AQShga kirib kelishini to‘xtatish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmaguncha amal qiladi. Tramp, shuningdek, Xitoyni fentanilning AQShga yetkazib berilishida ayblab, bu mamlakatdan keladigan tovarlarga ham 10% boj solishni rejalashtirayotganini bildirdi

Bunga dunyo hamjamiyatining javobi qanday?

Kanada va Meksika ushbu bojlar e’lon qilinganidan so‘ng, AQShga qarshi javob choralarini ko‘rishini ma’lum qildi. Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo AQShning harakatlarini tanqid qilib, mamlakatining 25% boj bilan javob berishini bildirdi. 

Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum esa AQShning Meksika hukumatini jinoiy tashkilotlar bilan aloqadorlikda ayblashini rad etib, muammolarni bojlar joriy etish orqali emas, balki muloqot orqali hal qilish kerakligini ta’kidladi. 

Xitoy raisi Si Szinpin savdo urushlarida g‘oliblar bo‘lmasligini ta’kidlab, Xitoy va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini qayd etdi. U tariflar va texnologik urushlar iqtisodiy tamoyillarga va tarixiy tendensiyalarga zid ekanini aytib, kelishmovchiliklarni boshqarish va barqaror ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun muloqotga chaqirdi. Bundan tashqari, Xitoy ham qarshi boj tariflarini joriy etishi va Jahon savdo tashkilotiga murojaat qilishini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi komissiyasi vakillari ham Donald Trampni keskin tanqid qildi.

«Ochiq bozorlar va xalqaro savdo qoidalariga rioya qilish kuchli va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun zarur. Tariflar keraksiz iqtisodiy buzilishlarni keltirib chiqaradi va inflyatsiyani rag’batlantiradi, barcha tomonlarga zarar yetkazadi. Bu bojlar nohaq va o’zboshimchalik bilan joriy qilingan», dedi Yevropa Ittifoqi rasmiysi.

Iqtisodchilarning fikri qanday?

Iqtisodchilar ushbu bojlar xalqaro savdo munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va AQSh iste’molchilari uchun narxlarning oshishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda. AQSh Savdo palatasi bu qarorni «misli ko‘rilmagan» deb atab, u amerikalik oilalar uchun narxlarni oshirishi va ta’minot zanjirlarini buzishi mumkinligini bildirdi. 

EY bosh iqtisodchisi Greg Dako ushbu bojlar AQSh iqtisodiy o‘sishini 1,5 foizga pasaytirishi, Kanada va Meksikani retsessiyaga olib kelishi va AQShda yuqori inflyatsiya, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va ishsizlikning oshishiga sabab bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Buning bozorga ta’siri qanday?

Trampning ushbu bojlarni joriy etishi moliyaviy bozorlarda ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Investorlar xavfsiz aktivlarga, masalan, AQSh dollari, Yaponiya iyenasi va oltin kabi aktivlarga murojaat qilishdi, aksiyalar esa pasayishni boshdan kechirdi. Ushbu bojlar korporativ daromadlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi mumkinligi sababli, investorlar inflyatsiya va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi haqida xavotir bildirmoqda. 

The Economistning qayd qilishicha, AQSH prezidenti Trampning yangi bojxona to‘lovlari sabab Meksika pesosi va Kanada dollari keskin quladi.

Trampning yangi bojlar joriy etishi xalqaro savdo munosabatlarida yangi tarangliklarni keltirib chiqardi. Ushbu choralar AQShning asosiy savdo hamkorlari bilan munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatishini va global iqtisodiyotga qanday ta’sir etishini vaqt ko‘rsatadi. Hozircha esa bu qarorlar xalqaro savdo siyosatida yangi muhokamalarga sabab bo‘lishi aniq.

Back To Top