Janubiy Koreyaning davlat taraqqiyot banki xorijiy tarmog’ini qayta ko’rib chiqmoqda. Mamlakatdagi eng daromadli xorijiy banklardan biri sotuvga qo’yilishi ehtimoli bor.

Koreya taraqqiyot banki (Korea Development Bank, KDB) xalqaro tarmog’ini qayta tuzish rejasini ko’rib chiqmoqda. «Пик Скартариса» Telegram kanali xabariga ko’ra, 25 ta davlatda faoliyat yuritadigan bank ayrim yo’nalishlarni yopishi (masalan, BAA), ayrimlarini kengaytirishi (masalan, Avstraliya), ba’zilarini esa sotishi mumkin. Sotilishi mumkin bo’lganlar ro’yxatida O’zbekiston ham bor.
Daewoo’dan qolgan meros
KDB O’zbekistonga 1997 yilda kirib kelgan, ammo to’laqonli bank sifatida 2006 yildan, Uz Daewoo Bank’ni sotib olgach ishlay boshlagan. Keyinroq KDB Royal Bank of Scotland guruhining O’zbekistondagi bo’linmasi RBS Uz’ning 82,35 foiz ulushini sotib olish bo’yicha kelishuvni yakunladi. Bank o’shanda bu birlashuv uni O’zbekistonda 17-o’rindan 7-o’ringa olib chiqishi va mamlakatdagi eng yirik xorijiy bankka aylantirishini ma’lum qilgan edi. Bugun bankning asosiy aksiyadori 86,32 foiz ulush bilan Koreya taraqqiyot banki hisoblanadi. KDB snaps up stake in RBS’ Uzbekistan unit +2
Kichik, ammo juda samarali
Yigirma yil davomida KDB Bank Uzbekistan mamlakatdagi eng «toza» korporativ bank modeliga aylandi: jismoniy shaxs mijozlari deyarli yo’q, asosiy mijozlar O’zbekiston bilan ishlaydigan kompaniyalar, ularning aksariyati xorijiy. Bu model o’zini oqlagan: bank sof foyda bo’yicha mamlakatning top-10 taligiga kiradi, kapital rentabelligi (ROE) esa qariyb 34 foizni tashkil etadi.
Muammo O’zbekistondagi biznesda emas, balki masshtabda. KDB’ning umumiy aktivlari 231 milliard dollardan oshadi va O’zbekistondagi bank uning umumiy biznesining atigi 0,5 foizini tashkil qiladi. Global qayta tuzilish boshlanganda aynan shunday kichik bozorlar birinchi navbatda ko’rib chiqiladi.
Kimga sotilishi mumkin?
Bunga koreys banklarining O’zbekistonga qiziqishi ortgani ham ta’sir qilmoqda. Kanal ma’lumotiga ko’ra, KDB biznesni Shinhan yoki Hana kabi koreys banklaridan biriga sotish variantini ko’rib chiqmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, Shinhan Bank O’zbekistonda filial ochish bo’yicha ichki qarorni tasdiqlagan va 2026 yilning birinchi yarmida mamlakat moliya organlariga ariza topshirishni rejalashtirgan. Manbaga ko’ra, uning O’zbekistondagi bo’linmasi 2027 yildayoq to’laqonli ishlay boshlashi mumkin.
Tayyor, foydali va xorijiy korporativ mijozlar bazasiga ega bankni sotib olish bozorga noldan kirishdan tezroq yo’l bo’lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan KDB aktivi koreys raqobatchilari uchun jozibali ko’rinadi.
Qaror hali qabul qilinmagan
Shuni alohida ta’kidlash kerak: KDB rahbariyati ichida O’zbekistondan chiqishga qarshi bo’lganlar ham bor. Hozircha hech qanday yakuniy qaror yo’q va u qanday bo’lishi noma’lum.
Biznesreport xulosasi
Bu holat O’zbekiston bozoridagi xorijiy investorlar oldida turgan umumiy dilemmani yaxshi ko’rsatadi. Bir tomondan, yaqin atrofda kapital va imkoniyatlar ko’proq bo’lgan bozorlar bor va ular bosh ofislar uchun ustuvorroq ko’rinishi mumkin. Boshqa tomondan, O’zbekiston iqtisodiyoti tez o’smoqda va bugun «kichik ulush» deb hisoblangan bozor bir necha yildan keyin ancha jiddiyroq ahamiyat kasb etishi mumkin.
KDB qanday qaror qabul qilmasin, bitta narsa aniq: koreys moliya kapitalining O’zbekistonga qiziqishi pasaymayapti, faqat uning egasi almashishi mumkin.
