Markaziy bank: Xorijdan pul o‘tkazmalari 32%ga oshdi

Markaziy bankning pul-kredit siyosati sharhida keltirilishicha, 2025-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi $3,3 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32% ga ko‘p.

2024-yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich $2,5 mlrd bo‘lgan edi.

Yanvar va mart oylarida har biri bo‘yicha $1 mlrd atrofida o‘tkazma amalga oshirilgan bo‘lsa, eng yuqori ko‘rsatkich mart oyida kuzatildi — $1,2 mlrd.

Markaziy bank ushbu o‘sishni bir nechta omillar bilan izohlaydi:

  • Xorijdagi asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi;
  • Yuqori ish haqi to‘lanadigan mamlakatlarga mehnat migrantlari oqimining ortishi;
  • Bu davlatlarda ishchi kuchiga bo‘lgan talabning oshishi.

So‘nggi vaqtlarda pul o‘tkazmalari aholi daromadlariga ta’sir etuvchi muhim omillardan biriga aylangan. Shu sababli Markaziy bank bu boradagi o‘sish prognozini yangiladi: ilgari 10−12% deb baholangan o‘sish endi 15−18% atrofida bo‘lishi mumkin.

Biroq, valyuta kurslaridagi ehtimoliy keskin o‘zgarishlar va iqtisodiy o‘sish bo‘yicha kutilayotgan pasayish tufayli, kelgusida pul o‘tkazmalari hajmidagi o‘sish sur’atlari bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2024-yil noyabrida e’lon qilgan prognozida 2025-yilda xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 9−11% ga oshib, $16,1 mlrdga yetishini kutgandi. 2026-yilda bu ko‘rsatkich $17,6 mlrd (9−12%), 2027-yilda esa $19,9 mlrd (10−15%)ga yetishi mumkin.

2024-yilda esa xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $14,8 mlrdni tashkil etgan bo‘lib, bu 2023-yilga nisbatan 30% ga yoki $3,4 mlrdga ko‘p. Ushbu mablag‘ning katta qismi — 77% yoki $11,5 mlrd — Rossiyadan yuborilgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston ($795 mln) va AQSh ($577 mln) turadi.

Back To Top