O‘zbekistonda 1-iyundan nimalar o‘zgaradi?

Iyun oyidan qonunchilikda o’zgaradigan muhim jarayonlarni «Biznesreport» nashri bir yerga umumiylashtirdi.

O‘zbekiston fuqarolari Xitoyga vizasiz kirishlari mumkin bo‘ladi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida imzolangan hukumatlararo bitimning kuchga kirishi bo‘yicha ichki protseduralar tugallandi. Hujjat 1-iyundan kuchga kiradi.

Hujjat bilan ikki davlat fuqarolari mamlakatga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.

Bir nechta mamlakat fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirishga ruxsat beriladi

2025-yil 1-iyundan boshlab Bahrayn, Kuvayt va O‘mon fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘ladi. Ular mamlakat hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kun davomida vizasiz qolishlari mumkin.

Kambag’al oilalar 3 xil toifaga ajratiladi

1-iyundan boshlab kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganlarga ijtimoiy imtiyozlar beriladi. 15-maydan boshlab kambag‘al oilalar uch toifaga bo‘linadi: «qizil», «sariq» va «yashil». Har bir toifaga qarab turli yordamlar beriladi. Batafsil

Ayrim oilalarning talaba qizlari uchun alohida stipendiya beriladi

2025-yilning 1-iyunidan «qizil» toifaga kiritilgan oilalarning «a’lo» baholarga o‘qigan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi.

2025-yil 1-iyundan boshlab haydovchilarning yo‘l chiziqlarini bosishi fotoradar yoki videokamera orqali aniqlanib, avtomatik jarima yozilmaydi. Faqatgina “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) bosilgani uchun jarima yozilishi mumkin. Agar boshqa chiziqlar bosilsa, faqat YPX xodimi tomonidan aniqlangandagina jarima belgilanadi.

Yo‘l chiziqlarini bosganlik uchun avtomatik jarima bekor qilinadi

1-iyundan yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini fotoradar yoki videokamera orqali qayd etishga va ularga avtomatik ravishda jarima yozishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq, bundan to‘xtash chizig‘i — “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) mustasno. Qoidabuzarlik yo‘l patrul xizmati xodimi tomonidan aniqlanganda, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, shaharlarda yo‘l ta’miri yoki chiziqlarni chizish ishlari ertalab soat 7:00 dan kechki 21:00 gacha olib borilishi taqiqlanadi.

Jarima ballari joriy etiladi

Avtomobil haydovchilari endi qoidabuzarlik uchun ball yig‘ishadi. Ballar faqat YHXX rasmiy bayonnomalari asosida beriladi. Agar haydovchi 12 oy davomida qoidani buzmasa, keyingi ilk qoidabuzarligi uchun ball yozilmaydi. Yarim yil davomida qoida buzilmasa, 2 ball kamaytiriladi. Ball soni 2 tadan kam bo‘lsa, to‘liq o‘chiriladi. Haydovchilar ballarini maxsus modul, ilova va portal orqali bilib olishadi. Har bir ball haqida SMS yuboriladi. Huquqidan mahrum etilganlar bazasi yaratiladi.

Jarima ballariga oid 10 ta muhim fakt bilan bu yerda tanishing.

Chiqindi bo‘yicha qarzdorlik elektr energiyasiga ta’sir qiladi

8-iyundan chiqindi xizmatlari uchun qarzi borlarga elektr energiyasi uchun to‘lov cheklanadi. Qarzdorlik tugatilgach, cheklov avtomatik bekor qilinadi. SMS orqali ogohlantirish yuboriladi, qarzni to‘lash uchun 5 kun vaqt beriladi.

Oltin viza joriy qilinadi

Xorijiy fuqarolar O‘zbekistonda yashash uchun 5 yilga vizani $250 mingga oladi. Ularning oila a’zolari uchun hujjat narxi $150 ming. Batafsil

Oila va jamoa bilan sayohat kuni joriy etiladi

Har oy ikkinchi haftaning shanba-yakshanba kunlari «Oila va jamoa bilan sayohat» kuni deb belgilanadi. Davlat tashkilotlari xodimlari uchun sayohat rejalari tuziladi. Batafsil

Mehmonxonada MyID orqali pasportsiz ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘ladi

Fuqarolar onlayn bron orqali shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz, faqat MyID orqali mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi. QR yoki yuz orqali identifikatsiya qilish imkoni yaratiladi. 1-sentabrgacha bu tizim axborot almashinuvi bilan ishlashi kerak. Samarqandda “Ipak yo‘lida turizm” ofisi ochiladi. Batafsil

Qurilishda “yashil energiya” majburiy bo‘ladi

Endi yangi bino loyihalarida qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari va issiqlik tizimlarini o‘rnatish shart. Issiq suv va ichki issiqlik tizimlari bilan to‘liq ta’minlanishi kerak. Issiqlik tarmoqlariga ulanish ham majburiy bo‘ladi.

Yangi avtomobillar uchun bojxona tartibi o‘zgaradi

1 yildan oshmagan va 3 yilgacha bo‘lgan yangi avtomobillar uchun alohida boj stavkalari belgilanadi.

Chegarada avtomobillar uchun elektron navbat tizimi joriy etiladi

Birinchi bo‘lib, “Navoiy” bojxona postida avtomobillar navbati elektron tarzda yuritiladi.

Ijtimoiy xizmatlar vaucher orqali qoplab beriladi

“Faol hayotga qadam” dasturi asosida ehtiyojmandlarga uyda parvarish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi parvarish va yordamchi xizmati kabi xizmatlar vaucher orqali qoplab beriladi. Bu tizim “Oila hamkori” platformasi orqali amalga oshiriladi.

Nogironlar uchun ishga qabul qilgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi

I va II guruh nogironlarni ishga olgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha yordam ajratiladi. Bu mablag‘ tarjimon, psixolog va yordamchi xizmatlariga sarflanishi mumkin. Jismoniy shaxslarga ham hamrohlik xizmati ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Harbiylarga ipoteka krediti uchun uy narxining 35% miqdorida boshlang‘ich to‘lov ajratiladi

Ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, 10 yildan ortiq xizmat o‘tagan harbiylarga uy sotib olish yoki qurish uchun ipoteka kreditiga ajratiladigan boshlang‘ich to‘lov uy-joy qiymatining 35%i miqdorida ajratiladi.

Back To Top