Raqamlar olami va inson qobiliyatining mukammal sinergiyasi  

Bugungi zamonaviy biznes dunyosida raqamlar oddiy ma’lumotlar yig‘indisi bo‘lib qolmasdan, strategik qarorlar qabul qilishning negiziga aylangan. Umidjon Saidxo‘jayev esa ushbu sohada o‘zining innovatsion yondashuvlari, texnologik bilimlari va yetakchilik qobiliyatlari bilan yangi davrni boshlab berdi. Uning biznes analitikasi, biznes tahlil platformasi (Business Intelligence dashboards), hamda sun’iy itellektni ma’lumotdan o’rganish texnologiyasi (Machine Learning) sohasidagi faoliyati xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.

Asakabank: moliyaviy texnologiyalarda yetakchilik

Umidjonning Asakabankdagi faoliyati, ayniqsa, xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (IFRS 9)ni joriy qilish jarayonida alohida ajralib turadi. U Machine learning va biznes analitikasi yordamida murakkab moliyaviy jarayonlarni avtomatlashtiruvchi va optimallashtiruvchi tizimlarni yaratishda yetakchi rol o’ynadi. Uning boshqaruvi ostida joriy qilingan tizim nafaqat hisobot tayyorlash jarayonlarini soddalashtirdi, balki real vaqt rejimida moliyaviy xavf-xatarlarni prognoz qilish imkonini ham berdi. 

“Ushbu loyiha orqali biz nafaqat jarayonlarni soddalashtirdik, balki raqamli transformatsiyani tezlashtirdik. Bu strategik qarorlar qabul qilishda butunlay yangi yondashuvni joriy etdi,” deydi Umidjonning hamkasblaridan biri, O’zbekistonda bank sohasidagi yetakchi ekspert.  

Qahramonimiz bank uchun ishlab chiqqan biznes tahlil platformasi moliyaviy ma’lumotlarni operatsion ko‘rsatkichlar bilan integratsiya qilib, natijada strategik rejalashtirish uchun aniq va ishonchli vositani taqdim etdi.  

Navoiy Kon-Metallurgiya Kombinati: IPOga tayyorgarlikda yangicha yondashuv

Umidjonning tajribasi bank sektori bilan cheklanib qolmadi. Navoiy Kon-Metallurgiya Kombinatida (NKMK) u IPOga tayyorgarlik jarayonida moliyaviy ko‘rsatkichlarni aniqlash va xalqaro standartlarga moslashtirish uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqdi. U tomonidan yaratib berilgan Business Intelligence panellari xalqaro investorlar uchun moliyaviy shaffoflikni ta’minladi va korxona faoliyatining samaradorligini sezilarli darajada oshirdi.  

“NKMKni xalqaro bozorga olib chiqish jarayonida texnologiyalar va biznes analitikasi muhim o‘rin egalladi. Bu jarayon nafaqat investorlar ishonchini qozondi, balki korxonaning ichki jarayonlarining samaradorligini oshirdi,” deya eslaydi Umidjon.  

Tarmoqlararo innovatsion yondashuv

Umidjon Saidxo‘jayevning biznes analitikasi va Business Intelligence sohasidagi innovatsion metodologiyalari nafaqat moliyaviy sektor, balki mamlakatdagi boshqa   industriyalarda ham faol qo‘llanilmoqda. U ishlab chiqqan yechimlar ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash va transport kabi sohalarda samarali natijalar ko‘rsatib, korxonalarni ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishga undamoqda. Misol uchun, u joriy qilgan tahliliy panellardan birini qo‘llagan ishlab chiqarish korxonalari jarayonlarning samaradorligini oshirish bilan birga, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirishga ham erishdi. Umidjonning yondashuvi har bir soha ehtiyojlarini inobatga olgan holda moslashtirilgan bo‘lib, tashkilotlarning raqamli transformatsiya va innovatsiyalarni joriy qilishiga sezilarli turtki bermoqda. “Har bir industriya o‘ziga xos, lekin to‘g‘ri yondashuv orqali barcha sohalarda ma’lumotlar kuchidan unumli foydalanish mumkin,” deydi Umidjon.

Lexay universitetida akademik mukammallik  

2022-yili yozda, Umidjon o‘zining bilimini yanada chuqurlashtirish maqsadida AQShning Lexay universitetida Biznes analitikasi yo‘nalishida MBA (biznesni boshqarish bo’yicha magistratura) dasturini boshlaydi. U universitetdan 45 000 AQSh dollar miqdorida grant yutib olib, o‘z intellektual qobiliyatini yana bir bor namoyon qildi.  

“Lexay universitetida men orttirgan tajribalarimni nazariy jihatdan mustahkamlashni va yangi texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishni maqsad qilganman,” deydi Umidjon.  

Kelajakni oldindan his qilish

Bugungi kunda Umidjon Saidxo‘jayev raqamli transformatsiya va strategik qarorlarni qabul qilish uchun zarur bo‘lgan texnologiyalarni ishlab chiqishda davom etmoqda. U yaratgan tizimlar nafaqat tashkilotlarning bugungi ehtiyojlariga javob bermoqda, balki ularning kelajakdagi o‘sish strategiyalarini belgilashda muhim rol o’ynamoqda.  

“Ma’lumotlar ustidan to‘g‘ri nazorat qilish va ularni strategik yondashuvga aylantirish muvaffaqiyat kalitidir,” deydi Umidjon.  

Umidjon Saidxo‘jayevning faoliyati nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosda texnologik innovatsiyalar va biznes tahlil rivojlanishining yorqin namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muhammaddiyor Tursunov suhbatlashdi

Back To Top