Odatda davlatlar turli sohalarni rivojlantirish yoki barqarorlikni saqlash uchun qarz olishlariga to’g’ri keladi. Biroq ularga buni kim beradi?

Biznesreport.uz sizga qarzlar qayerdan olinishi haqida tushuntiradi.
Davlat qarzlari 2 xil bo’ladi: mahalliy va tashqi manbalar orqali.
Ichki qarzlar:
Davlat obligatsiyalari va qimmatli qog’ozlar
Bunda hukumat oʻz fuqarolari va mahalliy tashkilotlardan qarz oladi. Misol uchun, davlat tomonidan obligatsiyalar yoki qimmatli qogʻozlar chiqariladi. Bu qarzning ichki manbasi hisoblanadi.
Markaziy banklar
Baʼzida hukumat markaziy banklardan qarz oladi. Bu qarz jarayoni odatda markaziy bank davlat obligatsiyalarini sotib olishi orqali amalga oshiriladi. Bunday holatda, markaziy bank davlatga toʻgʻridan-toʻgʻri qarz beradi. Ammo bu jarayon inflyatsiya xavfi va moliyaviy intizomni buzish xavfi tufayli odatda kamdan-kam amalga oshiriladi.
Tashqi qarzlar:
Xalqaro moliyaviy tashkilotlar
Masalan, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (IMF), Jahon banki yoki Osiyo Taraqqiyot Banki. Bu tashkilotlar davlatlarga past foiz stavkalari bilan qarz berishadi.
Chet el obligatsiyalari
Davlat xalqaro investorlar uchun obligatsiyalar chiqarib, ularni sotish orqali qarz oladi. Ayrim hollarda bir davlat boshqa davlatdan bevosita qarz oladi. Masalan, Yaponiya, Xitoy va AQSh davlat obligatsiyalarining katta qismini oʻzida saqlaydi. Ammo davlatdan-davlatga toʻgʻridan-toʻgʻri qarz berish institutlarlararo qarz olishdan koʻra kamroq uchraydi.
Xususiy sektorlar:
Davlat xususiy banklar yoki boshqa moliyaviy institutlardan qarz olishi mumkin. Bu turdagi qarz odatda qisqa muddatli va yuqori foizli bo‘ladi.
Ikki yoki ko’p tomonlama bitimlar:
Ayrim hollarda davlatlar o‘zaro moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun qarz berishadi yoki moliyalashtirish loyihalariga hissa qo‘shishadi.
Davlat qarz olish jarayonida odatda qarz olish shartlari, foiz stavkalari, muddat va qaytarish imkoniyatlarini diqqat bilan o‘rganadi. Haddan tashqari qarz yig‘ish esa davlat uchun iqtisodiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Eslatib o’tamiz, avvalroq O’zbekistonning tashqi qarzi $60 mlrddan oshgani haqda xabar bergan edik.