Har oy ortib qoladigan pulingizni qayerga sarflash kerak?

Pulni sarflash uchun biror nima o‘ylab topish — muammo emas. Hatto ko‘pchilik bu haqda o‘ylab ham o‘tirmaydi. Chunki pul, xalq orasida aytilgandek, “qo‘lning kiri” — keladi, ketadi. Ammo muammo pulda emas, uni boshqarishdagi yondashuvda. Ko‘pchilik hali ham “oylikdan oylikkacha” yashash tarziga o‘rganib qolgan.

Bu holatni faqat maoshning katta yoki kichikligi bilan izohlash noto‘g‘ri. Chunki ba’zilar katta miqdordagi daromadga ega bo‘lsa-da, oyni boshlashiga ham yetmasdan hamma pulini sarflab yuboradi va yana navbatdagi ish haqi kunini kutadi.

Aslida, “ro‘zg‘or — g‘or, yotib yeganga tog‘ chidamas” degan maqol bekorga aytilmagan. Pul topish emas, uni to‘g‘ri ishlatish — asosiy masala. Bu borada dunyoning eng boy insonlaridan biri Jon Rokfeller aytgan so‘zlar o‘rinli: “Pul topish — bu ikkinchi masala. Muhimi — uni qanday sarflashni bilishdir.”

Mutaхassislarning aytishicha, har bir odamning har ehtimolga qarshi saqlab qoʻyadigan “moliyaviy yostiqchasi” bo’lishi kerak. Moliyaviy yostiqcha haqidagi maqolani bu yerda o’qing.

Agar siz “Qora kunlar”ga oz-moz pul jamgʻarib qoʻygan boʻlsangiz, kreditlaringiz, qarzingiz yoʻq, uy-joyingiz, mashina va boshqa zarur buyumlaringiz bor bo’lsa ikkilanmasdan investitsiyalar haqida oʻylab koʻrsa boʻladi.

Investitsiya nima?

Investitsiya — bu mablag‘larni turli aktivlarga yo‘naltirish orqali ularni ko‘paytirish jarayoni. Oddiy qilib aytganda, bugun pulingizni ishga solib, kelajakda undan ko‘proq daromad olishga harakat qilasiz.

Bu inflyatsiyadan himoyalanish va maqsadlaringizga erishishning samarali usuli. Ushbu maqsadlar orasida uy sotib olish, passiv daromad manbai yaratish yoki kelajak uchun jamg‘arma qilish bo‘lishi mumkin.

Investitsiyalar turlari:

  1. Moliyaviy investitsiyalar — aksiyalar, obligatsiyalar, depozitlar.
  2. Real investitsiyalar — mulk va uskunalarga mablag‘ kiritish.
  3. Intellektual investitsiyalar — ta’lim yoki malaka oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar.
  4. Asosiy kapitalga investitsiyalar — biznesni modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, yirik qurilish loyihalariga mablag‘ kiritish.

Nimadan boshlash kerak?

Investitsiyalar dastlab murakkab tuyulishi mumkin, lekin asosiy tamoyillarni tushunib olsangiz, barchasi ancha osonlashadi. Quyidagi oddiy qadamlarni bajaring:

  1. Maqsadlaringizni aniqlang: nima uchun investitsiya qilmoqchisiz — pensiya jamg‘armasi uchunmi, uy sotib olish uchunmi yoki passiv daromad yaratish uchunmi?
  2. Xatarlarni baholang. Dastlab katta miqdorda mablag‘ kiritmang. Daromadingizning 10–20 foizini investitsiya qilishdan boshlang.
  3. Bozorni o‘rganing. Qaysi aktivlar sizga mos kelishini aniqlang. Masalan, aksiyalar yuqori daromad keltirishi mumkin, biroq ularning narxi keskin o‘zgarib turadi. Obligatsiyalar esa kamroq daromad keltiradi, lekin xavfsizroq hisoblanadi.
  4. Investitsiya hisobini oching. Bu bank yoki broker orqali amalga oshirilishi mumkin.
  5. Portfelingizni diversifikatsiya qiling. Barcha tuxumlarni bitta savatga solmang. Turli aktivlarga investitsiya qiling, shunda xatarlar kamayadi.

Aksiyalar, obligatsiyalar yoki mulk — qaysi birini tanlash kerak?

Qaysi investitsiya turini tanlash maqsadlaringiz va xavfga nisbatan munosabatingizga bog‘liq. Eng mashhur variantlarni ko‘rib chiqamiz:

  1. Aksiyalar. Ular kompaniyaning o‘sishidan daromad olish imkonini beradi. Masalan, 2010-yilda Apple aksiyalari $30 atrofida bo‘lgan, bugungi kunda esa $240 dan oshgan. Lekin aksiyalar narxi tushib ketishi ham mumkin, shuning uchun turli kompaniyalarga investitsiya qilish tavsiya etiladi.
  2. Obligatsiyalar. Bu qarz berishga o‘xshaydi — siz davlat yoki kompaniyalarga mablag‘ berasiz va ular sizga foizlari bilan qaytaradi. Obligatsiyalar daromadi aksiyalarga qaraganda pastroq, lekin xavfi ham kamroq.
  3. Fondlar (ETF, PIF). Bular oldindan shakllantirilgan aktivlar to‘plamlaridir. Masalan, IT-kompaniyalar fondi tarkibida Google, Amazon va Microsoft aksiyalari bo‘lishi mumkin. Bunday investitsiyalar xatarlarni kamaytirishga yordam beradi.
  4. Mulk. Kvartirani ijaraga berish yoki bir necha yildan keyin qimmatroqqa sotish orqali foyda olish mumkin. Biroq, soliqlar va xizmat ko‘rsatish xarajatlarini ham hisobga olish kerak.
  5. Asosiy kapitalga investitsiyalar. Qurilish yoki yangi ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish kabi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash.

Biznesreport.uz avvalroq oltinga sarmoya kiritish va uning foydalari haqida yozgan edi.

Investitsiyalar haqida hech narsa bilmasangiz, nima qilish kerak?

Agar siz endi investitsiyalarni o‘rganayotgan bo‘lsangiz, quyidagi qadamlarni bajaring:

  • Asosiy terminlarni o‘rganing. Dividend, daromadlilik, xatar kabi terminlar bilan tanishing.
  • Kichik summadan boshlang. Hatto 100 000–500 000 so‘m investitsiya qilish ham bozor qanday ishlashini tushunishga yordam beradi.
  • Yangiliklarni kuzatib boring. Trendlarni tushunish va investitsiya imkoniyatlarini baholash uchun bozor yangiliklarini o‘rganing.

2025-yilda investitsiya qilish kerakmi?

Har yili yangi investitsiya imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Masalan, 2021-yilda hamma kriptovalyutalar haqida gapirgan bo‘lsa, 2023-yilda sun’iy intellekt trendga aylandi. Eng muhim qoida — “hype” ga ergashmaslik, balki bozorni chuqur o‘rganishdir.

Investitsiyalar — bu bir haftada boyib ketish usuli emas, balki mablag‘laringizni asta-sekin ko‘paytirish imkoniyatidir. Kichik summadan boshlang, moliyaviy vositalarni tushunishga harakat qiling va vaqt o‘tishi bilan investitsiyalaringiz o‘zingiz uchun ishlay boshlaydi.

Back To Top