
2025-yil aprel oyi holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylarga sarmoya kiritish orqali olinadigan daromad keskin kamaydi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tomonidan e’lon qilingan tahliliy hisobotga ko‘ra, poytaxtda umumiy daromadlilik ko‘rsatkichi 6,2 % ni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2024-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 27,8 % bo‘lgan. Bu pasayish bir necha asosiy omillar bilan bog‘liq.
Nima sababdan pasaymoqda?
Eng avvalo, ijara daromadining kamaygani kuzatildi. O‘tgan yilgi 10,9 % daromad bu yil 8,5 % gacha pasaygan. Shu bilan birga, uy-joylarning o‘rtacha narxi ham 2,4 % ga arzonlashgani sababli, umumiy daromadlilikka bosim ortgan.
Mazkur ikki omil – uy narxining tushishi va ijaradan olinadigan foydaning kamayishi – sarmoyadorlar uchun ko‘chmas mulk bozori jozibadorligini sezilarli darajada pasaytirdi.
Tumanlar kesimida holat qanday?
Hisobotda Toshkentning turli tumanlaridagi farqlar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, Shayxontohur tumanida bir xonali kvartiralarning umumiy daromadliligi 2024-yilgi 41,4 % dan bu yil 25 % gacha kamaygan. Yakkasaroy tumanida ikki, uch va to‘rt xonali xonadonlar nisbatan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, mos ravishda 16,2 %, 16,8 % va 15,6 % daromadlilik qayd etilgan.
Eng keskin pasayish Uchtepa tumanida kuzatildi — ikki xonali kvartiralar daromadliligi 27 % dan -2 % gacha tushdi. Bu shuni anglatadiki, ijara daromadi uy narxining tushishini qoplamagan. Mirobod tumanida esa bir xonali kvartiralarning daromadliligi 24,7 % dan 0,4 % gacha pasaygan.
Qaysi xonadonlar eng daromadli?
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bir xonali uylar hali ham eng daromadli segment hisoblanadi — o‘rtacha daromadlilik 8,5 % ni tashkil etadi. To‘rt xonali uylar esa eng kam daromad keltiruvchi bo‘lib, bu ko‘rsatkich atigi 3,3 % bo‘lgan.
Ko‘chmas mulkmi yoki depozit?
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, hozirgi paytda uy-joy investitsiyalaridan olinadigan daromad xorijiy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavkalarga yaqinlashgan. Ayni paytda dollardagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkasi 5,1 %, so‘mdagi omonatlar esa 22 % ni tashkil etmoqda. Bu esa ko‘chmas mulk investitsiyasining raqobatbardoshligini pasaytirayotganini ko‘rsatadi.
Toshkentda ko‘p qavatli uy-joylarga sarmoya kiritish ilgari foydali investitsiya yo‘li bo‘lsa, hozirgi iqtisodiy sharoitda bu yo‘nalish sezilarli darajada xavfli va kam daromadli bo‘lib qolmoqda. Bu holat, albatta, uy-joy bozori ishtirokchilari va sarmoyadorlar uchun yangicha strategiyalar ishlab chiqishni taqozo etadi.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Toshkentda ijarada yashash yoki uy sotib olish arzonga tushish haqida ma’lumot bergan edik.