Yil yakunigacha firibgarlarning soxta qo‘ng‘iroqlarini cheklash tizimi ishga tushadi

Prezident qarori bilan axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish kuchaytiriladi. Endi bu borada aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga boshqa idoralar bilan birga yil oxirigacha «Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish» haqida qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Ushbu qonunda davlat tashkilotlari, banklar va to‘lov tizimlarining bunday jinoyatlarga qarshi kurashdagi vazifalari aniq belgilanadi.

Axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilmaganlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Ya’ni, zarar yetmagan bo‘lsa ham, javobgarlikka tortish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, tergov organlari banklardan ma’lumot so‘raganda, bu so‘rovlar bo‘yicha javob berish muddati va tartibi soddalashtiriladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yil oxirigacha telefon orqali odamlarni aldashga (soxta qo‘ng‘iroqlarga) qarshi maxsus tizimni to‘liq ishga tushirishi kerak.

Markaziy bank kiberjinoyatlarda ishlatilgan bank hisob raqami, karta yoki elektron hamyonlarini bergan shaxslar (ya’ni «drop»lar) bo‘yicha ro‘yxat yuritadi.

Shuningdek, 1-sentabrgacha Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Markaziy bank o‘rtasida elektron ma’lumot almashish tizimi ishga tushadi. Bu tizim orqali jinoyatlarga tezkor javob berish va murojaatlarni ko‘rib chiqish osonlashadi.

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining «Kompyuter jinoyatlari to‘g‘risida»gi Budapesht konvensiyasiga qo‘shilishni ham ko‘rib chiqmoqda. Tashqi ishlar vazirligi bu masalani boshqa tashkilotlar bilan birga o‘rganadi va taklif beradi.

Bundan tashqari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi qoshidagi Raqamli kriminalistika institutida raqamli jinoyatlarga qarshi kurashish va tergovga yordam beruvchi maxsus markaz tashkil etiladi.

O‘tgan haftada esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bank kartalari orqali noqonuniy to‘lovlar amalga oshirilsa, karta yoki ilovadan foydalanishni 3 kungacha vaqtincha cheklash mumkin bo‘lgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Back To Top